457

Termizda Akademiya o‘qituvchilari tomonidan yaratilgan qo‘llanma bo‘yicha trening o‘tkazildi

So‘nggi yillarda yurtimizda gender tengligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Gender tenglik nafaqat inson huquqini ta’minlash, balki jamiyatni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadigan ezgu qadriyat sanaladi. Qolaversa, gender tenglik – mamlakatning demokratik taraqqiyot darajasini ko‘rsatuvchi indikatorlardan biri hisoblanadi. 

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 46-moddasida “Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar”, deb belgilab qo‘yilgan. Buning samarasi o‘laroq, so‘nggi yillarda jamiyatning turli sohalarida, ham milliy, ham mintaqaviy darajada ayollarning roli va mavqeyida ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan 2019-yil 2-sentabrda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi yangi qonunlar hamda 2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi qabul qilingani bu boradagi islohotlarning mantiqiy davomi deyish mumkin. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi ham gender tenglikni ta’minlash masalasida ko‘plab xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilmoqda. Jumladan, o‘tgan yili BMT Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi va O‘zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasining “Islomda gender” mavzusidagi loyihasida ishtirok etib, Buyuk Britaniya hukumatining moliyaviy ko‘magida “Islomda gender masalalarining o‘ziga xos tamoyillari” nomli o‘quv qo‘llanmani ishlab chiqdi.

Mazkur kitob O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining Xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha prorektori, doktor Bahromjon Mamadiyev, “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi mudiri doktor Mirodil Haydarov hamda kafedra o‘qituvchisi Nigora Yusupova tomonidan yaratilgan.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazi Termiz filialida mazkur o‘quv qo‘llanma bo‘yicha trening bo‘lib o‘tdi. BMT Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tayyorlangan mazkur qo‘llanmada respublikada islomda gender tenglik mohiyati, ayol huquqlari va erkinliklariga doir islom konsepsiyasi, islom huquqida ayolning huquqiy maqomini tadqiq etishga bag‘ishlangan maqolalar o‘rin olgan. Mazkur kitob bu sohadagi ilk tadqiqot hisoblanadi.

Treningda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xujayev, UNFPAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi mutaxassisi Shohista Xodjayeva, “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi mudiri doktor Mirodil Haydarov, “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi o‘qituvchisi Nigora Yusupova, shuningdek, otinoyilar hamda targ‘ibot guruhi yetakchilari ishtirok etdi.

Tadbirni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xujayev kirish so‘zi bilan ochib berarkan, loyiha va yaratilgan kitob haqida yig‘ilganlarga ma’lumot berdi. 

Treningda Nigora Yusupova va Mirodil Haydarov qo‘llanmada ayollar masalasining umumijtimoiy jihatlari, ijtimoiy­tarixiy negizlari, uning madaniy­ma’naviy xususiyatlarini hamda islom ta’limotida ayollar masalasini hal etishning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy, ma’rifiy­tashkiliy jihatdan o‘ziga xosligini huquqiy nuqtai nazardan tadqiq etilgani, shu bilan birga huquqiy hamda diniy normalarni o‘z ichiga olgan islom huquqining tuzilishini inobatga olib, tadqiqotda islomda ayol huquqlarini islom huquqining asl manbalari Qur’oni karim va hadislar asosida ochib berilganini batafsil tushuntirib o‘tishdi.

Shuningdek, kitobdagi islom huquqida ayol masalasini fuqarolik huquqi, oila huquqi, siyosiy huquq nuqtai nazaridan hal etishning ijtimoiy-­iqtisodiy, ma’naviy ­axloqiy asoslari, islom huquqi normalarida oilaviy munosabatlarga kirishishdagi ayollarning huquqlari, mahrga oid huquqlar, nafaqa, meros taqsimotidagi ulushlari, siyosiy huquqlari, gender va gender tengligi, reproduktiv salomatlik hamda ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish masalalarini yoritib berildi. 

Shuningdek, so‘nggi yillarda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy muhofaza qilish borasida qabul qilingan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar ularning mazmun-mohiyati to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Seminar yakunida ishtirokchilar bu kabi erkin va ochiq ruhda o‘tgan muloqotlarni muntazam o‘tkazib turish ish faoliyatlarida samarali yordam berishini qayd etishdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish