Korrupsiya — taraqqiyotga to‘siq
Jamiyat rivoji yo‘lida to‘siq bo‘luvchi illatlardan biri bu — korrupsiyadir. Ushbu illat demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlari buzilishiga olib keladi. Davlatning iqtisodiy o‘sishi va rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi samarali kurashish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari xalqimiz azaldan yuksak qadrlab keladigan, hamma narsadan ustun qo‘yadigan adolat tuyg‘usini hayotimizga yanada keng qaror toptirish birinchi darajali vazifa ekaniga alohida e’tibor qaratmoqda.
2017 yil 3 yanvarda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinib, korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmi yaratildi. Mazkur qonun ijrosi to‘liq va samarali ta’minlanishi uchun 2017 yil 2 fevralda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Shuningdek, joriy yilning 29 iyunidagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga muvofiq, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirish hamda amalga oshirishda maxsus vakolatli davlat organ sifatida ta’sis etilgan tashkilot o‘z faoliyatida qonuniylik, xolislik, hisobdorlik, ochiqlik va shaffoflik prinsiplari asosida ish olib borishi ko‘zda tutilgan.
Mustaqilligimizning 29 yillik shodiyonasida davlatimiz rahbari o‘z nutqi davomida “Taraqqiyot kushandasi bo‘lmish illat — korrupsiyaga qarshi mamlakatimizda keng ko‘lamda kurash olib borilmoqda. Shu borada yangi tuzilma — Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligini tashkil etganimiz bu masalaning dolzarbligi va doimiy e’tiborimizda bo‘lishidan dalolat beradi”, deb ushbu illatga yana bir bor to‘xtalib, barchani hushyor va ogoh bo‘lishga chaqirdilar.
Prezidentimiz juda ko‘plab ma’ruza va chiqishlarida jamiyatimizda korrupsiya illati o‘zining turli ko‘rinishlari bilan taraqqiyotimizga g‘ov bo‘layotganini qayd etdi. Jumladan, “Korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinmas ekan, jamiyatimizning barcha a’zolari, ta’bir joiz bo‘lsa, “halollik vaksinasi” bilan emlanmas ekan, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga erisha olmaymiz. Biz korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga o‘tishimiz kerak”, deya ta’kidlagandi davlatimiz rahbari.
“Halollik vaksinasi” va korrupsiyaga qarshi kurashishga mas’ul bo‘ladigan alohida organ tashkil etilishi haqida ilk bor Prezidentimiz Parlamentga yo‘llagan murojaatnomasida to‘xtalib o‘tgandi. Keyinchalik, mazkur fikrlar 2020 yilgi Davlat dasturida ham aks etdi. Agentlik vazifalari qatorida davlat xizmatiga halollik standarti (“halollik vaksinasi”) va manfaatlar to‘qnashuvini hal etish standartlarini joriy etishda ko‘maklashish bo‘yicha ta’sirchan choralarni ko‘rish, shuningdek, ularga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish ham belgilangan.
Halollik esa korrupsiyaga qarshi kurashishda eng ustuvor omil, bu illatning oldini olishda ezgu davo sanaladi. Shu bois, korrupsiya illatidan saqlanishda, birinchi navbatda, jamiyatning har bir a’zosini “halollik vaksinasi” bilan emlash lozim bo‘ladi. Korrupsiyaga qarshi kurashish har bir fuqaroning ichki, axloqiy-ruhiy maslagiga aylanishi kerak. Bu esa korrupsiyaga qarshi kurashishda ma’rifatning o‘zagini tashkil qiladi.
Xulosa qilib aytganda, korrupsiyaga qarshi kurashish har kuni, har lahzada har bir fuqaro tomonidan amalga oshirilishi lozim. Bunda kishilardan birdamlik, o‘zaro hamkorlik va yakdillik talab etiladi. Hamjihatlik bilan xalqimiz turmush farovonligini oshirish, rivojlanish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga erishish mumkin.
Mahfuza ALIMOVA,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Dinshunoslik va jahon dinlarini
qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi
mudiri, tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Izoh qoldirish