348

Akademiyada respublika esselar tanlovining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Yangi O‘zbekistonni o‘zimiz, o‘z qo‘limiz bilan bunyod etamiz” shiori ostidagi respublika esselar tanlovining “Yangi O‘zbekiston — yangi maqsadlar” mavzusidagi Akademiya bosqichi o‘tkazildi.

Ma’lumki, yoshlarni vatanparvarlik, fuqarolik tuygʻusi, bagʻrikenglik, qonunlar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, zararli oqimlarga qarshi tura oladigan, hayotga boʻlgan qatʼiy ishonch va qarashlar, buyuk maqsadlarga ega shaxslar sifatida tarbiyalash, Uchinchi Renessans poydevorini qurishda yoshlarning faol ishtiroki va daxldorlik fazilatlarini shakllantirish maqsadida Oliy taʼlim muassasalarining bakalavr taʼlim yoʻnalishi talabalari oʻrtasida esselar tanlovi tashkil etildi.

“Yangi O‘zbekistonni o‘zimiz, o‘z qo‘limiz bilan bunyod etamiz!” shiori ostida joriy yilning 28-apreldan 6-mayigacha Akademiyada o‘tkazilgan respublika esselar tanlovining fakultetlararo bosqichida jami ishtirok etgan 141 nafar talabadan 12 nafari Akademiya bosqichiga yetib kelgandi.

Shu bois, kuni kecha O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida o‘tkazilgan ikkinchi Akademiya bosqichi g‘oliblarini aniqlashda fakultetlararo sinovida g‘olib bo‘lgan jami 12 nafar talabalar ishtirok etdi.

Akademiya bosqichi ishchi guruhi tomonidan ishtirokchilar ishlarini tekshirish natijasida 4 nafar g‘olib aniqlanib, 1-o‘rin Rajapboyeva Dildora Rustamovna – Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti 2-kurs talabasi hamda Usmonho‘jayeva E’zozahon Hamidhon qizi — Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti 2-kurs talabasi, 2-o‘rin Omonova Matluba Xusan qizi – Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti 2-kurs talabasi, 3-o‘rin Mahamadaminova Zahrohon Hadiyatullo qizi — Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti 2-kurs talabalari keyingi hududiy bosqichga tavsiya etildi.

Navbatdagi hududiy bosqich esa Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Unda ham yuqorida nomlari tilga olingan Akademiyaning 4 nafar talabasi qatnashdi. Yakuniy xulosa natijalari tez kunlarda e’lon qilinadi.

Yozilgan esselar quyidagi mezonlar asosida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining hududiy kengashlarida tuzilgan tashkiliy guruh tomonidan holisona baholandi:

- mavzuning to‘laqonli ochib berilganligi;

- tarix, bugun va kelajak haqidagi tasavvur kengligi;

- mavzuga oid mavjud muammolar va ularning yechimi bo‘yicha takliflar;

- imloviy savodxonligi, so‘z boyligi va uslubiy mahorat;

- amalga oshirilayotgan islohotlarga nisbatan shaxsiy munosabatning va ular bo‘yicha xulosaviy fikrlarning mavjudligi hamda ularni ifoda etish mahorati.

Eslatib o‘tamiz, respublika bosqichida tanlovning hududiy bosqichi natijalariga ko‘ra 1-,2-,3-o‘rinlarni egallagan talaba-yoshlar oʻrtasida “Yangi Oʻzbekistonni oʻzimiz, oʻz qoʻlimiz bilan bunyod etamiz!” mavzusida esse yoziladi.

Tanlovning respublika bosqichi ishtirokchilarining barchasiga notebook hamda 1-o‘rin sohibi 30 mln, 2-o‘rin sohibi 20 mln. 3-o‘rin sohibi 10 mln so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari bilan taqdirlanadi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish