TARAQQIYOTNING OLTIN KO‘PRIGI kelajak karvoni uchun mustahkam zamin yaratadi
UYG‘ONISH DAVRI MULOHAZALARI
Insoniyat yaralib, o‘zini tanigan kundan beri taraqqiyot sari talpinadi. Gʻor davridagi notugal hayotdan bugungi koinotni o‘zlashtirayotgan pallagacha bosib o‘tilgan yo‘l inson zakovatining yaxlit tasnifidir. Dunyoning bugungi tarzi shu holga kelgunicha insoniyatning ulug‘ farzandlari, shu zotlarni bergan xalqlardan har birining bemisl ulushi bor. Biz ana shu buyuk ilmiy-madaniy yuksalishning vorislarimiz. O‘z o‘rnida aytish lozimki, biz Uchinchi Renessansning aynan o‘zbek zaminida ro‘y berishiga bel bog‘lash uchun har tomonlama haqqi bor xalqmiz.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston” gazetasiga bergan intervyusi va Mustaqilligimizning 29 yilligi munosabati bilan tantanali majlisdagi nutqida Uchinchi Renessans mamlakatimiz taraqqiyotining maqsadi va uning yangi O‘zbekiston g‘oyasi bilan hamohangligi aytilgandan keyin bu mavzuga qiziqish yanada ortdi. Uchinchi Renessans va Yangi O‘zbekiston konsepsiyalari amalda milliy g‘oya sifatida rasmiylashmoqda.
Uyg‘onish deya o‘zbek tiliga kirib kelgan renessans tushunchasi birinchi marta Yevropada XV-XVII asrlardagi ijtimoiy rivojlanishga nisbatan qo‘llangan bo‘lsa-da, Birinchi va Ikkinchi Renessans ham Yevropa Uyg‘onishi davridan ilgari kechdi. Ular Yevropa materializmi va Uyg‘onish davrining manbalaridan bo‘ldi. Uyg‘onish davri Yevropada XV-XVII asrlarga to‘g‘ri kelsa, zaminimizda Birinchi Uyg‘onish IX-XII, ikkinchisi XIV-XV asrlarni qamrab oladi.
Yurtimizda kechgan har ikkala renessans ham uchta ustunga asoslanadi: rivojlangan iqtisodiyot, ilm-fan va kuchli shaxs.
Arablar Movarounnahrga kelganida bu zaminda obod shaharlar, muhtasham saroylar, rivojlangan hunarmandchilik, ishlab chiqarish ustaxonalari, karvonsaroylar, yirik bozorlar bor edi. Amudaryo va Zarafshonning quyi oqimi hamda Farg‘ona vodiysida milodgacha bo‘lgan davrda dehqonchilik madaniyati taraqqiy etib ulgurgan. Natijada esa dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullangan aholi o‘rtasida muntazam ayirboshlash munosabatlari o‘rnatildi. Bu hayotiy zarurat edi. Amu va Sir daryolari etaklaridagi aholi hayoti Nil, Tigr, Ifrat daryolari qirg‘oqlari bo‘yidagi mamlakatlar kabi ko‘plab xalqlarni o‘ziga jalb etdi. Qolaversa, Turon zamini bir tomondan Mesopotamiya va Eron, ikkinchi tomondan Xitoy va Hindiston o‘rtasida bog‘lovchi halqa edi.
Qulay tabiiy va geografik sharoit xo‘jalik hayotining ravnaq topishiga xizmat qildi. Bu yerda turli vaqtlarda 15 dan ortiq davlatchilik tuzumi hukm surdi. Natijada turli xil iqtisodiy tajribalar, xalqlar, madaniyatlar bir joyda to‘plandi. Bu esa, o‘z navbatida, ham moddiy, ham madaniy jihatdan tanlash imkonini berdi. Gap shundaki, taraqqiyotning bosh omillaridan biri bo‘lgan sog‘lom raqobat vujudga keldi. Ammo ma’lumki, har qanday mahalliy madaniyat faqat o‘zidan ustun madaniyat unsurlarinigina qabul qiladi, pastroqlarini esa o‘ziga singdirib – yutib yuboradi. Arab yozuvi qadimiy Xorazm va Sug‘d yozuvini siqib chiqardi. Chunki islom dini shaklidagi madaniyat Allohning so‘zi – Qur’on ta’sirida mahalliy madaniyatdan ustun keldi. Vaholanki, bu zamindagi shahar madaniyati o‘zining ellinizm, fors, hind va xitoy madaniyati unsurlari bilan boyitilgan ikki ming yildan ziyod tarixiga ega, jahon dinlaridan biri – otashparastlikning vatani edi. Ammo bu davrda arablarda kuchli davlatchilik tuzumi, jangovar armiya, o‘z yozuvi, eng asosiysi, yangi va qudratli – islom mafkurasi bo‘lgan. Iqtisodiy ravnaq islom madaniyati bilan omixta bo‘lib, o‘zining sinergetik samarasini bera boshladi.
Bizda kechgan sivilizatsiya Gʻarb sivilizatsiyasiga nisbatan konservativroq. Buning sababi shuki, bu yerda texnika va texnologiyalarga nisbatan ma’naviy yo‘nalishning, ayniqsa, dinning ahamiyati ustunroq bo‘lgan. Islom biz uchun nafaqat e’tiqod, shu bilan birga, turmush tarzi hamdir. Ma’naviyatni o‘zgartirish esa sekinroq kechadi, ayrim an’ana va urf-odatlarni, e’tiqodni esa butunlay yo‘q qilib bo‘lmaydi. Bu yo‘nalishning ildizlari ming yillar davomida yuksak madaniyat, din va ijtimoiy taraqqiyot omillari ila sug‘orib kelinadi.
Islom Arabiston yarimorolida vujudga kelgan bo‘lsa-da, Movarounnahrda qanot yoydi. Uning bir butun to‘laqonli ta’limot shaklida rivojlanishiga Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Imom Moturidiy, Abu Lays Samarqandiy, Mahmud Zamaxshariy, Abduxoliq Gʻijduvoniy, Ahmad Yassaviy, Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshband, Xoja Ahror Vali, Maxdumi A’zam, So‘fi Olloyor va boshqalar ulkan hissa qo‘shdi. Lekin hali o‘rganilmagan allomalar qanchadan-qancha.
Islom ma’rifatparvar ta’limot bo‘lib, nafaqat diniy, balki dunyoviy fanlar rivojiga ham kuchli turtki berdi. Birinchi Uyg‘onish davrida aniq va tabiiy fanlarning deyarli barcha sohasi – matematika, fizika, astronomiya, geologiya, kimyo, tibbiyot va boshqa fanlar gurkirab rivojlandi. Yurtimizdan Muso Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino kabi jahonga mashhur qomusiy allomalar yetishib chiqdi. Bu tom ma’nodagi ilmiy, madaniy, ma’rifiy Uyg‘onish edi.
Mo‘g‘ullar istilosi oqibatida zavol topgan iqtisodiyot, ilm-fan, madaniyat faqat buyuk Amir Temur davriga kelibgina jonlana boshladi. Ikkinchi Renessans buyuk Amir Temur dahosi bilan bevosita bog‘liq.
Sug‘orish madaniyatining ustuvorligi sabab bu yerda ziroatning barcha turlari yetishtirilgan. Yerga egalikning ijara, shartnoma va xususiy shakllaridan keng foydalanilgan. Amir Temur saltanatida yerga egalikning beshta asosiy shakli mavjudligi tarixiy manbalarda qayd etilgan. Yer umuman davlatga tegishli bo‘lib, undan foydalanish shakli turli xil edi. Shakl qanday bo‘lishidan qat’i nazar, maqsad va mazmun bitta – yerni ishlatish, hosil undirish va bozorni mo‘l-ko‘l, arzon mahsulot bilan to‘ldirish, hosilning uchdan bir qismini soliq sifatida to‘lash bo‘lgan. Shuning uchun ham bozorlar obod edi. Tabaqalashgan soliqlarni tartibga solishda “Temur tuzuklari” muhim manba rolini bajargan. Shu bois, Amir Temur davlatida ichki va tashqi bozor yanada rivojlandi. Samarqand atrofida yangi qishloqlar barpo qilinib, ular Sharqning buyuk shaharlari nomi bilan ataldi. Yangi bozorlar, savdo rastalari qurildi, shahar atrofida turli yoymalar (yarmarkalar) o‘tkazildi. Bular haqida ispan yozuvchisi Rui Gonzales de Klavixo, Herman Vamberi va Ibn Battuta ko‘plab ma’lumotlar yozib qoldirgan. Bu davrda Samarqand Sharqning nafaqat siyosiy, balki yirik savdo markazlaridan biriga ham aylandi, o‘ziga xos xalqaro mol ombori vazifasini bajardi. Bu yerda Damashqning mohir tikuvchilari, Halabning yigiruv, Anqaraning movut korxonalari, Turkiya va Gurjistonning zargarlik ustalari to‘plangan. Bunda, albatta, o‘lkadan yirik savdo yo‘li o‘tganligi muhim rol o‘ynadi. Yo‘llar tuzatildi, karvonsaroylar, robotlar, sardobalar, ko‘priklar qurildi, shaharsozlik gurkirab rivojlandi, savdo iqtisodiyotning muhim tarmog‘iga aylandi.
Unutmaslik kerakki, bu davrda barcha iqtisodiy munosabatlar islom iqtisodiyoti va moliyasi tamoyillariga asoslangan. Amir Temur saltanatining soyasi yetgan yerlarda karvon yo‘li bexatar, savdo jonli edi. Qit’alararo Buyuk ipak yo‘li orqali nafaqat ikki o‘rkachli Baqtriya tuyasiga ortilgan Xitoy ipagi mamlakatlardan mamlakatlarga o‘tardi, shu bilan birga, bu tranzit yo‘l turli tilda gaplashuvchi, turli dinga e’tiqod qiluvchi, turli podsholarga bo‘ysunuvchi el va elatlarni, xalqlarni bir-birlari bilan bog‘lovchi ko‘prik vazifasini ham o‘tardi. Karvon bilan savdogarlar, elchilar, hojilar, sayyohlar, darveshlar, olimlar, filantroplar va xat tashuvchilar borishgan. Xalifalikning Bulg‘orga yuborgan karvonida 3 ming tuya va ot, 5 ming kishi bo‘lganligi ushbu karvon yo‘lining salohiyatidan darak beradi.
Buyuk ipak yo‘lining ravnaqi ko‘p jihatdan, garchi u islomgacha sodir bo‘lgan hodisa esa-da, islom dunyosining kengayishi va musulmon madaniyatining yuksalishi bilan bog‘liq. Bu yo‘l Ispaniya, Hindiston yarimoroli va bu yerdan Tinch okeani havzasida joylashgan Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlarigacha yetib borgan. Tinch okeani Osiyo qismidagi qator mamlakatlar aholisi bir qismining islom dinini qabul qilishida musulmon savdogarlar muhim rol o‘ynagan.
Tabiiyki, Temur va temuriylar davrida iqtisodiy rivojlanish saltanatning parchalanishi yoki dengiz yo‘llarining ochilishi bilan yo‘q bo‘lib ketmadi. Faqat endi markaz Samarqanddan Buxoro va Xivaga ko‘chdi. Bundan keyin Rossiya bilan savdoiqtisodiy aloqalar tezlashdi, chunki bu ikki tomonlama manfaatli edi. Moskvani bu zamin Hindistonga o‘tadigan tranzit yo‘l sifatida ko‘proq qiziqtirardi.
Amir Temurning kuchli shaxsiy irodasi tufayli amalga oshirilgan iqtisodiy yuksalish ilmiy-madaniy taraqqiyotga yo‘l ochdi va u Ikkinchi Renessans (XIV-XV asrlar) nomini oldi. Bu davr Ulug‘bek, Gʻiyosiddin Koshiy, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi, Lutfiy, Jomiy, Navoiy, Behzod, Bobur kabi olamga mashhur shaxslarni yetkazib berdi.
Ikkinchi Renessansning xarakterli jihatlaridan biri shuki, Birinchi Renessans mo‘g‘ullar istilosi, antik madaniyat esa xunlar va vandallar istilosi ta’sirida tanazzulga yuz tutgan bo‘lsa, u esa ko‘p jihatdan iqtisodiy omil hisobiga – dengiz yo‘llarining ochilishi bilan karvon yo‘llarining xalqaro ahamiyati pasayishi ta’sirida chuqurlashib bordi. Uyg‘onish va ma’rifatparvarlik ruhi endi Yevropaga ko‘chdi.
Yurtimiz barcha ishlab chiqarish usullariga daxldor bo‘lsa-da, yevropaliklar o‘zlarining betakror xususiyatlari va qirralariga ega bo‘ldi. Bu yerda an’anaviy quldorlik tuzumi bo‘lmaganligi (quldorlik munosabatlari jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining mazmunini belgilamaganligi) va dehqon yer egasiga emas, balki yerning o‘ziga biriktirilgan. Jamoaviylik hamisha jamiyatning ijtimoiy-siyosiy tizimi qirralarini yuvib, uni yumshatib keldi.
Bugun Uchinchi Renessans poydevorini yaratish taraqqiyotimizning maqsad va mazmuni sifatida belgilangan ekan, bu moʻtabar g‘oyaning sharafini tushirmaslik, uni tasavvurdan real hayotga olib kirish, shunchaki shior, chaqiriq bo‘lib qolmasdan harakat uchun qo‘llanma bo‘lishini ta’min etmoq lozim. Buning uchun zarur bo‘lgan eng muhim omillar – iqtisodiy asoslar, mustahkam e’tiqod, kuchli shaxsning siyosiy irodasi mavjud.
2021-yilda O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulot ishlab chiqarish 7,4, sanoat – 9,5, xizmat ko‘rsatish – 20, qurilish 6 va qishloq xo‘jaligi 4 foizga o‘sdi. Jahon banki farazlariga ko‘ra, 2022-2023-yillarda o‘rtacha o‘sish sur’ati O‘zbekistonda Yevroittifoq, Rossiya va boshqa MDH mamlakatlariga nisbatan 2-3 barobar yuqori bo‘ladi.
O‘zbekiston global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz va pandemiya sharoitida ham iqtisodiy o‘sishga, inqirozdan rivojlanish orqali chiqish yo‘lini tutgan va unga erishgan dunyodagi kamdan-kam mamlakatlar sirasiga kiradi. Agar o‘sishning sifat darajasiga erishilsa, ya’ni aholi turmush darajasi yalpi ichki mahsulot o‘sishidan ortda qolmasa, yanada yaxshi. Ammo bugun haqiqat shundan iboratki, inson rivojlanish indeksi ko‘rsatkichlaridan faqat ta’lim bo‘yicha oldingi o‘rinlarda turamiz. Ko‘rilayotgan keskin chora-tadbirlarga qaramasdan umr uzunligi va aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha orqadamiz.
Mehnatga haq to‘lashning minimal va o‘rtacha darajalari bo‘yicha ham deyarli shunday holat. Biz mustaqillik tongidagi start imkoniyatlarini boy bergan avlodmiz. Bugun barcha sohada ochiqlikka erishish, mehnat ahliga qulayliklar yaratish bo‘yicha qilinayotgan ishlar ko‘lami katta. Institutsional o‘zgarishlar, ishlab chiqarish va xizmatlarni tashkil qilish hamda boshqarishning yangi samarali shakllaridan foydalanish, innovatsion, yuqori texnologiyali, raqamli iqtisodiyotga o‘tish ishlari jadallashmoqda.
Iqtisodiyotni rivojlantirish omillaridan biri investitsiya, soliq, kredit sohalarida asta-sekin eksklyuziv imtiyozlardan inklyuziv (barchaga barobar) tizimga o‘tish, yashirin iqtisodiyot va korrupsiya darajalarini keskin kamaytirishdir. Chunki ular mavjud bo‘lgan joylarda “chiptasiz yo‘lovchilar” paydo bo‘ladi, halol tadbirkorlarning “qo‘liga uriladi”, monopolizm saqlanib qoladi.
Bu ishlarning samarasi, yaratilayotgan ishlab chiqarish quvvati baribir o‘zining butun bo‘y-bastini yaqin kelajakda ko‘rsatadi, albatta.
Derazamizning orqasida XXI asr shabadasi esayotgan, insoniyat Oy va Marsga uchib, u yerdan makon axtarayotgan, nanotexnologiyaga o‘tilib, kishilar tashqaridan turib jismning millionlab zarralarini boshqarayotgan bir pallada bizning shaxsiy avtomobil oynasini qancha foiz qoraytirish va unga qancha to‘lash yoki bo‘lmasa jo‘ngina oila, turmush ikir-chikirlarini muhokama qilib yurishimiz achinarli holat. Nahotki bundan 100 yillar oldin jadid bobolarimiz ko‘targan ma’naviy va ma’rifiy talablar darajasiga hali yeta olmagan bo‘lsak.
Najot qayerda? Najot yo‘lini ham Prezidentimiz o‘zi ko‘rsatib berdi. Ya’ni biz ko‘zlagan ulug‘ marraga ta’lim sektorini kuchaytirish orqaligina yetishimiz mumkin. Prezidentimizning “Uchinchi Renessans maktab ostonasidan boshlanadi”, degan so‘zlari bunga dalildir. Yaqinda mamlakatimiz rahbari maktablar faoliyatini rivojlantirish masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda “To‘g‘risini aytsam, taqdirimiz o‘qituvchilar qo‘lida”, deya muammoni lo‘nda aytdi-qo‘ydi. Prezident, iqtidorli bolalar, ijod maktablari tashkil qilinmoqda.
Oliy ta’limga qabul darajasi qisqa vaqt ichida 10 foizdan 33 foizga yetkazildi, yaqin yillardagi marra esa 50 foiz qilib olindi. Shu maqsadda o‘nlab davlat, qo‘shma va xususiy oliy ta’lim dargohlari ochilmoqda. 60 yildan ziyod faoliyat yuritib kelayotgan mamlakat ilm-fani shtabi – Fanlar akademiyasi jar yoqasidan qaytarib qolindi. To‘g‘ri, sifat muammosi bor. Miqdor albatta bir kun kelib sifatga aylanadi, bu – qonuniyat.
Bugun tamal toshi qo‘yilayotgan Uchinchi Renessans barcha renessanslar zanjirining bir halqasidir. Chunki o‘tmishsiz kelajak yo‘q. Teran anglab olishimiz lozim: biz yashayotgan bugungi damlar tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan davrdir. Hozir renessanslar o‘rtasida ulkan ko‘prikka asos solinmoqda. Bu ko‘prik taraqqiyotning oltin ko‘prigi. U mustahkam va muhtasham bo‘lishi kerak. Negaki bu ko‘prikdan kelajak karvoni o‘tadi.
Nurislom TO‘XLIYEV,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 29-mart, 62-son
Izoh qoldirish