Yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilikdir
MUNOSABAT
– Hamma narsa xalq manfaati uchun. Insonni ulug‘lash – oliy qadriyat. Shonli tarixdan – buyuk kelajak sari. Mahalla – zaminimiz, tayanchimiz. Yoshlar – Vatan kelajagi kabi ulug‘ va olijanob maqsadlarni o‘z oldiga qo‘ygan xalqimiz o‘zi ishonch bildirgan rahbar yetakchiligida olg‘a intilmoqda. Maqsad – O‘zbekiston Respublikasini rivojlangan, qonun ustuvorligi ta’minlangan, korrupsiya jilovlangan, ilm-fan taraqqiy topgan va jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallaydigan davlatga aylantirish.
Quyosh va gidroelektr stansiyalari, intensiv bog‘lar, paxta va boshqa xom-ashyolarimizning joyida chuqur qayta ishlash obyektlari, og‘ir va yengil sanoat sohalarida amalga oshirilgan ishlar va rejalar O‘zbekistonni tobora mazkur maqsadga yaqinlashtiryapti. Ilgari biz faxr bilan tilga oladigan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi kabi yirik sanoat ob’yektlari endi “O‘zbekiston GTL” zavodi timsolida o‘z alambardorlariga – yetakchilariga ega bo‘ldi.
“O‘tgan yili Qashqadaryoda “O‘zbekiston GTL” zavodini ochib, butun dunyoga mamlakatimizning iqtisodiy qudratini ko‘rsatdik. Bu markaz xalqimizning ma’naviy va ma’rifiy qudrati timsoli bo‘lib qoladi”, dedi muborak Ramazon oyining birinchi jumasida Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishiga tashrif buyurgan O‘zbekiston rahbari.
An’anaga ko‘ra, Prezidentimiz Islom sivilizatsiyasi markazida so‘nggi oylarda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi va mutasaddilar hamda quruvchilarga zarur tavsiyalar berdi. Shuningdek, tashqi va ichki bezak ishlarining mazmuni va shaklini ma’qulladi, ayni paytda qo‘llaniladigan barcha matnlar ilmiy asosga ega bo‘lishi zarurligini ta’kidladi. Tashrif davomida Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi tarkibida shakllantirilayotgan “Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans” bo‘lim taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Bo‘limda boy va uzoq asrlarga taqaladigan tariximiz, din va ilmda maktablar yaratgan bobolar merosi, ma’rifatchi ajdodlarimiz, muftiylar sulolasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqdim etilgan konsepsiya bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.
Islom sivilizatsiyasi markazi binosida Xalqaro islom akademiyasining magistratura va doktorantura bo‘limlari joylashadi.
Shoazim MINOVAROV,
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 12-aprel, 72-son
Izoh qoldirish