440

Inson qadri ulug‘, xotirasi muqaddasdir

Ayni paytda 9-may – Xotira va qadrlash kuni mamlakatimiz bo‘ylab o‘zgacha ruhda nishonlanmoqda. Bu borada Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 29-aprelda “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi Farmonining imzolanishi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Mazkur hujjatda yurtimizda 9-may umumxalq bayrami – Xotira va qadrlash kunini keng nishonlash, Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan ajdodlarimiz xotirasiga chuqur hurmat bajo keltirib, mehnat frontida jonbozlik ko‘rsatgan faxriylarimizga alohida e’tibor va ehtirom ko‘rsatish, yoshlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qo‘shayotgan faxriylarni e’zozlashga alohida ahamiyat qaratilgan.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Inson qadri ulug‘, xotirasi muqaddasdir!” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Marosimni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov tabrik so‘zi bilan ochib berarkan, o‘tganlarni yodga olish, ajdodlar xotirasiga hurmat bajo keltirish barchamizning insoniylik burchimiz ekanligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng “O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi dotsenti Shoislom Akmalov mazkur bayramning ahamiyati, uning milliy davlatchiligimizda tutgan o‘rni haqida so‘z yuritdi.

Tadbir davomida Akademiya talabalari tomonidan teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlarida Ikkinchi jahon urushining xalqimiz boshiga keltirgan musibatlari, farzandlari, suygan yorlarini urushga jo‘natayotgan onalar, ayollarning ko‘z yoshlari aks etgan sahnalar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Urush, ayriliq, sog‘inch hissi aks etgan she’rlar, qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi. 

Tadbir davomida talaba-yoshlar bugungi tinch-osoyishta, farovon hayot qanchalik bebaho ne’mat ekanligi, uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash muqaddas burchligini yana bir bor his qilishdi.


O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish