445

Zimmamizdagi asosiy vazifa bilim olish

TALABA MINBARI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Murojaatnomasida shu muqaddas zaminda istiqomat qilayotgan har bir yurtdoshimizning taqdiriga daxldor bo‘lgan juda muhim reja va dasturlar aytib o‘tildi. Ayniqsa, Prezidentimizning joriy yilni mamlakatimizda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e’lon qilgani barchani, xususan, biz, yoshlarning ko‘nglimizni tog‘dek yuksaltirdi.

Shu o‘rinda aytib o‘tishimiz kerakki, yurtimizda biz, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, iqtidorimizni ro‘yobga chiqarish yo‘lida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Buni o‘tgan qisqa vaqt ichida ko‘plab sohalarda yoshlar tomonidan qo‘lga kiritilgan mislsiz yutuqlar misolida ham ko‘rsak bo‘ladi. Zimmamizdagi asosiy vazifa bilim olish, dunyodagi tengdoshlarimiz bilan hamkorlik qilishdan iborat. Buni qarangki, kelgusi yilda yurtimizda davlat sherikchilik asosidagi oliy ta’lim muassasalari hamda bir qator xorijiy universitetlar tashkil etiladi. Ushbu xususiy oliy ta’lim muassasalariga davlat buyurtmasi bo‘yicha qabul qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Davlat grantlari yigirma besh foizga oshiriladi. Ehtiyojmand oilalarning qizlari uchun oliy ta’lim muassasalarida grantlar soni ikki baravarga ko‘paytirilib, ikki mingtaga yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda. A’lo bahoga o‘qiyotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qizlari uchun maxsus stipendiyalar tashkil etiladi. Xususiy maktablar faoliyatini rag‘batlantirish uchun byudjetdan subsidiyalar ajratiladi. Yoshlarning iqtidori va salohiyatini to‘g‘ri yo‘naltirishga qaratilgan uzluksiz tizim yaratiladi va kelgusida yurtimizda o‘nta Prezident maktabi, kimyo, biologiya, matematika va axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan bir yuz to‘qson yettita maktab o‘z faoliyatini boshlaydi.

Iqtidorli o‘g‘il-qizlarning yuqori texnologiyalar va zamonaviy bilimlarni chuqur o‘zlashtirishga keng sharoit yaratish hamda raqobatbardosh milliy kadrlarni tayyorlash maqsadida Toshkent shahrida alohida yangi universitet tashkil etiladi. Qolaversa, tadbirkorlikning yo‘lini tutgan yoshlarning biznes loyihalarini kreditlash hamda kasb-hunarga o‘qitish uchun esa bir trillion so‘m va ellik million dollar ajratiladi. Poytaxtimizda zamonaviy kutubxona, Alisher Navoiy xalqaro ijod maktabidan iborat ma’rifat va madaniyat majmuasini barpo etiladi.

Albatta, bu kabi raqamlar kishida ijobiy motivatsiyani uyg‘otishi bilan birga, yangicha kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi. O‘ylaymanki, ushbu imkoniyatlar biz yoshlarning orzulariga o‘ziga xos qanot bag‘ishlaydi. Qolaversa, 2021-yilda “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali nufuzli xorijiy oliygohlarning magistratura va doktoranturasida o‘qishga yuboriladigan yoshlar soni besh barobarga oshirilib, ilk bor bakalavr yo‘nalishi bo‘yicha ikki yuz nafar o‘g‘il-qizlar jo‘natilishi ta’kidlandi. Bu ham yigit-qizlarning xorijiy tillarni, axborot kommunikatsiya texnologiyalarini puxta o‘zlashtirishlariga turtki bo‘ladi.

Muxtasar aytganda, 2021-yil – “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholini salomatligini mustahkamlash yili”da yurtimizda asrlarga tatigulik ishlar amalga oshirilib, ularning barchasi xalqimiz farovonligi, baxt-u iqboli hamda buyuk kelajagi uchun ekanligini har birimiz chuqur anglab olishimiz lozim. Bu imkoniyatlar yoshlarning dunyodagi eng baxtli, eng bilimdon va kuchli insonlar bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qiladi.

Anvar Mustafoyev,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Islomshunoslik” fakulteti 2-bosqich talabasi

Izoh qoldirish