444

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30-yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan BAYRAM TABRIGI

Qadrli hamkasblar!

Aziz talaba-yoshlar!

Vatanimiz ozodligi, xalqimiz tinch va osoyishta hayoti, sarhadlarimiz daxlsizligining mustahkam kafolati bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganiga 30-yil to‘ldi.

Shu munosabat bilan, avvalo, Siz azizlarni va butun xalqimizni ushbu qutlug‘ ayyom bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Tinchlik – ulug‘ ne’mat! Uning qadrini yon-atrofimizdagi qo‘shni davlatlarda sodir bo‘layotgan tashvishli voqealarni kuzatib, yana bir bor iqror bo‘lyapmiz, teran anglayapmiz!

Ona yurtimiz sarhadlarini kun-u tun qo‘riqlayotgan, xalqimiz osoyishta hayoti uchun jonini fido qilishga tayyor, sharafli kasbiga sodiq harbiy xizmatchilar, qolaversa, har bir vatandoshimiz oldida har qancha ta’zim qilsak arziydi. Bil’aks, Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) “Kechalari Allohdan qo‘rqib yosh to‘kkan ko‘zni va Alloh yo‘lida tunlari posbonlik qilib, mijja qoqmagan ko‘zni do‘zax otashi kuydirmaydi”, deb marhamat qilganlari ham bejiz emas. 

Tarixdan ma’lumki, ona diyorimizni begona g‘animlardan mardonavor muhofaza qilgan mard va jasur farzandlar ko‘p bo‘lgan. Shiroq, To‘maris-u Spitamen, Najmiddin Kubro, Temur Malik, Amir Temur kabi ajdodlarimizning jasorati qalbimizni faxrga to‘ldiradi. 

Qadrli ustozlar, aziz ilmga chanqoq talabalar!

Muborak hadis-u sharifda “Vatanni sevish iymondandir!”, deyiladi.

Shu ma’noda, ulug‘ ota-bobo, momolarimiz muqaddas hoki turgan ona yurt tuprog‘ini sevish, Vatan sarhadlarini himoya qilish, xalqimiz o‘zligini asrab-avaylash, uning ozod va farovon hayoti uchun kurashish, mehnat qilish har bir vatandoshimizning muqaddas burchidir! 

Shukrlar bo‘lsinki, bugun yurtimizda Vatan himoyachilari kuni, tom ma’noda, umumxalq bayramiga, vatanparvarlik, mardlik va jasurlik kabi yuksak fazilatlar timsoliga aylanib ulgurdi. E’tirof etish joiz, so‘nggi yillarda Qurolli Kuchlarimizni modernizatsiya qilish, uning harbiy-texnik va jangovar salohiyatini oshirish, harbiy xizmatchilar jismoniy va ma’naviy tayyorgarligini yuksaltirish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida voyaga yetkazish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. 

Ushbu islohotlarning samarasi o‘laroq, Milliy uyg‘onish — uchinchi Renessans davriga poydevor qo‘yilayotgan yangi O‘zbekistonda kamol topayotgan yoshlar bugun har jihatdan Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk sarkardalarimizga munosib ravishda jismonan va ma’nan sog‘lom, Vatanga fidoyi va intellektual salohiyatli avlod bo‘lib ulg‘aymoqda.

Shu o‘rinda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan xalqimizga yo‘llagan bayram tabrigida “Ishonchim komilki, ana shunday buyuk ma’naviy qudrat manbai bor ekan, el-yurtimizning tinch va osoyishta hayoti, Vatanimiz mustaqilligiga hech qanday yovuz kuch raxna sololmaydi, demokratik islohotlarimiz yo‘lidan hech qachon ortga qaytara olmaydi”, degan fikrlari barchamizga o‘zgacha kuch va shijoat bag‘ishlaydi, albatta.

Hurmatli Akademiyamiz jamoasi!

Ma’lumki, hozirda butun dunyoda bo‘lgani kabi yurtimizda ham epidemiologik vaziyat sabab karantin tartib-qoidalari kuchaytirilmoqda. Shu bois, mazkur o‘quv yilining qishki ta’til kunlari uzaytirilgan davrda mazkur bayramni o‘z xonadoningizda nishonlamoqdasiz. 

Vaziyatdan unumli foydalangan holda, Akademiya jamoasi nomidan yana bir bor Siz, aziz talaba-yoshlarni, siz orqali barchamizga ibrat bo‘lgan — bobo-momolarimiz, ota-onalarni ham O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30-yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan chin yurakdan tabriklayman.

Barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat va xonadoningizga fayz-baraka hamda xotirjamlik tilayman.

Ona Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimizning tinch-farovon hayotiga ko‘z tegmasin!

Alloh barchamizni o‘z panohida asrasin!

Muzaffar KOMILOV,

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari,
 O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish