392

Ilmiy loyiha doirasida Buxorodagi noislomiy konfessiyalar faoliyati o‘rganildi

Globallashuv natijasida ro‘y berayotgan millatlar, irqlar va dinlararo muloqotning o‘ziga xos ahamiyat kasb etishi kontekstida, dinlarni o‘rganish yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ko‘p millatli hamda ko‘p konfessiyali yurtimizda mustaqillik yillarida din, bag‘rikenglik masalalariga katta e’tibor berilmoqda.

Buning samarasi o‘laroq, yurtimizda dinshunoslik sohasi ham rivojlanmoqda. O‘tgan yillar davomida O‘zbekiston dinshunoslik maktabi bazasi asosida yaratilgan dunyo dinlari tarixiga oid darslik, o‘quv qo‘llanma va boshqa adabiyotlarda buddaviylik, xristianlik, islom kabi jahon dinlari bilan bir qatorda urug‘-qabila dinlari va alohida millatlarga xos milliy dinlar tarixi, ta’limoti, manbalari va marosimlari umumiy tarzda tavsiflangan. Natijada, dunyo dinlariga xos muhim masalalar diqqat-e’tibordan chetda qolgan. Yillar mobaynida dunyo dinlari tarixini o‘rganish va o‘qitish jarayonida orttirilgan muayyan tajriba va zamon talablariga mos yangi avlod adabiyotlari elektron dasturlarini yaratishga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, dinlarning tarkibiy qismlarini tadqiq etish asosida “Dunyo dinlari” elektron dasturini ishlab chiqish dinshunoslik sohasining dolzarb masalalaridan biriga aylandi.

Informatsion-axborot texnologiyalari zamonaviy kishilik jamiyatining ajralmas qismini tashkil qilayotgan bugungi sharoitda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan dunyo dinlari haqidagi ilmiy asoslangan ma’lumotlarni yagona platformada jamlash maqsadida grant loyihasi ishlab chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etildi. Vazirlik bilan hamkorlikda 2021-2023-yillarga mo‘ljallangan “Dinlar tarixi, ta’limoti, manbalari va an’analarini tadqiq etish asosida “Dunyo dinlari” elektron dasturi va mobil ilovasini yaratish” mavzusidagi innovatsion loyiha amalga oshirilmoqda.

Grant doirasida dunyo dinlarining Markaziy Osiyo mintaqasi bilan bog‘liq tarixi va zamonaviy holatini yoritish rejalashtirilganligi sababli respublikamizda faoliyat yuritayotgan noislomiy konfessiyalarni o‘rganish niyatida xizmat safarlari belgilandi. Shu maqsadda Akademiyaning “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi professor-o‘qituvchilari va magistrantlaridan iborat ilmiy jamoa Buxoro viloyatida xizmat safarida bo‘ldi.

Safar davomida Buxoro yahudiylari sinagogasi, sefard yahudiylari sinagogasi, katolik cherkovi, pravoslavlik cherkovlari, presviterian cherkovi, to‘liq injilchi xristianlari cherkovi, bahoiy diniy tashkiloti markaziga tashrif buyurildi. Mazkur diniy tashkilotlar faoliyati tarixi va ijtimoiy hayotda tutgan o‘rni bilan bog‘liq materiallar “Dunyo dinlari” elektron dasturi va mobil ilovasi hamda dinshunoslikning muhim masalalariga bag‘ishlab yaratiladigan dinshunoslik.uz veb-saytidan o‘rin oladi.

Izoh qoldirish