Nedur ahvoling, ey zori g‘aribim... yoxud Navoiyning “Farhod va shirin” dostonida norozilik notasi, bayonoti bitilgan ritorik murojaatlar qanday bo‘lgan?
9-FEVRAL – ALISHER NAVOIY TAVALLUDI KUNI
Sharq she’riyati, jumladan, o‘zbek mumtoz lirikasi badiiy san’atlarining ko‘pligi bilan ham o‘ziga xos uslub jilolariga ega. Agar biz bu haqda poetikaga oid bo‘lgan Xorazm adabiy muhitining yirik nazariyotchi olimi Rashididdin Votvotning “Hadoyiq us-sehr”, Mirzo Ulug‘bek madaniy yuksalish davri o‘zbek adabiyotining mashhur olimi Shayx Ahmad Taroziyning “Funun ul-balog‘a” va Alisher Navoiyning zamondoshi Atoulloh Husayniyning “Badoyi’u-s-sanoyi’” asarlari hamda To‘raqul Zehniyning “San’ati suxan”, Alibek Rustamovning “Navoiyning badiiy mahorati”, Yoqubjon Isoqovning “So‘z san’ati so‘zligi”, Vahob Rahmonovning “Badiiy san’atlar” kitoblarida va “Adabiyotshunoslik terminlari lug‘ati”da aytilgan ilmiy-nazariy fikrlarga va keltirilgan tamsillarga tayanadigan bo‘lsak, ularda 100 dan ortiq she’riy san’atlar borligi aytilgan.
Biz ushbu maqolada yoritmoqchi bo‘lgan ritorik murojaat she’riy san’ati borasida o‘tmish va davrimiz olimlarining ilmiy-nazariy mazmundagi kitoblarida ham ma’lumotlar, fikrlar, izohlar aytilgan. Ritorik murojaat san’ati ko‘rinishi hamda bayon qilish uslubiga ko‘ra, xalqona, so‘zlashuv uslubiga yaqin bo‘lib, uning mazmun va mohiyatida ijodkorning badiiy-estetik tafakkuri, his-tuyg‘ulari, falsafiy fikrlari, bayonoti, mualliflik huquqi masalasi kabi jihatlar aniq va ochiq tarzda ifodalanadi. “Ritorik murojaat – nido va xitob tarzidagi murojaat, stilistik usullardan biri. Ritorik murojaat ham ritorik so‘roq singari she’riy ritmik nutqda intonasiyani kuchaytirishga xizmat qiladi”. Yoki navoiyshunos olim Yoqubjon Isoqovning mazkur san’at haqidagi fikrlariga murojaat qilsak: “Ritorik murojaat – qadimgi davrlarda (Yunon-Rim) notiqlik san’atining muhim jihatlaridan biri bo‘lgan. Ritorik murojaat badiiy adabiyotda uslubning hissiyligini ta’minlovchi omillardan biriga aylangan.
Ritorik murojaat mohiyati, uslubiy jilolari shoirning maqsadi va murojaat doirasining (Allohdan tortib turli mavqedagi muayyan shaxslar va h.k.) tabiati bilan bog‘liq holda, xilma-xil bo‘lishi mumkin. To‘g‘ridan-to‘g‘ri tinglovchiga qaratilgan nido, xitob tarzidagi poetik murojaatlarni barcha zamon va barcha milliy she’riyatda uchratish mumkin.
To‘g‘ri, ustoz olim mumtoz lirikamizning ushbu go‘zal she’riy san’atini Yunon-Rim notiqlik san’ati bilan bog‘lagan, ammo Sharqda ham notiqlik san’ati yuksak darajada rivojlangan va alohida fan sifatida madrasa kabi ta’lim maskanlarida o‘qitilgan. Masalaga shu ma’noda qaraydigan bo‘lsak, ritorik murojaat san’atining genezisi, ildizlari ko‘hna Sharqda mavjud bo‘lgan notiqlik san’ati bilan chambarchas bog‘liq. Mazkur san’at ko‘plab ijodkorlarning lirikasida mahorat bilan qo‘llanganining guvohi bo‘lamiz, ammo “oliy” va “navoiyona uslub”ga xos she’riy san’atlar qatorida ritorik murojaat san’ati ham o‘ziga xos mavqega ega.
Alisher Navoiy o‘zining barcha lirik merosida – xoh “Xazoyin ul-maoniy”, xoh “Devoni Foniy” yoki “Xamsa” yoki o‘zbek-forsiy tilida bitgan qasidalari bo‘ladimi, barchasida mazkur san’atdan samarali va san’atkorlik bilan foydalangan. Ammo biz bu maqolada ko‘proq ritorik murojaatni buyuk xamsanavisning “Farhod va Shirin” dostoni misolida o‘rganishga harakat qildik.
Umuman olganda, Alisher Navoiy o‘z lirikasida ham, “Farhod va Shirin” dostonida ham yuksak mahorat bilan qo‘llagan ritorik murojaat san’atini ikki turga tasnif qilib o‘rganish maqsadga muvofiq:
1. Alisher Navoiy qo‘llagan Olloh, Yo Rab, falak, soqiy, mug‘anniy, sabo, shabboda, yel, nasim, oshiq, ma’shuqa, raqib, Atorud (Utorid, Tir) kabi an’anaviy xarakterdagi ritorik murojaatlar.
2. Alisher Navoiy o‘zi yaratgan, ya’ni “oliy va navoiyona” uslubga xos bo‘lgan Qaro ko‘zim, Surush, Hotif (farishtalar), so‘z, qalam, kilk, siyohdon, dunyo, olam, jahon, gardun, nigoro, mahvasho, ko‘zyosh, ajal, g‘am, ishq, Navoiy, Foniy singari yangicha talqindagi poetik murojaatlar.
Agar ulug‘ shoir yaratgan ritorik murojaatlarning qo‘llanishi va joylashgan o‘rni borasida to‘xtaladigan bo‘lsak, birinchidan, ular misra yoki baytlar matnida doimo turg‘un holda kelmaydi, balki misra, baytlarning boshida, o‘rtasida va oxirida kelsa, ikkinchidan, ritorik murojaatlar tuzilishiga ko‘ra, sodda – bir jumla, so‘z yoki murakkab – so‘z birikmasi, gap shaklida bo‘ladi, uchinchidan, muallif matnda dedi fe’lini qo‘llashi mumkin, to‘rtinchidan esa ayrim ritorik murojaatlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo intoq san’ati yordamida Navoiyning o‘ziga murojaat, xitob qilgan poetik tasvirlar ham bor.
Masalan, “Farhod va Shirin” dostonida fayzli ilhomiy onlar so‘rab, daho shoirning o‘zi Surush, Hotif kabi farishtalarga ritorik murojaat qilib misralar bitgan bo‘lsa va, o‘z navbatida, Navoiy mahorat bilan qo‘llagan poetik usul vositasida ushbu farishtalar ham ulug‘ shoirning o‘ziga ritorik murojaat qilib, go‘yo uning ijodiga yordam bergandek bo‘ladi va Navoiyni tinchlantiradi, botin va zohiridagi g‘ubor, vasvasa, savdolardan xalos bo‘lishiga hamda “Xamsa”ning ikkinchi dostonini yozishiga madadkorlik qiladi. Xuddi shu usuldagi kabi ritorik murojaatlar “Saddi Iskandariy”da ham mavjud.
Shuni alohida ta’kidlash zarurki, Navoiyning o‘zbek va fors tilida bitgan 3200 dan ortiq g‘azallari maqtasida o‘ziga qarata aytgan Ey Navoiy, Navoiy, Foniy kabi ritorik murojaatlari tom ma’noda ritorik murojaat san’atining yangi turlaridir. Ularda ulug‘ shoirning so‘z muddaosi va bayonoti, norozilik notasi, xitoblaridan tashqari, asar yo g‘azallar faqat Alisher Navoiyning qalamiga mansub ekanligini ko‘rsatuvchi, ya’ni mualliflik huquqini ta’minlab beruvchi muhim vosita, dalillardan biri hisoblanadi.
Umuman, ritorik murojaat badiiy san’atining har ikki turi ham Alisher Navoiyning so‘z muddaosini, niyat, istagini hayotning ma’lum bir badiiy talqinlarini, ijtimoiy-falsafiy, ta’lim-tarbiyaviy, didaktik qarashlari, dardu balo ifodasi bo‘lgan og‘riqli nuqtalarining ta’sirli va zavqli chiqishiga katta xizmat qilgan. Fikrimiz isboti uchun u mahorat bilan topib qo‘llagan ritorik murojaat san’atining ba’zilarini sharhlashga harakat qilamiz.
Shuni alohida ta’kidlash zarurki, mashhur qaro ko‘zim ritorik murojaati ustoz Yo.Ishoqov tomonidan tadqiq qilingan. Shuning uchun biz bu o‘rinda eslatma tarzida ritorik murojaat qo‘llangan g‘azal matlasini keltirish bilan kifoyalanamiz. Qo‘shimcha izoh sifatida esa matlaning birinchi misrasi boshida kelganligi va so‘z birikmasi shaklida ifodalangan murakkab turdagi ritorik murojaat ekanligini aytib o‘tamiz, xolos:
Qaro ko‘zum, kelu mardumlug‘ emdi fan qilg‘il,
Ko‘zum qarosida mardum kibi vatan qilg‘il.
Ey sabo, sabo, nasim, yel, shabboda Alisher Navoiy lirikasida qo‘llangan an’anaviy xarakterdagi ritorik murojaat san’ati bo‘lib, uni shoir misra va baytlarda ustalik bilan qo‘llagan, chunki ey sabo, sabo, nasim, yel, shabbodaga aytgan ritorik murojaatga biz faqat lirik she’rlar matnidagina emas, balki masnaviyda bitilgan “Xamsa” dostonlarining bosh qahramonlari nutqida ham duch kelamiz. Masalan, ko‘ngli hajr toshidan siniqqan Farhod tongda saboga murojaat qilib, u orqali, ota-onasiga, ustozi Mulkoroga salom yo‘llar ekan, unda o‘zining ayanchli ahvolini ham bayon qilgan. Farhodning bu ritorik murojaatini qaysidir ma’noda uning vidolashuv nutqi deb aytishimiz ham mumkin. Demak, Navoiy saboga murojaat orqali asarda, “Anga farzona Farhod ismini qo‘ydi, Hurufi maxazin besh qism qo‘ydi”, deb tanishtirgan bosh qahramonining ichki ruhiyatini, sog‘inch-salomini, hijronini va uning insoniylik qiyofasini, odamiylik sha’nini mahorat bilan ko‘rsatib berishga harakat qilgan.
Dostonda Shirin tilidan Farhodga aytilgan ey zori g‘aribim ritorik murojaati ham juda ta’sirli chiqqan:
Nedur ahvoling, ey zori g‘aribim,
Visolim davlatidin benasibim!
Yoki “Qilay Majnun kibi ko‘nglimni xoli”, deya Farhod tilidan Shiringa qarata aytilgan, Nigoro, mahvasho, iffatpanoho, Jahon mahvashlarig‘o podshoho kabi ritorik murojaatlar ham hayajonli chiqish bilan birga to‘rtta sifatlash sanash ohangida uyushiq holda ham kelgan. Mazkur baytning boshdan-oxir to‘liq ritorik murojaat san’atiga qurilgani esa tahsinga loyiq:
Nigoro, mahvasho, iffatpanoho,
Jahon mahvashlarig‘o podshoho!
O‘rganishimizga ko‘ra, Navoiy qo‘llagan ritorik murojaatlardan eng ta’sirlisi ijod ahli homiysi bo‘lgan Atorud sayyorasiga qilgan ritorik murojaatlaridir. Atorud (Utorid, Tir) – Merkuriy sayyorasining Musulmon Sharqidagi nomi. Sharq mifologiyasida Atorud ijodkorlar, qalam ahllarining homiysi hisoblanadi. Ma’lumki, Navoiygacha yashab o‘tgan barcha qalam ahli bu sayyorani ramziy ma’noda o‘zlarning homiysi deb bilgan. Shu sababli ijodlarining unumli, samarali, fayzli bo‘lishi uchun Atorud sayyorasiga ham ritorik murojaat qilib, ko‘plab baytlar, misralar bitishgan. Atorud ba’zi manbalarda osmon kotibi, samo munshiysi deb ham aytilgan. Baxti uxlagan Farhod Atorud – Tirga dedi fe’li bilan Ki, ey do‘stlar holin raqamzan, deya osmonga qarab shunday ta’sirli ritorik murojaat etgan:
Solur erdi nazar ko‘klarga bir-bir –
Ki, nogoh ko‘zlariga uchradi Tir.
Dedi: “Ki ey do‘stlar holin raqamzan,
Sipehr avroqida doim qalamzan.
Qarog‘im aylasang netgay siyohi,
Bitisang holatim sharhin kamohi.
Qachon nur ul quyosh tobidin olsang,
Qoshig‘a chirmabon nomamni solsang”.
Navoiy mahorat bilan qo‘llagan o‘ziga xos ritorik murojaatlardan biri farishta Surushdir. Bu farishta ham ijodkorlar homiysi hisoblanadi. O‘rganishimizga ko‘ra, mazkur murojaatning genezisi mushtarak xarakterdagi kitob – “Avesto”ga borib taqaladi. Navoiy mazkur farishtaga murojaat qilib, uzundan-uzoq baytlar bitgan. Ayniqsa, “Xamsa”ning so‘nggi dostoni “Saddi Iskandariy”ni yakunlashga qiynalgan. Mana shu ijodiy zo‘riqish, qiynoqlar bayonini, poetik talqinini Navoiy farishta Surushga qilgan ritorik murojaatlarida juda ta’sirli ifodalagan. O‘z navbatida, farishta Surush ham Navoiyga ritorik murojaat qiladi va go‘yo muallifni tinchlantiradi va g‘ayrat bilan ijod qilishga undaydi. Ritorik murojaatning bunday betakror ko‘rinishini “Xamsa”ning ikkinchi dostoni “Farhod va Shirin”da o‘qiymiz. Surush – xabar keltiruvchi farishta, dastlab mushtarak yodgorlik “Avesto”da uchraydi. Navoiyning “Xamsa” dostonlari syujetida ilohiy xabarlarni, nidolarni asarning bosh qahramonlariga farishta Surush keltiradi, degan yigirmaga yaqin tasvir va poetik lavhalarni o‘qishimiz mumkin.
Navoiyning dostonda yozishicha, shoh Iskandarga ham Surush bir necha marta ilohiy, ilhomiy tilaklar, hukmdorlar faoliyati, ya’ni mulk ishi bilan bog‘liq xabarlar keltiradi:
Iskandarga bu mujda berdi Surush
Ki, ey odamizod, behuda ko‘sh!
Hamul yerga yettingki, kom aylading,
Husulida yillar xirom aylading.
Navoiy “Saddi Iskandariy”ni yozishga kirishishda, o‘zida mavjud bo‘lgan himmat va ijodiy quvvatga nisbatan ikkilanib turganda, Surushdan nido keladiki, bu esa shoirga g‘ayrat, ijodiy ruh, ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlaydi. Bu ajib, intizorlik bilan kutilgan ijodiy holatni shoir o‘zi ijod qilgan “panjamg‘a hasrat bila boqibon”, “panjamg‘a ul panjani qoqibon” kabi psixologik parallelizmlar yordamida bayon qiladi:
Desam tark etay, qo‘ymayin himmatim,
Desam zo‘r etay, yetmayin quvvatim.
Chu panjamg‘a hasrat bila boqibon,
Bu panjamg‘a ul panjani qoqibon.
Bu andisha mendin olib aqlu hush
Ki, nogoh nido qildi farrux Surush.
Ki:“Ey g‘arqai bahri ajzu niyoz,
Bo‘la olmag‘on dardingg‘a chora soz!
Yetishgil qo‘pub pir dargohig‘a,
Tavajjuh qilib jomi ogohig‘a.
Aning botinidin tila yorliq,
Biyik himmatidin madadkorlig‘.
Ki, quflkim fathidur nopadid,
Anga bor eranlar duosi kalid”.
Ushbu keltirilgan voqeaband misralardan ayonki, shoirga farishta Surush hojating ustozing Jomiy dargohidadir. Ichki ruhiy quvvatni uning botinidan, himmatni esa uning zohiriy madadidan topasan, ya’ni fath kaliting Jomiy kabi oriflarning duosi bilan ochiladi, degan hayratli va shoir tayyorgarlik bilan uzoq kutgan ilohiy, irfoniy xabarni beradi. Farishta Surush obrazini Navoiy “Zand” kabi kitoblardan yaxshi o‘qib o‘zlashtirgani bois, mazkur timsolga uning e’tibori, qiziqishi baland bo‘lgan. Ammo Muhammad (s.a.v.) bilan bog‘liq Me’roj tasvirlaridagi xabarlarda esa shoir mahorat bilan Jabroil (a.s.) obrazini taqdim etgan:
Kelib hosilai Jabroili amin,
Yetib turfa tovusi xuldi barin.
Ollohga to‘la ko‘ngilga, ko‘ngil uyiga, ko‘ngil mulkiga qilgan ritorik murojaat eng ta’sirlisidir.
Istasangkim, ul quyosh chiqqach sanga qilg‘ay tulu’,
Ey ko‘ngul, g‘am sayli yetgach, tog‘dek tutqil sabot.
Ishqing o‘tin gar Navoiy desakim aylay raqam,
So‘zidin kuyar qalam, qurur qora, erir davot.
Ko‘rinib turibdiki, Navoiy ushbu ritorik murojaatida daho shoir so‘zida qalamning kuyishi, siyohning qurib qolishi, davotning erib ketishi kabi mubolag‘a san’atidan ham unumli foydalangan va boshiga g‘am tushgan insonlarni sabotli bo‘lishga chaqirgan.
Ulug‘ shoirning o‘ziga qilgan ritorik murojaatining bir ta’sirli namunasini “Farhod va Shirin” dostonida o‘qiymiz, unda Navoiyning o‘z haddingni bilgil, degan xitobi ifodalangan va bu xitobdan maqsad va muddaoning sababini u 14 baytda tushuntirib bergan.
Navoiy, xomadek tortib uzun til,
Ne dersen, oxir o‘z haddingni bilgil.
Ayniqsa, Gar ortuq so‘z dedim: Astag‘firullo, deb doim ogoh yurgan ulug‘ Navoiy bitgan ritorik murojaatida alloma uslubiga xos bir jihati borki, boshqa shoirlar qo‘llagan ritorik murojaatlarning mazmun va mohiyatida deyarli ko‘rinmaydi. Bu uning norozilik notasi, bayonoti bitilgan ritorik murojaat sanaladi.
Navoiy asar qahramonlari ruhiyatini tasvirlagan chizgilarda bir turkum ritorik murojaatlarni ustalik bilan qo‘llagan. Agar dostonning yana bir lavhasiga e’tibor qilsak, unda ey charxi zarkor, ey baliyat qahramoni, ey tig‘i g‘am, ey charxi kinxoh, ey anduh toshi, ey g‘am, ey ajal, ey ishq, ey falak, hijron g‘ami, ey yosh kabi o‘ndan ortiq sodda va murakkab turdagi ritorik murojaatlar vositasida Farhodning o‘limi oldidan ko‘nglida kechgan dard, ishq o‘tining tug‘yonlarini, nola va hijron tuyg‘ularini tasvirlagan. Birinchidan, doston syujetining nihoyatda ta’sirli poetik lavhasi bo‘lgani uchun, ikkinchidan esa, tahlilda va talqinlarimizda ma’lum bir uzilish va fikrda tarqoqlik bo‘lmasligi uchun mazkur badiiy lavhani to‘liq berishga harakat qildik. Chunonchi:
Ey charxi zarkor:
Debon boshimni yonch, ey charxi zarkor,
Kim, ul ermas bukundin nori darkor.
Ey baliyat qahramoni:
Ko‘zum o‘y, ey baliyat qahramoni
Kim, ul ko‘rmas bu kundin so‘ngra oni.
Ey tig‘i g‘am:
Tilim, ey tig‘i g‘am, kes betavahhum
Kim, emdi istamon ondin takallum.
Ey charxi kinxoh:
Damim yo‘lini tut, ey charxi kinxoh
Ki, bordi emdi chekmak nola-u oh.
Xulosa shuki, ritorik murojaat san’ati Alisher Navoiy “Farhod va Shirin”da eng ko‘p qo‘llagan she’riy san’atlardan biridir. Birinchidan, dostonning bosh qahramonlari va personajlarning ruhiyat tasvirini, ijtimoiy mavqeini, holatini tasvirlash bo‘lsa, ikkinchidan, daho shoir an’anaviy va o‘ziga xos navoiyona uslubga xos ritorik murojaatlardan mahoratli foydalangan. Demak, mazkur she’riy san’at shoirning poetik mahoratidan darak beruvchi xalqona uslubdagi muhim badiiy vositalardan biridir.
Burobiya RAJABOVA,
O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti yetakchi ilmiy xodimi,
filologiya fanlari nomzodi
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 3-fevral, 24-son
Izoh qoldirish