“Dinshunoslikning dolzarb muammolari”ga bag‘ishlangan konferensiya o‘tkazildi
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida respublikamiz ta’lim muassasalarida dinshunoslikka oid fanlarni o‘qitishni yanada takomillashtirish hamda mavjud muammolarni hal qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash maqsadida “Dinshunoslikning dolzarb muammolari” mavzusidagi an’anaviy respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur konferensiyani o‘tkazishdan asosiy maqsad o‘laroq, dinshunoslik, tarix, falsafa, xalqaro munosabatlar singari dunyoviy ta’lim yo‘nalishlari hamda Qur’on ilmlari, hadisi sharif, islom huquqi, tasavvuf, islom tarixi, manbashunosligi kabi diniy ta’lim yo‘nalishlari bilan bog‘liq fanlarni rivojlantirishga oid amalga oshirilgan ilmiy izlanishlar natijalari bilan ilmiy jamoatchilikni tanishtirish, respublikamiz ta’lim muassasalarida dinshunoslikka oid fanlarni o‘qitishni yanada takomillashtirish hamda mavjud muammolarni hal qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash ko‘zda tutildi.
Zoom dasturi orqali onlayn va oflayn formatda o‘tgan tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov Akademiya rektori Muzaffar Komilovning anjuman ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi. Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari O‘tkirbek Hasanboyev, UNESCO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi bosh kotib o‘rinbosari Sayidafzal Mallaxonov tabrik so‘zlari bilan qatnashib, konferensiyaga ishiga muvaffaqiyat tilashdi.
“Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi tomonidan joriy yilda 14-marotaba tashkil qilingan mazkur an’anaviy konferensiyada Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zR FA Sharqshunoslik instituti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent islom instituti, UNESCO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi, qolaversa, respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalari mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar, doktorant va magistrantlar ishtirok etishdi.
Qolaversa, bu yilgi konferensiyaga xorijiy davlatlar ilmiy va o‘quv muassasalaridan mutaxassislar ham taklif qilindi. Chunonchi, Nur-Muborak Misr islom madaniyati universiteti (Qozog‘iston), Ozarbayjon ilohiyot instituti (Ozarbayjon), Shvalmshtadt ijtimoiy pedagogika kolleji (Germaniya) va Rossiya davlat neft va gaz universiteti mutaxassislari konferensiya ishtirokchilarini dinshunoslikka oid mavzular tadqiqi va ta’limi yuzasidan erishgan yutuqlari bilan tanishtirib, o‘z tajribalarini ulashdilar.
Anjumanda “Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi – ma’rifiy islomni targ‘ib etuvchi maskan”, “O‘zbekistonda oliy diniy ta’lim tarixi, buguni va istiqboli”, “Diniy bag‘rikenglik madaniyatini shakllantirishda dinlararo muloqotning ahamiyati”, “Dinshunoslik fanlarini modul-kredit tizimida o‘qitishning zamonaviy asoslari”, “Hakim Termiziy asarlarida diniy bag‘rikenglik tamoyillari”, “Yangi O‘zbekistonni barpo etish sharoitida dinshunoslikning dolzarb muammolari” kabi ma’ruzalar tinglandi.
O‘z navbatida, konferensiyaga kelib tushgan dinshunoslik, islomshunoslik, tarix, falsafa, din psixologiyasi kabi ijtimoiy fanlar yo‘nalishiga oid turli ilmiy maqolalar mazkur an’anaviy anjumanning to‘plamidan o‘rin olgan. To‘plam respublikamizdagi oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida dinshunoslik fanlari bo‘yicha dars beruvchi professor-o‘qituvchilar, pedagoglar, dinshunoslik sohasi bo‘yicha ko‘zga ko‘ringan olimlar, shuningdek, islomshunos, sharqshunos, manbashunos, tarixchilar, yosh ilmiy tadqiqotchilarning ilmiy izlanishlari asosida yozilgan 100 ga yaqin maqolalarni o‘zida jamlagan bo‘lib, unda diniy bag‘rikenglik, milliy va diniy qadriyatlar uyg‘unligi, ajdodlar ilmiy-ma’naviy merosining ma’naviy hayotimizda tutgan o‘rni o‘z ifodasini topgan.
Tadbir yakunida Akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan 2021-2022-o‘quv yili davomida dinshunoslik sohasi bo‘yicha nashr qilingan ilmiy va o‘quv adabiyotlari taqdimoti namoyish etildi.
Qatnashchilar bildirilgan mavzular yuzasidan savol-javoblarda ishtirok etib, soha rivoji yo‘lida o‘zlarining taklif-mulohazalarini bildirib o‘tishdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish