371

Biz ota-bobolardan minnatdormiz, farzand va nabiralar ham bizdan minnatdor boʻlsin

“Rеspublikada koʻkalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi prеzidеnt farmoniga muvofiq, mamlakatimizda daraxtzorlarni koʻpaytirishga qaratilgan “yashil makon” umummilliy loyihasi joriy etildi.

Bu umummilliy loyiha doirasida hududlarda yashil bogʻlar va yashil jamoat parklarini barpo etish ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur muhim hujjat koʻchatxonalarni koʻpaytirish, tuproq unumdorligini hisobga olgan holda, hududlar iqlimiga mos xorijiy manzarali daraxtlarni mahalliylashtirishni ham koʻzda tutadi.

Shu bilan birga, daraxtlarni shikastlash va nobud qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi va bu borada jamoatchilik nazorati yanada oshirildi – 2022-yil 1-apreldan yangi tartib kuchga kirdi. Xususan, endilikda bu boradagi huquqbuzarlik toʻgʻrisida Ichki ishlar vazirligi va Davlat ekologiya qoʻmitasining maxsus axborot tizimiga xabar qilgan shaxslar moddiy ragʻbatlantiriladi.

Bugun biror joyda daraxt kesilgudek boʻlsa, ommaviy axborot vositalari darhol bu haqda bong urmoqda.

Daraxtlarning yoshi, boʻyi va eni, oʻsayotgan joyi boʻyicha hisobga olish, ularga tegishli barcha maʼlumotlarni toʻplash, elektron bazasini tuzib, reyestrini yuritish belgilandi. Shu asosda parvarish va sugʻorish uchun masʼullar tayinlanadi. Yaʼni, yosh nihollar oʻsib-unib, chinakam daraxt boʻlishi taʼminlanmoqda.

Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirildi. Bu davrda amal qiladigan cheklov va majburiyatlar koʻlami kengaytirildi.

Shunday qilib, yurtimizda past-balandiga qaramay, daraxt kesishga qarshi yangi choralar joriy qilindi. Jumladan, qurilish tadbirlarini amalga oshirishda nabodot va hayvonot olamiga eʼtiborli boʻlish choralari belgilandi. Ilgari qaysidir idora xulosa, yana boshqasi ruxsat berardi. Qurilish tashkiloti qurilish maydonini oʻrab olib, hech kimni kiritmas, shuning uchun maydondagi daraxtlar nobud boʻlardi. Bunday tartibsizlikka chek qoʻyildi.

Hadisi sharifda “Ertaga qiyomat boʻladi, deyishsa ham, koʻchat oʻtqazing”, deyiladi. Biz bugun ana shu yoʻldan bormoqdamiz. Endi yashnab turgan daraxtlar kesilib ketavermaydi, uvol qilinmaydi. Aksincha, yangilari koʻpaytiriladi.

Shu vaqtgacha OAV maʼlumotlari ancha ayanchli edi: 2020-yilda davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni kesish bilan bogʻliq 7854 ta, 2021-yilning dastlabki 6 oyida 2597 ta huquqbuzarlik holati sodir etilgan. Oqibatda 4516 ta qimmatbaho daraxt kesilgan yo shikastlangan. Yaʼni, bitta koʻchat yashnagan daraxtga aylangunicha eng kami 5 yil ketadigan boʻlsa, 22580 yillik daraxt kesilgan. Bu tabiat oldidagi, kelajak avlod oldidagi jinoyatdir.

Jahon tajribasiga qaraydigan boʻlsak, koʻplab davlatlarda hayvonot va nabodot dunyosiga ziyon yetkazmaslik nuqtai nazaridan har qanday qurilishdan oldin ekologik loyiha tuziladi. Chunki, bugun oʻtqazilgan koʻchat daraxt, uning atrofi bogʻ boʻlguncha ancha vaqt kerak. Bu muddat davomida ularni parvarishlash, sugʻorish kerak. Farmonda bularning ham mexanizmlari ishlab chiqilishi koʻzda tutilgani quvonarlidir.

Dunyo davlatlarida daraxtlar kesilishi yo boshqa joyga koʻchirilishi bilan bogʻliq holatlarda jamoatchilik muhokamasini oʻtkazish amaliyoti mavjud. Yaqin atrofda yashovchilar muayyan daraxt kesilishi toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qilinadi. Hamma daraxt emas, balki qulab tushib, odamlarga, texnikaga, uylarga zarar yetkazishi mumkin boʻlganlari. Bu eʼlon kesilishi rejalashtirilgan daraxt oldiga oʻrnatiladi. Unda daraxtning oʻzi haqida maʼlumot beriladi, uning kesilish sabablari va jamoatchilik muhokamasi oʻtkaziladigan vaqt va manzil koʻrsatiladi.

Qadimdan hammaga maʼlum bir matal bor: bir kishi nonvoydan har kuni oltita non oladi. Kunlardan bir kun nonvoy nega aynan oltita olishini soʻraydi. U bunday javob beradi: “Oʻzim bilan ayolim ikkita yeymiz, ikkitasini qarzimni uzish uchun beraman, ikkitasini qarzga beraman”. Yaʼni, ikkitasini ota-onasiga berib, farzandlik burchini bajaradi, ikkitasini farzandlariga goʻyo ramziy qarz sifatida beradi.

Biz otalarimiz, bobolarimiz ekkan daraxtlarning soya-salqinida rohatlanib, mevalaridan bahra olib kelyapmiz. Endi farzandlarimiz va nabiralarimizga atab, umummilliy miqyosda yangi koʻchatlar oʻtqazishni boshlab, yashil makonlarni kengaytirishdek xayrli ishga kirishyapmiz. Zero, bu muqaddas burchdir – biz ota-bobolardan minnatdormiz, kelajakda farzand va nabiralarimiz ham bizdan minnatdor boʻlsin.

Shovosil ZIYODOV,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori

Izoh qoldirish