Akademiya Kengashining navbatdagi majlisida muhim masalalarga e’tibor qaratildi
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Akademiya kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Akademiya rahbariyati, Kengash a’zolari, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, bo‘lim boshliqlari hamda mehmonlar ishtirok etdi.
Majlisni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori, Kengash raisi Muzaffar Komilov olib bordi.
Ma’lumki, muntazam ravishda har oy o‘tkaziladigan Akademiya Kengashi yig‘ilishida muassasa oldida turgan muhim va dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilinib, yechimini kutayotgan holatlar bartaraf etiladi hamda kelgusi vazifalar belgilab olinadi. Akademiya Kengashining 5-sonli navbatdagi majlisida esa 2021-yil mobaynida Akademiyada amalga oshirilgan ishlar haqida so‘z bordi.
Akademiya rektori majlis ishtirokchilarni kirib kelayotgan yangi – 2021-yil bilan muborakbod etib, yangi yil barchaga muvaffaqiyatli va barokatli kelishini tiladi. Yakunlanayotgan yilda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining erishgan yutuq va kamchiliklari, kelgusidagi maqsad va vazifalariga to‘xtalib o‘tdi. Amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish muhim ekanini ta’kidladi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Kengashi qaroriga asosan islom dini ma’rifatini keng yoyish hamda ilmiy-ma’naviy yo‘nalishdagi faoliyatini e’tirof etgan holda Haydarov Alijon Fayzullayevichga O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Faxriy doktori unvoni berilganligi tantanali ravishda e’lon qilindi.
Faxriy doktori unvonini Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori, Kengash raisi Muzaffar Komilov topshirdi.
Shuningdek, ilmiy-pedagogik faoliyatida muvaffaqiyatga erishgan yosh olimlar — “Arab tili va adabiyoti Al-Azhar” kafedrasi o‘qituvchisi Dilfuza Sagdullayeva, Akademiya doktoranti Gavhar Rahmatova, Malaka oshirish markazi kafedrasi katta o‘qituvchisi Bekzodbek Muxtorovlarning Oliy attestatsiya komissiyasi qarori asosida tegishli ixtisoslik yo‘nalishlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) darajasiga ega bo‘lganligi munosabati bilan samimiy tabriklandi.
Shundan so‘ng Kengash majlisi o‘z ishini davom ettirdi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi kengashi kun tartibidan o‘rin olgan masalalar muhokama etildi. Soha tarmoq prorektorlari tomonidan yil davomida keng jamoatchilikka har bir yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha berilgan tahliliy hisobotlar haqida so‘z yuritildi.
MajlisidaO‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Kengashi a’zolari tarkibiga o‘zgartirish kiritish, “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturi ijrosi yuzasidan Akademiyada amalga oshirilgan vazifalar, Akademiyada doktorantura, maqsadli doktorantura, tayanch doktorantura, maqsadli tayanch doktorantura va stajor-tadqiqotchilikka qabul jarayonlarining shaffofligi, doktorantlar bilan ishlashning samaradorligini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar xususida ma’lumot berildi.
Bundan tashqari, majlisda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi fan doktori ilmiy darajalar beruvchi DSc.35/30.12.2019.Isl/Tar/F.57.01 raqamli kengash faoliyati tahlil etildi. Akademiya kafedralarida mavjud bo‘sh (vakant) o‘rinlar va tanlov muddati tugagan pedagog-xodimlar lavozimlariga tanlov o‘tkazish to‘g‘risida fikr-mulohazalar yuritildi.
Shuningdek, Akademiyaning “Ichki tartib-qoidalari” hamda “Odob-axloq qoidalari”ga qo‘shimcha kiritish, Akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan o‘quv adabiyotlarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv-uslubiy birlashmalar faoliyatini Muvofiqlashtiruvchi Kengashga taqdim etish uchun tavsiya etish, ular tomonidan tayyorlangan monografiyalarni nashrga tavsiya etish kabi masalalar muhokama etildi.
Kengashda sohadagi shu kabi yutuqlar e’tirof etilgan holda, diniy-ma’rifiy sohada bajarilishi zarur bo‘lgan galdagi vazifalar va mavjud muammolar ham tahlil qilindi.
Anjuman yakunida muhim vazifalar belgilab olindi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish