Xorijiy tillarni o‘qitishda innovatsion texnologiyalardan foydalanish metodologiyasining ahamiyati mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi
Bugungi globallashuv davr insoniyatning zamon bilan hamnafas odimlashini talab etadi. Shu boisdan, turli soha mutaxassislari o‘z ona tilini mukammal bilish bilan bir qatorda, bir nechta xorijiy tillarda muloqot qila olishi maqsadga muvofiq.
Xabaringiz bor, 2021-yil 6-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida chet tillarini o‘qitish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. Unda Davlatimiz rahbari “Mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘rgatish bo‘yicha kelajak uchun mustahkam poydevor bo‘ladigan yangi tizimni yo‘lga qo‘yish vaqti-soati keldi. Biz raqobatdosh davlat qurishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ygan ekanmiz, bundan buyon maktab, litsey, kollej va oliy o‘quv yurti bitiruvchilari kamida 2 ta chet tilini mukammal bilishlari shart. Bu qat’iy talab har bir ta’lim muassasasi rahbari faoliyatining asosiy mezoniga aylanishi lozim”, degan ta’kidlari sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
Shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti Chet tillari kafedrasi tomonidan “Xorijiy tillarni o‘qitishda innovatsion texnologiyalardan foydalanish metodologiyasining ahamiyati” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Zamonaviy ta’limida chet tilini o‘qitishning nazariy, metodologik va amaliy masalalarini muhokama etish maqsadida tashkil etilgan anjumanda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Ingliz tili kafedrasi katta o‘qituvchisi Yelena Borisova, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Madaniyatlararo muloqot va turizm kafedrasi katta o‘qituvchisi Nargiza Xodjaqulova, Webster universiteti o‘qituvchisi Umida Abdurahmonova, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti dekani Ilyos Mirziyotov, Chet tillari kafedrasi mudiri Barno Shamsimetova, kafedra professor-o‘qituvchilari, nufuzli oliy ta’lim muassasalar hamda tashkilotlarning vakillari, anjumanga taklif etilgan mehmonlar hamda talabalar ishtirok etdi.
Anjumanni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov kirish so‘zi bilan ochib, barchani ushbu nufuzli anjuman bilan tabrikladi.
Bugungi kunda yurtimizda yoshlar orasida chet tillarini o‘rganishga bo‘lgan e’tibor yuksak darajaga ko‘tarilganini qayd etib, xalqimizda “Til bilgan – el biladi”, deb bejiz aytilmaganini ta’kidladi. Anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladi.
Tadbirni pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Sayyora Chiniyeva olib bordi.
Shundan so‘ng konferensiyada “Xorijiy tillarni o‘qitishda zamonaviy innovatsion yondashuv: milliy va xorijiy tajriba uyg‘unligi”, “Pedagogik mahoratni oshirish yo‘llari va vositalari”, “Skillsup.uz platformasi yordami O.Genri va A.Qahhor hikoyalarini chog‘ishtirib o‘rganishni rivojlantirish”, “Tarjima – beshinchi til ko‘nikmasi sifatida”, “Ta’limda o‘quvchiga yo‘naltirilgan yondashuvni ta’minlash tamoyillari”, “Qo‘shiqlar orqali ingliz tilini o‘rgatishning samarali usullari (onlayn vositalar)”, “Xotira strategiyalari yordamida o‘quvchilarning o‘tkazuvchan ko‘nikmalarini yaxshilash” kabi mavzulardagi ma’ruzalar tinglandi.
Anjumanda so‘zga chiqqan ma’ruzachilar tomonidan sohada mavjud muammolar, ularga yechim topish, ilmiy tadqiqotlar natijalari o‘rtoqlashildi. O‘zaro savol-javob, qizg‘in bahs-munozaralarga boy bo‘lgan anjuman yakunida soha rivojidagi takliflar bildirildi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish