Zukko kitobxonlar taqdirlandi
Kitob inson umr yo‘lini yorituvchi so‘nmas nur bo‘lib, hayotimizga mazmun baxsh etadi. Insonning ma’naviy kamolotini ta’minlashda kitob singari kuchli qudratga ega vosita yo‘q. Shu bois, bugun jamiyatimizda kitobxonlikni rivojlantirish, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida mutolaa madaniyatini rivojlantirishga alohida e’tibor berilib, ko‘plab samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Turli tanlovlar, viktorinalar o‘tkazilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri sifatida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Zukko kitobxon” ko‘rik-tanlovi tashkil etildi. Unda Akademiya talabalari o‘zlarining bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi. Tanlov g‘olib-sovrindorlarini taqdirlash maqsadida “Kitob – ma’naviyat xazinasi” nomlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, shoir Nodir Jonuzoq, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari, xodimlari hamda talaba-yoshlari ishtirok etdi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov tabrik so‘zi bilan ochib berdi. Akademiya rektori yurtimizda kitobxonlikka e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, shoir Nodir Jonuzoq so‘z olib, kitob va kitob mutolaasining inson hayotida tutgan o‘rni, kitob o‘qigan inson har tomonlama zakovatli va tafakkuri boy bo‘lishini qayd etdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida o‘tkazilgan “Zukko kitobxon” loyihasida g‘olib bo‘lgan hamda kitobxonlikni faol targ‘ib etishda qo‘shgan hissasi uchun bir guruh talaba-yoshlar mutasaddilar tomonidan taqdirlandi.
Rasmiy tadbirlardan so‘ng kitobxonlik bo‘yicha videorolik namoyish etildi. Talabalar tomonidan she’rlar, turli tillarda kichik hikoyalar o‘qildi. Taniqli san’atkorlarning musiqiy chiqishlari tadbirga yanada fayz ulashdi. Kitobxonlik viktorinasi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Shuningdek, Akademiya foyesida yangi nashr etilgan kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Muxtasar aytganda, kitob mutolaasi inson dunyoqarashini keng, tafakkurini boy qilish bilan birga, mulohazali, turli yot g‘oyalar, kamolotga ta’sir qiluvchi illatlar domiga tushib qolishdan asraydi. Kitob insonni hayotiy muammolariga yechim topib, uning adolatli bo‘lishi, bag‘rikenglik, insonparvarlik kabi fazilatlarini yuksalishida muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish