467

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchi, talabalar va xodimlariga akademiya rektori Muzaffar Komilovning YANGI YIL TABRIGI

Qadrli hamkasblar, aziz talabalar!

Mana, milodiy yil hisobida yangi – 2022-yil kirib kelmoqda.

Yangi yil – bu inson hayotining yangi bosqichga qadam qo‘yishi demakdir. Yangi yil ostonasida turib, o‘tgan yilni sarhisob qilish, ushbu davrda erishilgan muvaffaqiyatlar barobarida, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni tahlil qilish, o‘ylaymanki, har bir sog‘lom fikrli kishining an’anaviy  yumushlaridan bo‘lsa, ajab emas. Zero, Imom Buxoriy hazratlarining “Al-Jome’ as-Sahih” asari “Barcha ezgu amallar niyatga bog‘liq, har bir kishiga faqat niyat qilgan narsasi beriladi”, degan hadis bilan boshlanishida albatta juda chuqur ma’no bor. 

Shu nuqtai nazardan, yangi boshlanajak yilimizni biz ham yaxshi niyat va ezgu tilaklar bilan kutib olsak, foydadan holi bo‘lmasligi aniq. 

Shunday ekan, Siz azizlarni, Akademiya jamoasini, ilmga chanqoq talaba-yoshlarni yangi 2022-yil bilan samimiy qutlashdan baxtiyorligimni bildiraman. Ezgu niyat va qat’iyat bilan amalga oshirishni rejalashtirayotgan ishlarimiz ijobat bo‘lishiga tilakdoshman. Barchaga sihat-salomatlik, tinchlik-xotirjamlik, baxt-u saodat tilayman!

Azizlar!

O‘tib borayotgan yil barchamizning hayotimizda quvonch-shodliklar, turli voqealarga boy bo‘ldi. Mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi, yurtimiz tinchligi yo‘lida marrani baland olib, mehnat qilayotganimiz qalbimizni faxrga to‘ldirmoqda. Xususan, yurtimiz hamda xalqaro miqyosda o‘z nufuziga ega bo‘lib borayotgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari, ahil jamoasi ham bunyodkorlik va jamiyatimiz ma’naviy-ma’rifiy yuksalishiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Ta’kidlash joizki, joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan respublikamiz oliy ta’lim muassasalari Milliy reytingi e’lon qilindi. 

Unga ko‘ra, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Oliy ta’lim muassasalari Ilmiy salohiyat reytingida – 4-o‘rinni, Ijtimoiy-gumanitar soha bo‘yicha OTMlar reytingida – 5-o‘rinni, Oliy ta’lim muassasalarining umumiy reytingida 7-o‘rinni egallagani barchamizga g‘urur bag‘ishlashi bilan birga yanada ko‘proq mehnat qilishni, izlanishni taqozo etmoqda.

Shu bois, Akademiya professor-o‘qituvchilari va ahil jamoasi Siz, aziz talabalarimizning chuqur bilim va kasb-hunar egallashingiz hamda kelgusida o‘z sohangizning yetuk, raqobatbardosh mutaxassis kadrlari bo‘lib yetishishingiz uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berishni ustuvor vazifa deb biladi. 

Qadrli professor-o‘qituvchilar, aziz talabalar!

Ayni paytda yurtimizda kumush qish o‘z ziynatini namoyon etayotir. Ob-havoning sovuqligi, qolaversa, butun dunyoda bo‘lgani kabi yurtimizda ham pandemik vaziyat hali to‘liq bartaraf etilmagani barchamizni ehtiyotkorlikka chorlashi zarur. Yangi yil bayramini karantin talablariga amal qilgan holda oila davrasida o‘tkazish orqali nafaqat o‘zimiz, balki boshqalarning salomatligini ham o‘ylashimiz lozim. 

Shu bilan birga men uchun aziz bo‘lgan talaba o‘g‘il-qizlarimdan ta’til davrida kitob mutolaa qilishdan to‘xtamasliklarini, xorijiy tillarni puxta o‘rganish, ustozlari bergan fan topshiriqlarini bekam-u ko‘st bajarishlarini so‘rab qolaman. Zero, o‘qishdan to‘xtagan odam fikrlashdan ham to‘xtaydi!   

Aziz hamkasblar! 

Men uchun ardoqli o‘g‘il-qizlarim!

So‘zim yakunida xalqimizning barcha orzu-niyatlari ushalishini, o‘g‘il-qizlarimizning baxt-u kamolini ko‘rish nasib etishini so‘rayman!

Go‘zal va betakror yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, bag‘rikeng xalqimiz hamisha omon bo‘lsin!

2022-yilning qadami qutlug‘ kelsin!

Yangi yil barchamizga muborak bo‘lsin!

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish