549

14-FEVRAL – SHOH VA SHOIR ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR TAVALLUDI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI

Assalom-u alaykum, qadrli hamkasblar! 

Ilmga chanqoq talaba-yoshlar!

Ma’lumki, har yili fevral oyida yurtimizda ikki buyuk siymo – Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludi keng nishonlanishi an’anaga aylangan. Shu ma’noda, kuni kecha so‘z mulkining sultoni hazrat Mir Alisher Navoiy tavalludining 581-yilligi mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlandi. Xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham mazkur sana katta tantana, o‘zgacha shukuhda kutib olindi. 

Bugun esa yana bir ulug‘ bobokalonimiz, shoh va shoir, davlat va jamoat arbobi, dilbar shaxs Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 539-yilligini nishonlayapmiz.

Nafaqat yurtimiz, balki xorijda ham buyuk siymo — Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodini o‘rganishga alohida e’tibor qaratilayotir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, “Bobur Mirzo xalqimizning buyuk farzandi. Adabiyot, ilm, ma’rifat nuqtai nazaridan u hamon yashayapti”!

Qadrli tolibi ilmlar, hurmatli ustoz-murabbiylar!

Ulug‘ ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur garchi Hindistonda salkam uch yuz yil hukmronlik qilgan Boburiylar imperiyasigan asos solgan bo‘lsa-da, kindik qoni to‘kilgan Vatani – Andijonni bir lahza ham unutgani yo‘q. U ona diyorini haddan ziyod sevib, Vatanidan olisdaligi uchun ko‘p g‘am-alam chekardi. Bu uning ijodida o‘ziga xos iz qoldirdi Xususan, ulug‘ vatandoshimiz bir ruboyisida shunday yozadi: 

Toli yo‘qi jonimga balolig‘ bo‘ldi,   

Har ishniki ayladim xatolig‘ bo‘ldi.

O‘z yerni qo‘yib, Hind sori yuzlandim,

Yo Rab, netayin, ne yuz qarolig‘ bo‘ldi. 

Ammo o‘z navbatida hind xalqining ulug‘ farzandi, davlat arbobi Javoharla’l Neru Bobur Mirzo va boburiylarning Hindistondagi faoliyati haqida quyidagi fikrlarni aytib o‘tgan:

“Bobur dilbar shaxs, Uyg‘onish davrining tipik hukmdori, mard va tadbirkor odam bo‘lgan. U san’atni, adabiyotni sevardi, hayotdan huzur qilishni yaxshi ko‘rardi”.

Bobur Mirzoning buyukligi shundaki, u qaysi yurtga hukumdor bo‘lmasin, eng avvalo, jaholatga emas, ezgulikka, adolatga xizmat qildi. Mahalliy aholining farovonligi, ma’naviy-ma’rifiy yuksalishiga hissa qo‘shdi. Yurtni obod qilishga kirishdi, muhtasham obida va bog‘lar bunyod etdi. Uning oqilona siyosatini davom ettirgan vorislari esa bugun ham dunyoning yetti moʻjizasi sifatida e’tirof etib kelinayotgan Tojmahal, Qizil qal’a kabi noyob, muhtasham arxitektura yodgorliklari, masjidu madrasalar bunyod ettirdi. 

Azizlar!

Bobur Mirzo benazir ijod sohibi bo‘lganini yaxshi bilasiz, albatta. ijodkorning memuar asari – “Boburnoma”, nafaqat milliy adabiyotimizning noyob durdonasi, shuningdek, jahon adabiyotining nodir namunalaridan biri sanaladi. Ushbu qomusiy asar 30 dan ortiq tilga tarjima qilingan. Bobur va boburiylar sulolasiga oid bebaho manbalar jahonning 70 dan ortiq muzeylarida saqlanyapti.

Zahiriddin Muhammad Boburning ilm-ma’rifat haqidagi g‘oyalari, odob-axloq, yaxshilik, vafo, insonparvarlik, adolat haqidagi qarashlari, axloqiy-ta’limiy fikrlari hozirgi davrda ham yoshlar tarbiyasida ham g‘oyat ahamiyatlidir.

Shoir “Mubayyin”, “Xatti Boburiy”, “Harb ishi” kabi asarlar yozdi. Birgina Parij kutubxonasidan o‘rin olgan “Risolayi aruz”da aruzning 537 ta vazni haqida so‘z boradi va hassos shoir o‘z fikrlarini isbotlash maqsadida 70 dan ortiq ijodkorlarning asarlaridan misollar keltiradi. “Risolayi volidiya” kitobi esa adibning iste’dodli tarjimonligini ko‘rsatadi. Umuman, ijodkorning bizgacha saqlanib qolgan lirikasi soni 400 dan ortiqni tashkil qiladi. 

Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining hukmronlik davrida ilm-ma’rifatni davlat siyosati darajasiga olib chiqqan. Bobur va uning avlodlari hamisha ilg‘or fikrli ilm-ma’rifat ahli, ijodkorlar, kosib-u hunarmand, bog‘bon-u ziroatchiga katta hurmat-ehtirom ko‘rsatib kelgani bois mamlakat taraqqiy etib, el farovon yashashgan. 

Qadrli talaba-yoshlar!

Bugun zamonaviy O‘zbekiston yangi yuksalish bosqichiga qadam qo‘ygan. Ushbu davrda xalqimiz ulug‘ ajdodlari boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, uni dunyoga tarannum etish asnosida eng so‘nggi ilm-fan hamda kasb-hunar sirlarini o‘rganishga katta e’tibor qaratmoqda. Ishonamizki, ushbu yo‘nalishdagi davlatimiz investitsiyasi yurtimizda Uchinchi Renessans davrining bo‘y ko‘rsatishiga poydevor bo‘lajak.

Shu ma’noda, davrning turli taloto‘plari, ixtiloflariga duch kelsa-da, yuksak insoniy tuyg‘ularni saqlab qola olgan, dunyo ilm-fani, madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan shoh va shoir – Zahiriddin Muhammad Bobur nomi umrbod unutilmaydi! U qoldirgan boy ilmiy-ma’naviy meros, muhtasham me’moriy obidalar asrlar osha yosh avlodlarni ulug‘ maqsadlarga da’vat etib, ma’naviy kuch-quvvat manbai bo‘ladi! 

Ilm-fan, madaniyat cho‘qqilarini zabt etishda Sizga sihat-salomatlik va ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

Muzaffar KOMILOV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori

Izoh qoldirish