459

Navbatdagi seminar-treninglar Samarqandda bo‘lib o‘tdi

Ma’lumki, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi o‘qituvchilari BMT Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi va O‘zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasining “Islomda gender” mavzusidagi loyihasida ishtirok etib, Buyuk Britaniya hukumatining ko‘magida “Islomda gender masalalarining o‘ziga xos tamoyillari” nomli o‘quv qo‘llanmani ishlab chiqdi. Ushbu o‘quv qo‘llanma bo‘yicha Akademiya huzuridagi Malaka oshirish markazining viloyatlardagi filiallarida seminar-treninglar o‘tkazilmoqda. 

Kuni kecha O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazi Samarqand filiali bilan hamkorlikda “Islomda gender masalalarining o‘ziga xos tamoyillari” nomli o‘quv qo‘llanma bo‘yicha seminar tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xujayev, BMTning aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Kamolxon Inomxo‘jayev, “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi mudiri doktor Mirodil Haydarov, “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi o‘qituvchisi Nigora Yusupova, shuningdek, otinoyilar hamda targ‘ibot guruhi yetakchilari ishtirok etdi.

Tadbirni B.Xujayev va K.Inomxo‘jayev kirish so‘zi bilan ochib berib, loyiha va yaratilgan kitob haqida yig‘ilganlarga ma’lumot berishdi. 

Seminarda Nigora Yusupova va Mirodil Haydarov qo‘llanmada ayollar masalasining umumijtimoiy jihatlari, ijtimoiy­ tarixiy negizlari, uning madaniy-ma’naviy xususiyatlarini hamda islom ta’limotida ayollar masalasini hal etishning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy, ma’rifiy­tashkiliy jihatdan o‘ziga xosligini huquqiy nuqtai nazardan tadqiq etilgani, shu bilan birga huquqiy hamda diniy normalarni o‘z ichiga olgan islom huquqining tuzilishini inobatga olib, tadqiqotda islomda ayol huquqlarini islom huquqining asl manbalari Qur’oni karim va hadislar asosida ochib berilganini batafsil tushuntirib o‘tishdi.

Shuningdek, kitobdagi islom huquqida ayol masalasini fuqarolik huquqi, oila huquqi, siyosiy huquq nuqtai nazaridan hal etishning ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy ­axloqiy asoslari, islom huquqi normalarida oilaviy munosabatlarga kirishishdagi ayollarning huquqlari, mahrga oid huquqlar, nafaqa, meros taqsimotidagi ulushlari, siyosiy huquqlari, gender va gender tengligi, reproduktiv salomatlik hamda ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish masalalarini yoritib berildi.

Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy muhofaza qilish borasida qabul qilingan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar ularning mazmun-mohiyati atroflicha izohlab berildi. Seminar yakunida ishtirokchilar bunday ma’lumotga boy tadbirlar ularning kundalik ish faoliyatida g‘oyat ahamiyatli ekanini ta’kidladilar.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish