355

Toshkentda “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi boshlandi

Bugun “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi doirasida Toshkentda ko‘p millatli jamiyatda konfessiyalararo muloqotni rivojlantirish sohasida tajriba almashish, diniy erkinlik masalalarida qonun ustuvorligini  taʼminlash, turli din vakillari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hurmatni mustahkamlash bo‘yicha ilg‘or amaliyot bilan tanishish yuzasidan ilmiy-amaliy seminarlarning birinchi kuni boshlandi.

Tadbir O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, AQSH Global jalb qilish instituti, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Samarqand va Buxoro viloyatlari hokimiyatlari  tomonidan tashkil etilgan.

“Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 2018-yil qabul qilingan “Maʼrifat va diniy bag‘rikenglik” Maxsus rezolyutsiyasida mustahkamlangan  tamoyil va qoidalarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi olib borayotgan izchil ishlarning bir qismi bo‘lib, 2020-yilda davlatimiz rahbari tomonidan tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy strategiyasi maqsadlariga erishishga xizmat qiladi.

2019-yil Toshkent shahrida ilk bor o‘tkazilgan “Deklaratsiyalar muloqoti” jahon hamjamiyatiga o‘zbek xalqining boy madaniy-tarixiy va diniy-falsafiy merosi, O‘zbekistonning konfessiyalararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni taʼminlash, jamiyatda do‘stlik va o‘zaro hamjihatlik muhitini saqlab turish bo‘yicha siyosiy-huquqiy tajribasi bilan tanishish imkonini beruvchi muhim maydonchaga aylandi.

Anjuman doirasida turli mamlakatlar dinshunos olimlari, amaliyotchi mutaxassislariga jamiyatda tinchlik va totuvlikni saqlab turishning muhim sharti sifatida dinlar va madaniyatlar o‘rtasida samarali muloqot o‘rnatish sohasidagi eng yaxshi xalqaro amaliyot, ilg‘or xorijiy tajriba namoyish etiladi.

Mazkur xalqaro forum jahon hamjamiyatining eʼtiqod erkinligini taʼminlash va dinlararo muloqotni mustahkamlash yo‘lidagi saʼy-harakatini birlashtirish jarayonining ajralmas qismi bo‘lib, davlatimizning inson huquq va erkinligi bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga qatʼiy sodiqligi, O‘zbekiston 2020-yil ilk bor saylangan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi masʼul aʼzosi sifatida mamlakatimizning ayni yo‘nalishda eʼtirof etilgan umumiy standartlarni xalqaro miqyosda faol targ‘ib etishga tayyorligi ifodasidir.

Forum maydonchasida 2019-yilda bo‘lgani kabi Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika mamlakatlari va AQSH yetakchi din ulamolari, ilohiyotshunoslari, huquqshunoslari, rasmiylari to‘plandi.

Anjuman kun tartibi bir necha bosqichdan iborat. Dasturning birinchi qismiga ko‘ra, 16-17-may kunlari Toshkentda ko‘p millatli jamiyatda konfessiyalararo muloqotni rivojlantirish sohasida tajriba almashish, diniy erkinlik masalasida qonun ustuvorligini taʼminlash, turli din vakillari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hurmatni mustahkamlash bo‘yicha ilg‘or amaliyot bilan tanishish yuzasidan ilmiy-amaliy seminarlar o‘tkaziladi.

18-may kuni Samarqand shahriga tanishuv sayohatini tashkil etish ko‘zda tutilgan ikkinchi qismda xorijiy delegatsiyalar mamlakatimizdagi eng qadimiy shaharlardan birining madaniy merosi bilan tanishadilar, turli konfessiyalar diniy maskanlariga tashrif buyurib, yurtimizning tarixiy poytaxti bo‘lmish Samarqanddagi diniy hamjamiyat vakillari bilan uchrashadilar.

Anjuman 19-may kuni Buxoro shahrida “Deklaratsiyalar muloqoti” mavzusidagi xalqaro konferensiya bilan o‘z ishini yakunlaydi. Tadbirda ilmiy-amaliy seminarlar sarhisob qilinadi, eʼtiqod erkinligi va dinlararo muloqotni taʼminlash masalasi bo‘yicha fikr almashiladi, kelgusi hamkorlik istiqboli belgilanadi.

Xalqaro uchrashuvning yakunida Buxoro deklaratsiyasi qabul qilinadi. Ilgari Marokash, Makka, Jakarta, Potomak va Punto-del-Esteda qabul qilingan deklaratsiyalarni to‘ldiradigan ushbu hujjat O‘zbekistonning diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik g‘oyalarini xalqaro darajada qaror toptirishga qo‘shadigan muhim hissa bo‘ladi.

Anjuman tafsilotlari haqida ma’lumot berib boramiz.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish