360

“Yangi O‘zbekistonning — lider qizlari”  ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi

Xotin-qizlarning salohiyatini yuzaga chiqarish, amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda ularning yanada faol ishtirokini ta’minlash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Qizlarning bilimdon, zamonaviy mutaxassis, islohotlarga daxldorligini oshirish, ular orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida turli ko‘rik-tanlovlar, sport bellashuvlari hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Yangi O‘zbekistonning — lider qizlari” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Akademiya rahbariyati, o‘qituvchi va xodimlar, talaba-yoshlar, mehmonlar ishtirok etdi.

Ko‘rik-tanlovini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov kirish so‘zi bilan ochib berdi.

Shundan so‘ng, talaba qizlardan iborat Mumtoz sharq filologiyasining “Lider psixologlar”, Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakultetining “Tafakkur sohibalari”, Islomshunoslik fakultetining “Bibixonim” jamoasi a’zolari o‘zaro bellashishdi.

Tanlovda har uch jamoa a’zolari 3 ta shart bo‘yicha o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazishdi. Tanishuv shartida ishtirokchilar o‘zlari bilim oladigan oliy o‘quv yurti hamda tahsil olayotgan yo‘nalish, iqtidorlari, kelajakdagi maqsadlari haqida video roliklar, badiiy kompozitsiyalar orqali namoyish etishdi. Tezkor savol-javob hamda Vatan madhi mavzudagi shartlarda har bir jamoa bugungi kundagi eng dolzarb mavzularni badiiy chiqishlar bilan yoritib berishdi.

Yakunda Mumtoz sharq filologiyasining “Lider psixologlar” jamoasi “Eng kreativ jamoa”, Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakultetining “Tafakkur sohibalari” jamoasi “Eng faol jamoa”, Islomshunoslik fakultetining “Bibixonim” jamoasi “Eng ijodkor jamoa” nominatsiyalarida e’tirof etildi. Tanlov g‘oliblari mutasaddilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish