Yil davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi majlislar zalida yil davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Unda Akademiya rahbariyati, Akademiya huzuridagi tashkilot hamda ta’lim muassasalari jamoalari, mehmonlar, professor-o‘qituvchilar, xodimlar ishtirok etdi.
Tadbirni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov kirish so‘zi bilan boshlab, tadbir ishtirokchilarni kirib kelayotgan yangi – 2021-yil bilan muborakbod etib, yangi yil barchaga muvaffaqiyatli va barokatli kelishini tiladi. Yakunlanayotgan yilda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining erishgan yutuq va kamchiliklari, kelgusidagi maqsad va vazifalariga to‘xtalib o‘tdi. Amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish muhim ekanini ta’kidladi.
Yurtimiz hamda xalqaro miqyosda o‘z nufuziga ega bo‘lib borayotgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari, ahil jamoasi ham bunyodkorlik va jamiyatimiz ma’naviy-ma’rifiy yuksalishiga munosib hissa qo‘shib kelayotganini qayd etdi.
Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan respublikamiz oliy ta’lim muassasalarining bir necha yo‘nalishlar bo‘yicha reytingi e’lon qilingan edi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Oliy ta’lim muassasalarining Ilmiy salohiyati reytingida – 4-o‘rinni, Ijtimoiy-gumanitar soha bo‘yicha OTMlar reytingida – 5-o‘rinni, Oliy ta’lim muassasalarining umumiy reytingi yetakchi o‘ntaligida 7-o‘rinni egalladi.
Akademiya rektori mazkur yutuqlarni e’tirof etar ekan, bu natijalar bilan to‘xtab qolmaslik kerakligi, mehnat va yana sidqidildan mehnat qilish, nafaqat talabalar, balki professor-o‘qituvchilar, xodimlar ham o‘z ustida tinimsiz ishlari, zamon bilan hamnafas, ilg‘or texnologiyalar va yangiliklardan boxabar bo‘lishi kerakligini alohida qayd etdi.
Shundan so‘ng soha tarmoq prorektorlari, mutasaddilar tomonidan yil davomida har bir yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha tahliliy hisobotlar keng jamoatchilik, tadbir ishtirokchilari e’tiboriga havola qilindi.
Shuningdek, joriy yilda samarali mehnat faoliyat olib borgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, “Ziyo” media markazi, “Islom ensiklopediyasi” bo‘limi kabi soha fidoyilari tashakkurnoma bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tashkil etilgan Prezident saylovini o‘tkazishda uchastka saylov komissiyalari uchun mo‘ljallangan o‘quv kurslarida faol qatnashgan respublika trenerlari va monitoring guruhi a’zolari qatorida samarali mehnat qilib, munosib taqdirlangan Akademiyaning bir guruh o‘qituvchi hamda doktorantlariga faxriy yorliq topshirildi. Mamlakatimiz hayotidagi ushbu muhim tadbirda jonbozlik ko‘rsatgan professor-o‘qituvchilar, xodimlar e’tirof etildi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish