471

XALQNI ROZI QILISH – ENG ULUGʻVOR MAQSAD

MA’RIFATLI JAMIYAT SARI

Bugun O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga chiqdi. Buni yangi O‘zbekistonning tashqi va ichki siyosatidan tortib, iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy hamda diniy-ma’rifiy sohalardagi tub islohotlar misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.

Mamlakatimizda turli millat va konfessiyalar o‘rtasida o‘zaro hurmat, birdamlik va hamkorlik muhitini mustahkamlash, madaniyatlararo muloqotni qo‘llab-quvvatlash hamda tinchlik-totuvlikni ta’minlashga qaratilgan izchil, puxta o‘ylangan siyosat xalqaro hamjamiyat tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanmoqda.

E’tiborlisi, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan tashabbus asosida 2018-yili BMT Bosh Assambleyasining 73-sessiyasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan hujjat BMTga a’zo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi. 

Rezolyutsiya jahonda ekstremizm, terrorizm muammosi avj olib, turli din va e’tiqod vakillariga nisbatan toqatsiz, murosasiz munosabatlar kuzatilayotgan bir vaqtda global tahdidlarga qarshi kurashishning samarali vositasi sifatida ma’rifat, ta’lim-tarbiya masalasini ilgari surgani bilan ahamiyatlidir.

Sohadagi islohotlar inson qadri uchun

Mazkur rezolyutsiyaning amaliy ifodasi mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarda yaqqol ifodasini topmoqda. Xususan, turli g‘arazli kuchlar ta’sirida diniy-ekstremizm faoliyatiga adashib kirib qolgan 16 mingdan ziyod inson huquqni muhofaza qilish organlari “qora ro‘yxat”idan chiqarildi. 

Bugungi kungacha o‘tkazilgan “Mehr” operatsiyalari doirasida Suriya, Iroq va Afg‘onistonda og‘ir ahvolga tushib, chorasiz qolgan 500 dan ziyod ayol va bola O‘zbekistonga olib kelindi. Ular yangilanayotgan, inson erki va huquqlari qadrlanadigan yurtimizda yangi hayot boshladi.

Davlatimiz rahbari Navro‘z umumxalq bayrami arafasida xalqimizga xos ezgulik, bag‘rikenglik, insonparvarlik, mehr-oqibat va kechirimli bo‘lish kabi olijanob fazilatlarning yorqin ifodasi sifatida “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Hujjatga muvofiq, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan, jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 75 fuqaro afv etilganini e’tirof etish joiz. 

Vijdon va din erkinligini ta’minlash O‘zbekiston yuritayotgan siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridandir. Shu bois, so‘nggi yillarda yurtimizda fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar kechmoqda. Bu borada vijdon erkinligining huquqiy asoslarini mustahkamlash, qonunchilikni inson huquqlariga oid xalqaro andozalar asosida takomillashtirish ham islohotlarning eng dolzarb vazifalaridan, deb qaralmoqda.

Inson qadri ulug‘lanayotgan yurtimizda Prezidentimiz 2021-yil 5-iyulda imzolagan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi yangi qonun qabul qilingani jamiyatdagi juda ko‘p masalalarni yechdi. Mazkur hujjat o‘zining xalqchilligi, jamiyatdagi barcha masalalarga eng haqqoniy va adolatli javob berishi bilan ahamiyatlidir.

Yangi tahrirdagi ushbu qonun AQSH, Yevropa Ittifoqi va boshqa ilg‘or davlatlarning inson huquqlari bo‘yicha markazlari hamda xalqaro tashkilotlari mutaxassislari taklif va tavsiyalarini o‘rgangan holda ishlab chiqildi. Yangi qonunning oldingisidan asosiy farqli jihatlari shundaki, unda fuqarolarning vijdon erkinligi kafolatlari kuchaytirildi, har bir inson haq-huquqini ta’minlashning yangi mexanizmlari joriy etildi, shuningdek, davlatning din ishlari bo‘yicha siyosati takomillashtirildi.

Yana bir asosiy jihat – diniy ta’lim tizimidagi yangiliklar alohida muhim o‘rin tutadi. Islom dini rivoji yo‘lida beqiyos xizmat qilgan buyuk bobolarimizning diniy va ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va targ‘ib etish maqsadida Samarqandda Imom Buxoriy, Surxondaryoda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Toshkentda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ochilgan. Shuningdek, uchta yirik oliy diniy ta’lim va 10 ta o‘rta maxsus islom bilim yurti faoliyat yuritmoqda.

Ayniqsa, o‘zining mahobati va Uchinchi Renessans davriga poydevor qo‘yilayotgan yurtimizda ilmiy salohiyati tufayli ma’rifat maskaniga aylanishi kutilayotgan O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi xususida alohida to‘xtalib o‘tish joiz. Zotan, xalqimizning boy diniy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va dunyoga targ‘ib etish, yosh avlodni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda beqiyos o‘rin tutadigan mazkur ilm-ma’rifat markazi hozirdanoq o‘z mahobati, amalga oshirayotgan ma’naviy, ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan butun dunyo havasini keltirmoqda. 

Yurtimiz aholisining diniy-ma’rifiy ehtiyojlarini qondirish maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda bir necha diniy oliy ta’lim muassasalarida “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kurslari tashkil etilgani yanada ahamiyatlidir. Bu bilan aholining diniy bilimlarni egallashga ehtiyoji to‘laqonli ta’minlanishiga erishilmoqda. Ayni paytda mazkur kurslarda aholining turli qatlamlari va turli yoshdagi yuzlab tinglovchilar tahsil olmoqda. 

Davlatimiz rahbarining qat’iyati, tashabbusi bilan Haj va Umra ziyorati qayta tiklandi. Pandemiya tufayli ushbu muqaddas diniy amallarni bajarish imkoniyati cheklangan edi. Biroq yurtimizda bu murakkab vaziyatni bartaraf etishdagi sa’y-harakatlar natijasida aholi dinimizning muqaddas amallarini bajarish imkoniga ega bo‘ldi.

Mazkur islohotlar ko‘p millatli xalqimiz hayoti, farovon turmushi, yorqin istiqboli, farzandlar kamoloti va orzu-istaklari ro‘yobida o‘z ifodasini topmoqda. 

Islohotlar xalqaro maydonda keng e’tirof etilmoqda

To‘g‘ri yo‘l doimo ezgulikka yetaklaydi. U biroz mashaqqatli, sinovlarga boy bo‘lishi tabiiy. Yurtimizdagi diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar nafaqat vatandoshlarimiz, balki xalqaro maydonda nufuzli insonlar tomonidan e’tirof etilayotgani quvonarlidir. Jumladan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Saudiya Arabistoni Podshohligining Toshkentdagi favqulodda va muxtor elchisi Yusuf al-Utaybiy bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot davomida so‘nggi yillarda islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, eng muhimi, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish uchun xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari va boshqa ta’lim muassasalari tashkil etilishi muhim qadam ekani alohida qayd etildi.

Do‘stona kayfiyatda o‘tgan suhbat davomida Yusuf al-Utaybiy so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda rivojlanib borayotganini ta’kidladi. U O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida diniy-ma’rifiy sohada kechayotgan islohotlarga yuqori baho berdi. Ta’lim, fan, madaniyat yo‘nalishlarida hamkorlik aloqalari muntazam rivojlanib, ikki tomonlama sheriklik munosabatlari yanada mus tahkamlanayotgani, O‘zbekiston Saudiya Arabistoni uchun muhim hamkor ekani e’tirof etildi.

Misrdagi qator oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot markazlari, jumladan, Ta’lim, fan va madaniyat bo‘yicha islom tashkiloti – ICESCO bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi do‘stona munosabatlar o‘rnatgan.

2021-yil dekabr oyida Misr poytaxti Qohira shahrida 60 dan ziyod a’zo davlat ishtirokida ICESCO ijroiya kengashining 42-sessiyasi hamda XIV bosh konferensiya si bo‘lib o‘tdi. Mazkur anjumanda yurtimiz delegatsiyasi ham faol ishtirok etdi. 

Tashrif davomida Al-Azhar majmuasi rahbari o‘rinbosari Abdurahmon Muhammad Duvayniy janoblari islom sivilizatsiyasi rivojida Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Muin Nasafiy kabi o‘zbek allomalari hissasi alohida ekanini, Al-Azharda o‘qiydigan har bir talaba Abu Barakot Nasafiyning “Madorikut tanzil va haqoiqut ta’vil” asarini mutolaa qilishi, uni chuqur o‘rganishi talab etilishini bildirdi. 

Shuningdek, konferensiya davomida ICESCO Bosh kotibi Salim Malik tashkilotga a’zo davlatlarning ishlarini tahlil qilar ekan, eng tartibli a’zo davlatlar qatorida O‘zbekistonni e’tirof etib, ICESCO O‘zbekiston bilan hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishdan mamnunligi, raqamli texnologiyalar, kosmik tadqiqotlar rivojida yurtimiz allomalari, xususan, Xorazmiyning beqiyos hissasi borligini alohida ta’kidladi.

“Bugungi raqamli texnologiyalar rivojida, ayniqsa, fazo ilmlari, kosmik tadqiqotlar taraqqiyoti uchun insoniyat, eng avvalo, Xorazmiyga ta’zim qilishi kerak. Zero, VIII-IX asrlarda yashagan qomusiy alloma Xorazmiyning ilm-fandagi kashfiyotlari va u kishi qo‘ygan mustahkam poydevor bugungi kunga kelib muhtasham majmuaga aylandi”, deya qayd etdi Salim Malik.

Ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligi yo‘lida

Bugungi kunda dunyoning turli mintaqalarida ro‘y berayotgan ijtimoiy-siyosiy bo‘hronlar tufayli mafkuralar to‘qnashuvi keskin tus olmoqda. Bunday vaziyatda fikrga qarshi fikr, g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish har qachongidan ko‘ra, muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Shu bois, joriy yil davomida yurtimiz bo‘ylab aholini qadimiy boy tariximizdan boxabar qilish, Vatanimizga muhabbat, yurtimizdagi islohotlarga daxldorlik tuyg‘usini shakllantirish maqsadida soha mutaxassislari tomonidan “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Mazkur tadbirlarda ishtirok etgan ekspertlar yurtdoshlarimizga hayotiy misollar, turli ibratli hikoyatlar orqali o‘z fikr-mulohazalarini yetkazmoqda. Uchrashuvlarda milliy o‘zligimiz, asriy qadriyatlarimizga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan “ommaviy madaniyat” niqobi ostidagi xurujlar, diniy ekstremizm va terrorizm tahdidlaridan xabardor bo‘lish kerakligi ta’kidlanayotir. 

Islom dinining insonparvarlik, tinchlik va do‘stlik kabi olijanob maqsadlari hamda internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalayotgan g‘oyaviy xatarlar, globallashuv davrida turli mafkuraviy tahdidlarning oldini olish va ularga qarshi kurashish masalalarida so‘z yuritilib, ushbu jarayonda jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish har qachongidan ham muhimligi qayd etilmoqda.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi barchamizni yanada birlashtirdi

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida shahar va qishloqlarimizda joriy yil 1-martdan e’tiboran o‘tkazilayotgan “Yashil yillik” umummilliy tadbiri yurtimizda yashayotgan turli millat va diniy konfessiyalar vakillarini yagona maqsad atrofida birlashtirdi.

Ezgu maqsadning amaliy qadamlari o‘laroq, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida 16 konfessiya vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda irqi, millati, diniy e’tiqodga mansubligidan qat’i nazar, barcha yurtdoshlarimizni “Yashil yillik” umummilliy tadbirida faol bo‘lishga undovchi bayonot qabul qilindi. 

Mamlakat bo‘ylab mazkur tadbir doirasida har bir hududning iqlimiga mos, kam suv talab qiladigan ko‘chatlar tanlanib, ularni yetishtirish uchun ko‘chatxonalarni ko‘paytirish hamda aholiga kamida 10 million dona mevali va manzarali daraxt ko‘chatini bepul tarqatish belgilandi. Quvonarlisi, xayrli tashabbusga xalqimiz chin dildan xayrixohligini ko‘rsatmoqda. Ushbu tashabbusning amalga oshishida turli din va millat vakillari qo‘lni qo‘lga berib, yagona va ahil oila a’zolaridek ishtirok etishi muhim.

Rus pravoslav cherkovining Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasi rahbari Mitropolit Vikentiy mazkur bayonot haqida quyidagi fikrlarni bildirdi: “Shu yurtni obod qilish, uning yashilligiga hissa qo‘shish, tabiatni sof holda asrash, diniy e’tiqodidan qat’i nazar, har birimizning muqaddas burchimizdir. Ushbu ezgu maqsad yo‘lida barchani hamjihat bo‘lishga va tashabbuskorlikka chaqiramiz. Ta’kidlash lozimki, har bir samoviy dinda tabiatga oqilona munosabat, uni asrab-avaylashga chaqiriq bot-bot takrorlanadi. Bu da’vatga “labbay”, deb javob qilish bizning vazifamizdir”.

Bundan tashqari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining “Yashil makon” umummilliy loyihasini qo‘llab-quvvatlash, ushbu xayrli tashabbus doirasida hududlarni obodonlashtirish, ko‘chat va gullar ekishni targ‘ib etishga qaratilgan bayonoti qabul qilindi. 

Bu kabi xayrli ishlarda har birimiz kamarbasta bo‘lib, atrof-muhitni himoya qilish, yurtimizni pokiza saqlashga munosib hissa qo‘shishimiz zarur. Ayniqsa, dunyoda ro‘y berayotgan iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq global muammolar, fojialar qarshisida insoniyatning ojiz qolayotgani, bizdan talab etiladigani ne’matlarga shukr qilib, uni asrab-avaylashga turtki beradi.

So‘nggi so‘z o‘rnida

Ommaviy didsizlikka targ‘ib, milliy zehniyat o‘tmaslashishiga yetaklovchi harakatlarga rag‘batning goh yashirin, goh oshkora shaklda kuchayib borishi kuzatilayotgan global makonda milliy o‘zlikni anglash tuyg‘usi tobora siyqalashib, tundlashayotgandek. Bu borada ulug‘ ajdodlarimiz faoliyati va merosidan faxr tuyishning o‘zigina kamlik qiladi. Negaki, o‘sha ilmiy merosning qadr-qimmatini anglamay, ular bilan shunchaki faxrlanish bilan uzoqqa borib bo‘lmaydi. 

Avvalo, imkon qadar mazkur ma’naviy merosdan bahramand bo‘lishimiz kerak. Bu yo‘lda sohaning bilimdonlari, ahli ilm – ustozlarning bilimi bizga asqatadi. Buyuk allomalar hayoti va ijodini o‘rganishga mo‘ljallangan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi kabi yirik ilm-fan loyihalari bunyod etilishi mana shu jihatlari bilan ham e’tiborga molik. Ushbu markazlar ulug‘ allomalarimiz merosini o‘rganish, hayotga tatbiq etishda, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini qurishdek ulug‘ maqsadlar ro‘yobi yo‘lida hal etuvchi ilmiy-amaliy maskan sifatida bo‘y ko‘rsatadi.

“Inson qadrini ulug‘lash” haqida so‘z borar ekan, bu boradagi amaliy sa’y- harakatlar millat, xalq manfaatlarini ta’minlashga, uning qaddini ko‘tarishga xizmat qiladigan chora-tadbirlar bilan hamohanglikda, uyg‘unlikda olib borilsa, maqsadga muvofiq. Qaddini rostlagan xalq ona Vatani qadrini yuksaklarga ko‘tara oladi. Pirovardida, har bir yurtdoshimiz qadr topadi, xalqni rozi qilishdek ulug‘vor maqsad amalga oshadi.

Sodiq TOSHBOYEV,

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 1-aprel, 65-son

 

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish