O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining o‘quv-uslubiy yo‘nalishida amalga oshirgan ishlari
#SARHISOB-2021
2021-yil yanvar oyida Akademiya professor-o‘qituvchilarining pedagogik mahorati va kasbiy kompetentligini yanada oshirish maqsadida maxsus malaka oshirish kurslari tashkil etilgan. Mazkur malaka oshirish kurslari akademiya o‘qituvchilari uchun, shuningdek, akademiya otalig‘iga olingan Olmazor tumanidagi 1, 15, 24, 159, 242-umumiy o‘rta maktablarning o‘qituvchilari, Toshkent shahrining Olmazor, Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod, Yakkasaroy tumanlari maktablarida tarix, huquq, arab tili va tarbiya fanidan dars beruvchi o‘qituvchilari uchun pedagogika fani bo‘yicha yuqori pedagogik saviyada o‘quv mashg‘ulotlari olib borishga erishildi.
Akademiyada 2020/2021-o‘quv yilida o‘quv jarayoni masofaviy shaklda kurslar uchun lms.iiau.uz ta’lim portfoliosi, yuqori kurslar uchun www.estudy.iiau.uz ta’lim platformasida olib borildi. O‘quv yili davomida lms.iiau.uz ta’lim portfoliosida 32 909 ta elektron kontent joylashtirildi. Yuqori kurs talabalari uchun mo‘ljallangan www.estudy.iiau.uz ta’lim platformasida 115013 ta resurs kiritildi. 745 ta fandan 2171 ta elektron kurs yaratildi.
2020/2021-o‘quv yilida Akademiyada 12 nafar imkoniyati cheklangan ko‘zi ojiz talabalar uchun o‘quv yilining kuzgi va bahorgi semestri uchun o‘quv rejadagi 91 ta fandan 1062 ta audio darslar ishlab chiqilib maxsus idishlarga solingan holda Akademiyaning ARM fondiga topshirildi. Audio darslarning elektron variantlari talabalarga yetkazildi.
Shuningdek, ko‘zi ojiz talabalar uchun 47 ta fandan jami 710 ta brayl alifbosida kitob tayyorlandi va Akademiyaning ARM fondiga topshirildi.
2021-2022-o‘quv yili uchun qabul komissiyasi raisi o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borildi.
2021-yil akademiya pedagog kadrlarining belgilangan muddatlarda qayta tayyorlash va malaka oshirish rejasiga muvofiq noyabr oyigacha 33 nafar pedagog kadrlar malaka oshirish kurslariga jalb etilib, sertifikatlarga ega bo‘ldilar, 2021-yilda akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan takomillashtirilgan fan dasturlari asosida ehtiyojdan kelib chiqib tayyorlangan 52 nomdagi yangi o‘quv adabiyotlar(shu jumladan, 18 ta darslik va 34 ta o‘quv qo‘llanma) Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’limi yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv-uslubiy birlashmalar faoliyatini Muvofiqlashtiruvchi kengashga taqdim etildi hamda 20 ta o‘quv adabiyotlariga nashr guvohnomasi olindi. Shuningdek, 4 ta darslik, 12 nomdagi o‘quv qo‘llanma, 3 ta uslubiy qo‘llanma, 2 taxrestomatiya Ilmiy, o‘quv-uslubiy kengashda muhokama qilindi.
2021-yil fevral oyida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi taʼlim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan Akademik litseylarni attestatsiya va akkreditatsiyadan o‘tkazish rejasiga asosan, Akademik litsey attestatsiya va akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Attestatsiya va akkreditatsiya natijasiga ko‘ra, akademik litsey faoliyati “qoniqarli” baholanib, faoliyatni davom ettirishi uchun sertifikat berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 2021-yil 16-iyuldagi 311-sonli “Oliy ta’limning standartlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘i asosida 1-bosqich bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari uchun malaka talablari, namunaviy o‘quv rejalar hamda o‘quv dasturlari ishlab chiqildi. Ishlab chiqilgan o‘quv reja va fan dasturlari asosida ishchi o‘quv reja, ishchi dasturlar (sillabus) shakllantirildi.
2021/2022-o‘quv yili barcha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari talabalari uchun “O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari o‘zlashtirishini baholash tizimi to‘g‘risida NIZOM” ishlab chiqildi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy ta’lim muassasalari va sohaga taalluqli ilmiy-tadqiqot markazlarining o‘quv-uslubiy, ilmiy faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Ilmiy-uslubiy kengashida kotiblik faoliyati olib borildi.
2021-yil 24-oktabrda o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokini tashkil etishda ishtirok etildi. Saylov jarayonida xorijlik kuzatuvchilarga hamrohlik qilib, ularga har tomonlama ko‘maklashishda qo‘shgan hissasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari tomonidan tashakkurnoma bilan taqdirlandi.
Akademiya qoshidagi akademik litseyning 2021-2022-o‘quv yili uchun qabul jarayonlarida qabul komissiyasi raisi sifatida faoliyat olib borildi.
2021-yil 25-avgustda Akademiyada “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kursi tashkil etildi. Mazkur markazda ayni vaqtda 8 ta (har birida 15 nafardan tinglovchi bo‘lgan) guruhda 7 nafar o‘qituvchi mashg‘ulotlarni olib bormoqda. Bugunga qadar 60 nafar tinglovchilar o‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomladilar.
Shuningdek, maktab, litsey, oliy o‘quv yurtlari talaba va o‘quvchilarining xorijiy tillar, aniq va gumanitar fanlar bo‘yicha bilim saviyalarini oshirish va mustahkamlash uchun turli yoshdagi va saviyadagi tinglovchilarga mukammal bilim berish yoki bilimlarini mustahkamlash maqsadida akademiyada O‘quv tayyorlov kurslari tashkil etildi.
Akademiya bitiruvchi kurs talabalari uchun IELTS va arab tili fanidan CEFR darajasi bo‘yicha tayyorlov kurslari tashkil etildi.
Joriy yilda o‘tkazilgan bir qator xalqaro va respublika anjumanlarida ma’ruza bilan ishtirok etildi.
Ibrohim USMANOV,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektori,
tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Izoh qoldirish