451

Ta’limga e’tibor – kelajakka e’tibor


MUNOSABAT

O‘tgan yil yakunida Xalqaro kongress markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi bo‘lib o‘tdi. 2017-yildan buyon an’anaga aylangan ushbu tadbirda tugab borayotgan yilda amalga oshirilgan ishlar, asosiy ko‘rsatkichlar sarhisob qilindi. Shu bilan bir qatorda, yangi yilga mo‘ljallangan maqsad va vazifalar, rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi. “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturi doirasida bajarilgan ishlar, insoniyat uchun global ofat deb baholangan koronavirus pandemiyasi, Buxoro va Sardobada yuz bergan tabiiy va texnogen ofatlarni mardonavor yengib o‘tishda xalqimizning hamjihatligi, fidokorona mehnati, jamiyat va davlat tashkilotlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari muhim o‘rin tutgani alohida ta’kidlandi.

Murojaatnomada kirib kelayotgan 2021-yilga “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb nom berilishi yurtimizda yoshlar hamda aholi salomatligiga qaratilayotgan yuksak e’tiborni belgilab beradi. Davlatimiz rahbari yangi yilda mamlakatimizni yanada rivojlantirishga qaratilgan eng muhim yo‘nalishlar haqida to‘xtalib o‘tar ekan oldimizda turgan bir qator vazifalarga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.

Jumladan, Murojaatnomada jamiyatda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash, “jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi ostida islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini targ‘ib qilish, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy kabi islom sivilizatsiyasi rivojiga bebaho hissa qo‘shgan allomalarimizning hayoti va ilmiy merosini tadqiq etish, to‘g‘ri yo‘ldan adashib, turli buzg‘unchi oqimlar ta’siriga tushib qolgan shaxslarni sog‘lom ijtimoiy hayotga qaytarish yuzasidan bildirilgan takliflar yurtimizda diniy sohada olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish hamda mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarish uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.

Ta’kidlash lozimki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi kabi muassasalar faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi xalqaro jamoatchilikning yuksak e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Jumladan, Al-Azhar Islom tadqiqotlari akademiyasi Bosh kotibi Nazir Ayyad Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi haqida so‘z yuritib, ushbu markaz butun dunyoga moturidiylik ta’limotiga xos bo‘lgan moʻtadillikni targ‘ib qilishda o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lishiga ishonishini ta’kidlab o‘tdi. Bularning barchasi Prezidentimizning ilm-fan, xususan, olimu-fuzalolarga ko‘rsatayotgan alohida e’tibori va g‘amxo‘rligining yorqin ifodasidir.

So‘zimizning tasdig‘i sifatida Murojaatnomada eng ko‘p qo‘llanilgan so‘zlardan biri “ta’lim” ekani, shu bilan bir qatorda, 2021-yilda ta’lim sohasida salmoqli ishlar amalga oshirilishi, xususan, ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish uchun byudjetdan qo‘shimcha 240 milliard so‘m ajratilishi rejalashtirilganini alohida qayd etib o‘tish lozim. Bu esa ilmiy-tadqiqot sohasi xodimlari oldiga o‘z ishiga ulkan mas’uliyat bilan yondashish, Uchinchi Renessans sari dadil qadam qo‘yayotgan yangi O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi yutuqlariga munosib hissa qo‘shish kabi bir qator muhim vazifalarni qo‘yadi.

Shuni ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston jahon ilm-fani va sivilizatsiyasi rivojiga bebaho hissa qo‘shgan buyuk allomalar, mutafakkirlar yurti hisoblanadi. Ularning samarali mehnati, ilmiy sohada olib borgan faoliyati natijasi o‘laroq nafaqat Movarounnahr, balki butun Sharq olamida birinchi va ikkinchi renessanslarga asos solingan. Bugun yurtimizda yoshlarning ajdodlarga munosib avlod bo‘lib yetishishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Xususan, Prezident maktablari, jahonning nufuzli oliygohlari filiallari, dunyoviy va diniy ta’lim berishga mo‘ljallangan ko‘plab oliy bilim yurtlari, xalqaro darajadagi ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyat olib bormoqda. Shu nuqtai nazardan yurtimizda yaratilayotgan imkoniyatlar bilan barchamiz Prezidentimiz rahbarligida yurtimizda Uchinchi Renessansga asos solib, yurtimizni dunyoning rivojlangan davlatlari qatoridan munosib joy egallashiga o‘z hissamizni qo‘shishimiz zarur.   

Aziz TAJIYEV,

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot

markazi ilmiy kotibi

Izoh qoldirish