Birdamlik va e’tirofning yangi sahifasi
XALQARO HAMKORLIK
So‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ochiq va pragmatik tashqi siyosati, uzoq va yaqin davlatlar bilan o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash borasidagi tashabbuslari tufayli O‘zbekistonning do‘stlari, xayrixohlari xalqaro maydonda tobora ko‘payib bormoqda. Qo‘shni, yaqin va uzoq mamlakatlar bilan mutlaqo yangi – sog‘lom siyosiy va teng sheriklik asosidagi iqtisodiy aloqalar yo‘lga qo‘yildi. Xalqaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlari, yangi mexanizmlari joriy etilmoqda. Turkiy Davlatlar Tashkiloti ana shunday yangi muloqot maydonlaridan biriga aylanmoqda.
Ta’kidlash joizki, turkiy xalqlar o‘rtasidagi yaqinlik nafaqat mushtarak madaniyat, til, din va o‘xshash qadriyatlar, balki qadimdan savdo aloqalari yo‘lga qo‘yilib, o‘zaro bordikeldi, hamkorlik qilib kelingani bilan ham izohlanadi. Bu rishtalar sobiq ittifoq davrida uzilib qolgan, cheklangan bo‘lsa-da, ammo mustaqillik yillariga kelib qonqardoshlik tuyg‘usi yana eski tarixiy o‘zanini topib, turkiy mamlakatlarda milliy o‘zlikni anglashga e’tibor kuchaydi, ko‘p asrli an’analar, azaliy qadriyatlar tiklandi, o‘zaro aloqalar faollashib, har tomonlama hamkorlik mustahkamlanmoqda.
Joriy yil 1417-aprel kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov boshchiligida mamlakatimiz delegatsiyasining Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar diniy idoralari rahbarlarining I yig‘ilishida ishtirok etgani ham mazkur hamkorlikning ijobiy samarasidir.
“Ayo Sofiya” majmuasiga tashrif
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmatining xabar berishicha, delegatsiyaning Turkiyaga safari samarali kechdi. Tashrif muftiy N.Xoliqnazarov va Turkiy davlatlar diniy idoralari rahbarlari tomonidan Istanbul shahridagi qadimiy “Ayo Sofiya” masjidida juma namozini ado etish bilan boshlandi. Unda Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an ham ishtirok etdi va mehmon bo‘lib turgan Turkiy davlatlarning din peshvolari bilan muloqot qilib, ularni Turkiya zaminida ko‘rib turganidan mamnun ekanini izhor qildi.
Juma namozidan so‘ng Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an va Turkiy davlatlar diniy idoralari rahbarlari ishtirokida “Ayo Sofiya Fotih” madrasasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Rejep Tayyip Erdog‘an madrasa tarixi haqida so‘zlar ekan, unda dars bergan ajdodimiz Ali Qushchi hazratlarining xizmatlarini alohida e’tirof etdi hamda yig‘inda uning merosxo‘rlari – O‘zbekiston vakillari borligiga alohida ahamiyat qaratdi.
– Shonli tariximizni bugungi kunga va kelajak avlodlarga yetkazish, insoniyatga tanitish niyatida juda muhim bir qadam tashladik, – dedi Prezident R.Erdog‘an. – Bugun “Ayo Sofiya Fotih” madrasasi timsolida tarix sahifalaridan o‘chib ketayozgan bir obidamizni qayta tikladik. U 86 yildan so‘ng yana qayta ish boshladi. Qadrli do‘stlar, bu yer Istanbulning fathi sirasida, “Ayo Sofiya”ning bunyod etilishida shaharning birinchi madrasasi sifatida ishga tushirilgan edi. Birinchi mudarrisi Mulla Xusrav bo‘lgan bu dargohda movarounnahrlik Ali Qushchi ham tolibi ilmlarga dars bergan.
So‘ng Prezident va Turkiy davlatlarning din peshvolari madrasaning ramziy lentasini qirqib berishdi. Marosimda ishtirokchilar madrasa binosi va faoliyati bilan tanishdi. Madrasa ikki qavatli bo‘lib, 34 ta xona, 7 ta amaliyot va ilmiy markazlar hamda 30 ta bo‘limdan iborat.
Diniy-ma’rifiy islohotlar bayoni va muhim takliflar
Shu kunning ikkinchi yarmida “Umumjahon pandemiyasi, iqtisodiy inqiroz va raqamli dunyoda Turkiy-Islom olamining ertasi va diniy tashkilotlar” mavzusida Turkiy davlatlar diniy idoralari rahbarlarining I yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim, Turkiy davlatlar tashkiloti direktori Bag‘dod Amreev hamda Turkiya, O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston muftiylari va Qirg‘iziston Din ishlari bo‘yicha davlat komissiyasi vakili, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti mutaxassislari, ulamolar, davlat va jamoat arboblari, ziyolilar, islomshunos, dinshunos olimlar va soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Yig‘ilishni Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi raisi Ali Erbash kirish so‘zi bilan ochib, bugun turkiy xalqlar turli muammolarga duch kelayotgan bir paytda islom ulamolarining hamjihatligi va musulmon ummatining birligini ta’minlash har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etayotgani, shu ma’noda, ushbu tarixiy yig‘ilishning amaliy ahamiyati juda yuqori ekanini qayd etdi.
Anjumanda so‘zga chiqqan Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim hozirgi vaqtda dunyoda yuz berayotgan shiddatli jarayonlar, turli tahdid va xatarlar, pandemiya sinovlari va turli muammolar tashkilotga a’zo davlatlar oldiga yangi dolzarb vazifalarni qo‘yayotganini ta’kidladi.
Uchrashuv davomida Turkiy davlatlar tashkiloti direktori Bag‘dod Amreev Ozarbayjon musulmonlari idorasi raisi, shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda, Qozog‘iston musulmonlari idorasi raisi Navro‘zbay Tag‘anuli o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy N.Xoliqnazarov bugun musulmon olami oldida turgan dolzarb masalalar yuzasidan qarashlarini bildirdi. O‘z fikrini mo‘min-musulmonlar ittifoqligi bugun har qachongidan ham muhim ekanini ilohiy manbalar va hayotiy misollar orqali izohladi. O‘z navbatida, mana shunday murakkab zamonda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy islohotlarni bayon qildi. Bunday olamshumul ishlar nufuzli tadbir ishtirokchilari tomonidan yuqori kayfiyatda kutib olindi.
Turkiy davlatlar tashkiloti direktori o‘rinbosari Mirvohid Azizov joriy yil noyabr oyida tashkilotga raislik qilish O‘zbekistonga o‘tishi nuqtai nazaridan yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy ahamiyati juda yuqori ekanini ta’kidladi.
Yig‘ilish doirasida N.Xoliqnazarov Turkiy davlatlar tashkiloti direktori Bag‘dod Amreev bilan uchrashib, o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, kelgusida amalga oshirishi lozim bo‘lgan vazifalar va mo‘min-musulmonlar birdamligini yanada mustahkamlash bo‘yicha fikr almashdilar.
B.Amreev O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida ulkan o‘zgarishlarga bevosita guvoh bo‘lgani, diniyma’rifiy, ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlar tahsinga loyiq ekanini ta’kidladi.
“Abu Ayyub Ansoriy” masjidida mav’iza
Yig‘ilishdan keyin din peshvolari va ishtirokchilar Istanbul shahri markazida joylashgan “Ayyub Sulton” majmuasiga tashrif buyurdi.
Dastlab anjuman ishtirokchilari mazkur majmuada joylashgan Abu Ayyub Ansoriy maqbarasi ziyoratida Qur’on tilovat qilib, duoga qo‘l ochdi. Majmuada o‘qilgan shom namoziga O‘zbekiston vakili muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov barcha muftiylar va mehmonlarga imomlik qildi.
Iftorlikdan so‘ng Turkiy davlatlarning din peshvolari xufton va tarovih namozlarini ado etish uchun “Abu Ayyub Ansoriy” masjidiga takror tashrif buyurishdi. Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi raisi Ali Erbash xufton va tarovih namozlarini o‘qib berdi. Shundan so‘ng ushbu muhtasham va tabarruk masjidda yig‘ilgan o‘n minglab namozxonlarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Ramazon oyi fazilatlari haqida mav’iza qildi.
Shukuhli, duolar ijobat bo‘ladigan fursatlarda din peshvolari namozlarida yurtimiz haqiga duolar qilib, musulmonlarning birdamligi yanada mustahkam bo‘lishini Alloh taolodan so‘radilar.
Yurtimizni ilm mashhuri zamon qilgan
Tashrifning ikkinchi kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi raisi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasida hamkorlik aloqalari kengayib borayotgani, ayniqsa, diniy-ma’rifiy jabhadagi aloqalar izchil rivojlanib, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik rishtalari yanada mustahkamlanayotgani, bunday dadil odimlash ikki davlat rahbarining oqilona siyosati tufayli yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, ayniqsa, ilmiy-ma’rifiy loyihalarni birgalikda amalga oshirish, ulamolar merosini tadqiq etish bo‘yicha fikr almashib, kelgusidagi rejalar belgilab olindi.
Umuman, muftiy N.Xoliqnazarov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Turkiya safari yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan yuqori baholandi hamda O‘zbekiston maqomiga mos va xos ehtirom ko‘rsatildi.
Yurtimizni ilm mashhuri zamon qilgan. Ilm tufayli ikki ilmiy Renessansni dunyoga taqdim etgan. Hozirda uchinchi Renessansga poydevor qo‘yayotgan yangi O‘zbekiston ayni ilmiy taraqqiyoti, hayotiy islohotlari bilan dunyoga bo‘y cho‘zmoqda. Aytish mumkinki, mazkur anjuman yurtimizning xalqaro maydondagi e’tirofida yana bir yangi sahifa bo‘ldi.
Nodir MAHMUDOV,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 27-aprel, 83-son
Izoh qoldirish