598

Manbalar xazinasi bo‘limi

#SARHISOB-2021

Movarounnahrda yetishgan olimlar butun Sharq musulmon dunyosining ijtimoiy hayotiga muntazam ta’sir o‘tkazib, noyob qo‘lyozma va toshbosma asarlari bilan tanildilar. Ming afsuski ularning ko‘pchiligi bugungi kunimizgacha yetib kelmagan. Yetib kelganlarini asrab kelajak avlodga yetkazish hozirgi yoshlarning zimmasidagi vazifadir. Zero, bu borada muhtaram birinchi prezidentimiz I.A.Karimov ham so‘z yuritib: “Hozirgi kunda mamlakatimiz qo‘lyozma fondlarida saqlanayotgan betakror ilmiy meros hali-beri to‘la o‘rganilgan emas, uni har tomonlama o‘rganish, hozirgi va kelgusi avlodlarga yetkazish barchamizning muhim va dolzarb vazifamiz bo‘lmog‘i kerak”, degan edilar. 

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 24-maydagi PQ-2995-qarori e’lon qilinishi ushbu mavzuning dolzarbligini yanada kengroq ochib beradi.

Nodir qo‘lyozma asarlar qadimgi madaniyatlarning o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi. Asarning yozilish uslubi, yozuv va siyoh turlari, varaqlari va sahhoflik ishlari ma’lum bir davrning ijtimoiy-iqtisodiy muhitidan darak berib turadi. Xususan, qadimiy qo‘lyozma asarlardagi rasmlar, naqshlar va ranglar o‘lka madaniyatining erta rivojlanganidan darak berib turadi. Yurtimizdagi qo‘lyozmalar, asosan, Samarqand va Qo‘qon qog‘ozlariga bitilgan. Mazkur qog‘ozlarga ishlov berish san’ati ham yuksak darajada did bilan olib borilganini ko‘rish mumkin.

Qo‘lyozma asarlarning ma’naviy-axloqiy ahamiyati ham mavjud bo‘lib, insonlarni sabr, ixlos va ilm hosil qilish kabi ezgu xulq va odoblarga targ‘ib qiladi. Zero, qo‘lyozma asarni yozish va uni tadqiq etish insondan katta sabr-u matonat talab qiladi. Bu nodir asarlarni tadqiq qilgan va o‘qigan insonda qiyinchiliklarga sabr qilish, mashaqqatlarni matonat bilan yengib o‘tish malakasini hosil qiladi. Qo‘lyozma asarlarning yana bir ma’naviy ahamiyati shundaki, odatda asar mualliflari va xattotlari o‘z ism-shariflarini ochiq bayon qilmaydilar. Ular o‘zlarini “banda”, “faqir”, “haqir”, “gunohkor”, “Allohning rahmatidan umidvor” va boshqa shu kabi kamtarlik va xokisorlik ma’nolariga ega so‘zlar bilan tanishtiradilar. Ular xolislik niyatida va riyokorlikdan qochish maqsadida shunday yo‘l tutganlar. Insonlarga manfaat yetkazish va bu yo‘lda hech qanday maqtov va mukofotni ta’ma qilmaslik, shubhasiz, yuksak ma’naviyat va namunali axloqning go‘zal namunasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan noyob asarlarning qo‘lyozma va  toshbosma nusxalarini dunyoning barcha yirik fondlarida uchratish mumkin. Mazkur noyob manbalarni izlab topish, o‘rganish, tahlil va tavsif qilish, ularning elektron kataloglarini shakllantirish bugungi kun talabidir. Ayniqsa, qo‘lyozma va toshbosma asarlarning qisqa va kengaytirilgan tavsifiy kataloglarini zamon talabiga mos ravishda yig‘ish, uning natijalarini jamlash hamda umumlashtirish orqali soha mutaxassislari, shuningdek, keng jamoatchilikka yetkazib berish ustuvor vazifalar qatorida turadi. Manbalar xazinasida ham qo‘lyozma va toshbosma manbalar soni yildan-yilga o‘sib bormoqda.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi qoshida faoliyat yuritayotgan Manbalar xazinasi bo‘limi ushbu bebaho merosimizni asrab avaylash va uni kelajak avlodga munosib tarzda yetkazish yo‘lida faoliyat yuritmoqda. Bo‘lim fondida 441 (to‘rt yuz qirq bir) ta qo‘lyozma, 1485 (bir ming to‘rt yuz sakson besh) ta toshbosma hamda 5510 (besh ming besh yuz o‘n) ta nomdagi 10 000 (o‘n ming)dan ziyod zamonaviy adabiyotlar ro‘yxatga olingan. Joriy yilda bo‘lim ilmiy xodimlari mazkur asarlar tadqiqi bo‘yicha bir qator ilmiy ishlarni amalga oshirdilar.

Aholidan qo‘lyozma va toshbosma asarlarni sotib olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar

Manbalar xazinasi fondini boyitish maqsadida aholida mavjud qo‘lyozmalarni sotib olish, mazkur qo‘lyozmalarning moddiy, ma’naviy va g‘oyaviy holatini baholash uchun EBH (Eksport baholash hay’ati) tuzilgan. EBH tarkibi Akademiya Ilmiy kengashi qaroriga binoan tasdiqlanib, uning tarkibiga ilmiy ishlar va innovatsion tadqiqotlar bo‘yicha prorektor, Manbalar xazinasi mudiri, O‘zMI mas’ul xodimi va soha mutaxassislari kiritiladi. EBH aholidan sotib olish uchun kelib tushgan qo‘lyozma, eski bosma va nodir nashr kitoblarning nomini aniqlaydi, ularning yozilish va nashr etilish tarixini belgilaydi, so‘ng ularni baholaydi. EBHda baholangan kitoblar dalolatnomalari Akademiya rektori tomonidan tasdiqlangandan so‘ng, kitob egalariga pul o‘tkazish yo‘li bilan belgilangan tartibda to‘lov amalga oshiriladi. Bo‘lim xodimlari aholi qo‘lida saqlanayotgan nodir qo‘lyozma va toshbosma asarlarni izlash va ularni bo‘lim fondiga olib kelish ishlarini muttasil tarzda bajarib kelmoqdalar.

2020-2021-yillar davomida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga Manbalar xazinasi fondiga 9 ta fuqarodan 52 ta kitob – 23 ta qo‘lyozma, 27 ta toshbosma, 2 ta oddiy nashr kitoblar sotib olindi hamda ularning qisqa tavsifi amalga oshirildi.

Shuningdek, “Xalqaro hamkorlik” bo‘limi, akademiya professor-o‘qituvchilari va ilmiy xodimlari tomonidan 203 nomdagi 519 ta zamonaviy nashrdagi kitob va jurnallar Manbalar xazinasiga topshirildi.

Qo‘lyozma asarlarni tavsif qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar

Qisqa katalog

413 ta qo‘lyozmaning Qisqa katalogi nashrga tayyorlandi. Mazkur katalog 141 sahifadan iborat bo‘lib, unda har bir qo‘lyozmaning inventar raqami, muallifi, kotibi, tili, varaqlar soni, ko‘chirilgan sanasi, xat turi, qog‘ozi, satrlar soni, muqova va matn o‘lchamlari haqida qisqacha ma’lumotlar keltirilgan.

Kengaytirilgan katalog

320 ta qo‘lyozmaning kengaytirilgan katalogi nashrdan chiqqan. Mazkur katalog ikki jilddan iborat bo‘lib, unda har bir qo‘lyozmaning inventar raqami, muallifi, yozilgan yili va joyi, ko‘chirilgan vaqti va joyi, kotibi, tili, qog‘ozi, varaqlar soni, xat turi, kinovar (siyoh turlari), satrlar soni, muqova va matn o‘lchamlari, asarning boshlanishi va tugatilishi, kolofon, muhr, hoshiya, poygir, asar tavsifi, matn holati (to‘liq yoki nuqsonli ekani), muqovasi (tamg‘a, labagi, tilcha, xomashyo) va sahhofi haqida batafsil ma’lumotlar keltirilgan.

Joriy yilda 320-413-qo‘lyozmalarning kengaytirilgan tavsifi ustida ham ish olib borildi. Hozirda 320-391-qo‘lyozmalarning kengaytirilgan katalogi (123 sahifa) tayyorlandi.

Shuningdek, qo‘lyozmalar katalogi qisqa va kengaytirilgan tavsiflari (310 ta kitob, 800 ga yaqin asar) tekshirilib, qayta tahrirda nashrga tayyorlandi. Hozirda qo‘lyozmalar katologiga kiritilmagan qo‘lyozma (128 ta kitob, 300 dan oshiq asar) kitoblarning qisqa va kengaytirilgan tavsifi ustida ishlar olib borilmoqda.

Ilmiy risola va maqolalarni nashrga tayyorlash va chop etish

Bo‘lim tomonidan 6 ta kitob, 8 ta risola nashr etildi.

Bo‘lim xodimlari tomonidan 67 ta ilmiy va ommabop maqolalar, jumladan, 9 ta maqola respublika ilmiy jurnallarida, 12 ta maqola xalqaro va respublika konferensiya materiallarida, 40 ta maqola ko‘p jildli “Islom ensiklopediyasi”ning 1-2-jildida, 6 ta maqola internet saytlarida chop etildi.

Hozirda quyidagi asarlar ustida tadqiqot ishlari davom etmoqda:

— “Zubdatul masoil” nomli toshbosma asar;

— Muhammad ibn Shayx Alloma Ali ibn Odam ibn Muso Atyubiy Vallaviy qalamiga mansub “Sunan an-Nasoiy” va “Zaxiratu-l-uqba fi sharh al-Mujtabo”;

— “Imom Moturidiy o‘gitlari”;

— Xudoydod Samarqandiyning “Qova’id al-Qur’on” qo‘lyozma asari;

— Amr Xolid qalamiga mansub “Payg‘ambarlar qissasiga yangicha yondashuv” nomli kitob;

— Doktor Hassan Shamsiy Bosha qalamiga mansub “Ayollarga taalluqli masalalar” nomli asar;

— “Ravzutu-s-safo” nomli (fors tilida) toshbosma asar.

Shuningdek, noyob qo‘lyozma kitoblar suratga olinib, elektron baza yaratish ustida ishlar olib borilmoqda. Hozirga qadar 1-140 ta qo‘lyozmaning elektron nusxalari tayyorlandi.

Grant loyihalarida ishtirok etish bo‘yicha qilingan ishlar

“Ayollarning jamiyat hayotidagi o‘rni bilan bog‘liq vaqf hujjatlarini kataloglashtirish (XVI-XX asr boshlari Buxoro xonligi misolida)” loyihasida ishtirok etildi va mazkur grant loyihasi asosida katalog nashr etildi.

MU-FZ-201912073 – “Al-Jome’ as-sahih” to‘plami hadislarining zamonaviy talqinini yaratish” mavzuidagi amaliy grant loyihasida ishtirok etildi va mazkur grant loyihasi asosida katalog nashr etildi.

Bo‘limda saqlanayotgan noyob asarlarni keng ommaga tanishtirish bo‘yicha qilingan ishlar

Bo‘lim ilmiy xodimlari tomonidan “Manbalar so‘zlaganda” nomli yangi loyiha yo‘lga qo‘yildi. Unda Manbalar xazinasida saqlanayotgan noyob ilmiy merosimiz bo‘lmish nodir qo‘lyozma asarlar, shuningdek, toshbosma va zamonaviy nashr adabiyotlari, mualliflar, qo‘lyozmalar tadqiqotiga oid istilohlar hamda mazkur manbalardagi qiziqarli ma’lumotlar maqola shaklida haftada ikki marotaba Akademiya rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlari orqali berib boriladi.

“Manbalar xazinasi” bo‘limi faoliyati bilan keng ommani tanishtirish, bo‘limda saqlanayotgan noyob qo‘lyozma va toshbosma asarlar bo‘yicha turkum ko‘rsatuvlar tayyorlash maqsadida AzonTV axborot-tahliliy portali (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 1212-sonli guvohnoma bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan) bilan “Nodir qo‘lyozmalar” nomli turkum ko‘rsatuvlar tayyorlash bo‘yicha kelishuvga erishildi va hozirga qadar 2 ta ko‘rsatuv tayyorlanib, efirga uzatildi.

“Ziyo” media markazi hamda Matbuot xizmati bilan hamkorlikda Bo‘lim faoliyati va noyob kitoblarni ommaga tanitish maqsadida ko‘rsatuv hamda media mahsulotlar tayyorlanmoqda.

Mahammadsidiq USMANOV,
“Manbalar xazinasi” bo‘limi mudiri

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish