385

“BAGʻRIKENGLIK BOGʻI” birdamlik va hamjihatlik timsoli

YASHIL MAKON

Yurtimizda azaldan turli millat va elat vakillari tinch-totuv, ahil-inoq yashab keladi. Ular irqi, millati, tili, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, diniy ibodat va marosim, milliy bayramlarini emin-erkin o‘tkazadi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash, do‘stlik muhitini va ko‘p millatli katta yagona oila tuyg‘usini mustahkamlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-ma’rifiy aloqalarni kengaytirish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu yo‘nalishda keng miqyosdagi ishlar amalga oshirilmoqda. 

“Yangi O‘zbekiston” bog‘ida tashkil etilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi tadbir yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat va diniy konfessiyalar vakillarini yagona maqsad atrofida birlashtirdi.

Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustam Qurbonov, mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan diniy konfessiyalar yetakchilari hamda milliy madaniy markazlar vakillari ishtirok etdi.

Tadbir davomida din arboblari atrof-muhitni muhofaza qilishning dolzarb masalalari haqida so‘z yuritib, bu borada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-siyosiy islohotlarga o‘z munosabatini bildirdi.

Sodiq TOSHBOYEV,

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi:

– Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ilgari surilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Yashil yillik” umummilliy tadbirlari yurtimiz bo‘ylab keng amalga oshirilmoqda. Ezgu maqsadning amaliy qadamlari o‘laroq, mart oyida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida yurtimizdagi 16 ta konfessiya vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tgan edi. Unda irqi, millati, diniy e’tiqodga mansubligidan qat’i nazar, barcha yurtdoshlarimizni “Yashil yillik” umummilliy tadbirida faol bo‘lishga undovchi bayonot qabul qilindi.

“Yangi O‘zbekiston” bog‘ida bayonotning amaldagi ifodasi o‘laroq, diniy konfessiya yetakchilari ishtirokida turli daraxt ko‘chatlari ekilishida ham katta ramziy ma’no bor. Bu yerda turli millat va elat vakillari ezgu niyat, mushtarak maqsad atrofida birlashdi: “Bag‘rikenglik bog‘i” tashkil etildi, ko‘chatlar o‘tqazildi. Ular, albatta, yillar o‘tib osmonga bo‘y cho‘zadi, o‘z soyasi bilan bu yerga tashrif buyurajak yurtdoshlarimiz hamda xorijlik mehmonlar qalbiga huzur bag‘ishlaydi.

Bu kabi xayrli ishlarda har birimiz kamarbasta bo‘lib, muntazam atrof-muhitni himoya qilish, yurtimizni pokiza saqlashga munosib hissa qo‘shishimiz zarur. Ayniqsa, dunyoda ro‘y berayotgan iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq global muammolar, fojialar qarshisida insoniyatning ojiz qolayotgani, bizdan talab etiladigani ne’matlarga shukr qilib, uni asrab-avaylashga turtki beradi.

Mamlakatimiz bo‘ylab davom etayotgan umummilliy tadbir doirasida har bir hududning iqlimiga mos, kam suv talab qiladigan ko‘chatlar tanlanib, ularni yetishtirish uchun ko‘chatxonalarni ko‘paytirish hamda aholiga kamida 10 million tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatini bepul tarqatish belgilandi. Quvonarlisi, xayrli tashabbusga xalqimiz chin dildan xayrixohligini ko‘rsatmoqda. Ushbu tashabbusning amalga oshishida turli din va millat vakillari qo‘lni-qo‘lga berib, yagona va ahil oila a’zolaridek ishtirok etmoqda.

Umar SALMONOV, 

O‘zbekiston turk milliy madaniyat markazi raisi:

– Bugun davlatimiz milliy siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri – barcha millatlarning ravnaqi uchun teng sharoit va imkoniyat yaratish, millatlararo munosabatlarni uyg‘unlashtirishdan iborat. Ayni paytda barchamiz bir osmon ostida, ezgu maqsad atrofida birlashib, umrguzaronlik qilyapmiz. Ana shu mushtaraklik namunasi – “Bag‘rikenglik bog‘i” yurtimizdagi birdamlik va hamjihatlik timsoliga aylanishiga shak-shubha yo‘q. Tadbir doirasida O‘zbekistondagi barcha millat vakillari bir yoqadan bosh chiqarib, atrof-muhit ko‘rkamligiga, ekologiya barqarorligiga o‘z ulushimizni qo‘shishni maqsad qildik. Daraxtlar – toza havo manbai. Toza havo esa salomatlikka, sog‘lom avlod kamoliga xizmat qiladi. Bu harakatimiz xalqimizga manzur bo‘ladi, deb ishonaman.

Bugun mamlakatimizda diniy tashkilotlar hamda milliy madaniy markazlarning emin-erkin faoliyat olib borayotgani, ular ishtirokida turli tadbirlar tashkil etilayotgani ham yurtimizda hukm surayotgan bag‘rikenglikning amaliy ifodasidir.

Bashorat YUNUSOVA,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 6-aprel, 68-son

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish