Amir Temur siymosiga avlodlar e’tirofi
Amir Temur o‘zligimizni anglash, milliy an’ana va qadriyatlarimizni tiklash borasidagi ulug‘vor ishlarda xalqimizga ma’naviy kuch bag‘ishlagan ulug‘ siymo hisoblanadi. Amir Temur Movarounnahr va Xurosonda o‘z yurti, xalqining kuch-qudratiga tayangan mustaqil va yagona davlat barpo etdi. Uning hukmronli davrida o‘lka madaniy yuksalishga yuz tutib, nafaqat musulmon olami, balki butun dunyo tamadduni rivojida o‘chmas iz qoldirdi.
Darhaqiqat, Amir Temur – o‘zligimizni anglash, milliy an’ana va qadriyatlarimizni tiklash borasidagi ulug‘vor ishlarda xalqimizga ma’naviy kuch bag‘ishlab kelayotgan ulug‘ siymolardan biridir.
Sohibqiron tavallud topgan kun mamlakatimizda har yili ko‘tarinki ruhda keng nishonlanadi. Bu yil ham yurtimiz bo‘ylab ulug‘ sarkarda tavalludining 686-yilligi tadbirlari katta xursandchilik bilan o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida mazkur sana munosabati bilan “Amir Temur siymosiga avlodlar e’tirofi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Akademiya professor-o‘qituvchilari, mehmonlar, tadqiqotchilar, magistrlar hamda talabalar ishtirok etdi.
Tantanali marosimni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Akademiya rektori o‘z nutqida Sohibqiron nafaqat o‘z davridagi eng qudratli davlat asoschisi, ilm-fan, madaniyat va ma’naviyat homiysi, balki Osiyo va Yevropa qit’alarida ro‘y bergan tarixiy o‘zgarishlarga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatib, jahon sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan inson ekanini ta’kidladi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston xalq artisti Tesha Mo‘minov Amir Temur hayotiga oid qiziqarli ma’lumotlar, uning dunyo tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasi haqida so‘z yuritishdi.
Buyuk sarkarda, yirik davlat arbobi, ilm-fan va madaniyat homiysi bo‘lgan Amir Temur tavalludining 686-yilligi arafasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ulug‘-ajdodlarimiz siymosiga yuksak ehtirom ko‘rsatish, xususan, jahon taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan, mardlik va adolat timsoli sifatida ulug‘lanadigan Amir Temur hayoti hamda faoliyatini o‘rganishga nafaqat o‘zimizda, balki xalqaro miqyosda qiziqish juda katta ekanligi ta’kidlandi. “Temur tuzuklari” asari yoshlarni vatanparvarlik, milliy istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega ekanligi qayd etildi.
Bayram tadbirida Sohibqiron haqida videorolik namoyish etildi. Talabalarning she’riy va musiqiy chiqishlari, Amir Temur monologi, teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish