390

“Vatanim tayanchiman!” mavzusida vatanparvarlik soati o‘tkazildi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida 14-yanvar – “Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan “Vatanim tayanchiman!” mavzusida vatanparvarlik soati o‘tkazildi.

O‘quv mashg‘ulotida Akademiya professor-o‘qituvchilari, ilmiy-tadqiqotchilar va mutaxassislar ishtirok etdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30-yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishi asosida tashkil etilgan darsda Qurolli Kuchlarimiz tarixi, yuksalish bosqichlari hamda Vatan sarhadlarini himoya qilishda ko‘rsatgan jasoratlari hayotiy misollar va video materiallar asosida namoyish etildi. 

Darhaqiqat, tarixan qisqa muddatda mamlakatimiz mustaqilligi, hududiy yaxlitligi, chegaralarimiz daxlsizligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ishonchli himoya qilishga qodir bo‘lgan milliy armiya nafaqat barpo etildi, balki har tomonlama rivojlanib borayotgani faxrlanarlidir.

So‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida milliy armiyamizni isloh qilish bo‘yicha har tomonlama chuqur o‘ylangan va uzoq muddatga mo‘ljallangan strategiya hamda Milliy xavfsizlik konsepsiyasi va Mudofaa doktrinasi asosida ko‘plab yangilanishlar bo‘ldi. Eng muhimi, bugun “Armiya va xalq – bir tan-u bir jondir” degan tamoyil amalda o‘zini namoyon etib, keksa-yu yoshlarimiz Vatan himoyachilariga o‘zgacha bir hurmat va ehtirom bilan munosabat ko‘rsatmoqda.

Bugungi kunda milliy armiyamiz minglab yoshlarimiz uchun chinakam mardlik, fidoyilik, haqiqiy vatanparvarlik maktabiga aylangani rost. Bu haqiqatni yurtimizdagi barcha ota-onalar, butun xalqimiz g‘urur bilan, minnatdorlik bilan e’tirof etmoqda. Hozirgi kunda ota-onalar, bir vaqtlar bo‘lgani kabi, ko‘zda yosh, yurakda xavotir bilan emas, balki “Mening farzandim haqiqiy Vatan himoyachisi bo‘ldi!” deb yuksak ishonch va faxr tuyg‘usi bilan yoshlarni milliy armiyaga kuzatmoqda.

Ayni paytda jahondagi vaziyat shiddat bilan o‘zgarib, dunyoning ayrim mintaqalarida xalqaro terrorizm va ekstremizm kabi xavflar ortib borayotgani Qurolli Kuchlarimizning jangovar tayyorgarligi va salohiyatini doimiy oshirib borishni talab etmoqda. Bu borada so‘nggi yillarda yuqori malakali harbiy kadrlar tayyorlashga, o‘quv-tarbiya jarayonlariga ilg‘or xorijiy tajribalar, yangi pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga, shuningdek, harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolarini ijtimoiy va huquqiy himoya qilish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. 

Keng qamrovli tahlillar va o‘zaro fikr-mulohazalarga boy o‘tgan vatanparvarlik soati yakunida “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30-yilligi” hamda “Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligi yo‘lida mehnat qilayotgan har bir vatandoshimiz tabriklandi.

 O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

 Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish