673

Kelajakni bashorat qilgan jadid

O‘tgan yili tavalludining 145 yilligi keng nishonlangan adib, publitsist, pedagog, olim, din va jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkistondagi jadidchilik harakatining asoschilaridan va yetakchilaridan biri edi.

Jadid adibi, o‘zbek romanchiligi asoschisi Abdulla Qodiriy kishilarni o‘tmishda bo‘lib o‘tgan voqealar haqida chuqur fikr-mulohaza yuritishga, ulardan saboq chiqarishga, ro‘y bergan xato-kamchiliklarni takrorlamaslikka chorlab, “Moziyg‘a qaytib ish ko‘rish xayrlik, deydilar”, deb yozgan edi.

Jadidchilikning g‘oyaviy otasi sanalmish Ismoilbek Gasprinskiy tarixdan so‘zlash kelajakni bilishni anglatishini uqtirgandi. Ya’ni insonlar o‘z kechmishlari va ko‘rgan-bilganlarini tahlil etish asnosi kelgusida yana nimalarni boshidan o‘tkazishi mumkinligini taxmin qilishi, shunga qarab ish tutishi lozimligini eslatgandi.

So‘nggi yillarda bot-bot tilga olinayotgan “Yangi O‘zbekiston”, “Uchinchi Renessans” kabi iboralar bugun mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat bermoqda. Bundan 120-130 yilcha muqaddam yurtimiz hayotida sodir bo‘lgan murakkab, shu bilan birga, o‘ta shiddatli va ziddiyatli voqealarga boy kechgan davrni yodga solmoqda.

Darvoqe, XIX asr oxiri va XX asr boshida Sharq mamlakatlari bo‘ylab yoyilgan islohotchilik harakati chor Rossiyasi tobeligidagi Turkiston o‘lkasiga ham kirib keldi. U tarix sahifalariga “jadidchilik”, vakillari esa “jadidlar” nomi bilan muhrlandi. O‘zbekiston Istiqlolga erishgan 1991-yildan hozirga qadar olib borilgan ilmiy tadqiqotlar-u yozilgan talay maqolalarda jadidchilikning tub mohiyati turlicha tadqiq va tahlil qilindi, ko‘lami va jamiyatga ta’siri hamda uni rivojlantirgan shaxslarning hayoti va ijodi baholi qudrat yoritildi. Ammo bu masalalar hanuz to‘la-to‘kis ochib berilmadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 30-sentabr kuni O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimda so‘zlagan nutqida jadidchilik harakati to‘g‘risida alohida to‘xtalib, jumladan shunday dedi:

“Ko‘pchilik ziyolilar qatorida men ham bir fikrni hamisha katta armon bilan o‘ylayman: mamlakatimizda Uchinchi Renessansni yigirmanchi asrda ma’rifatparvar jadid bobolarimiz amalga oshirishlari mumkin edi. Nega deganda, bu fidoyi va jonkuyar zotlar butun umrlarini milliy uyg‘onish g‘oyasiga bag‘ishlab, o‘lkani jaholat va qoloqlikdan olib chiqish, millatimizni g‘aflat botqog‘idan qutqarish uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etdilar. Shu yo‘lda ular o‘zlarining aziz jonlarini ham qurbon qildilar”.

Davlatimiz rahbari xuddi o‘sha kuni imzolagan farmonga muvofiq, Vatanimiz tarixining g‘oyat murakkab davrida – XX asr boshlarida o‘zining ma’rifatparvarlik faoliyati va fidokorona xizmatlari bilan milliy ta’lim-tarbiya tizimini yaratishga hamda yurtimiz istiqloli, xalqimiz ozodligi va erkinligi, kelajak avlodlarning obod va farovon hayotini ta’minlashga beqiyos hissa qo‘shgan Abdulla Avloniy, Mahmudxo‘ja Behbudiy va Munavvarqori Abdurashidxonov “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. Ularga hukumat tomonidan ko‘rsatilgan bunday yuksak e’tiborni kelgusida jadidlarning millat kelajagi va mamlakat taraqqiyoti, uning mustaqilligi va erki yo‘lida qilgan xizmatlarini keng jamoatchilikka, xususan, navqiron yosh avlodga asl holicha yetkazish borasida amalga oshirilajak ishlarning debochasi deyish mumkin.

Zero, jadidchilik harakati hamda jadidlar faoliyatini bugungi kunda o‘rganish va targ‘ib qilish havoday zarur. Biz Uchinchi Renessansni strategik vazifa hisoblab, uni milliy g‘oya darajasiga ko‘tarmoqchi bo‘lsak, jadidlarimiz ta’kidlashganidek, har kim o‘zgarishi va o‘zgarishni o‘zidan boshlashi kerak. Ayniqsa, ziyolilar va mansabdorlar shunday yo‘l tutmasalar, oldimizga qo‘yilgan yuksak strategik vazifani uddalay olmaymiz.

Endi asl muddaoga o‘taylik. Jadidlar islohotni maktabdan, yanada aniqrog‘i, boshlang‘ich maktabdan boshlashdi. Chunki maktab barcha narsalarning, jumladan, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotning poydevoridir. U mukammal bo‘lmasa, millat ravnaqi haqida gapirish befoyda.

Shunga binoan, Mahmudxo‘ja Behbudiy boshliq turkistonlik jadidlar boshlang‘ich ta’limni ona tilida berishga mo‘ljallangan milliy maktablarning umummilliy institutini yaratishga doir dasturni taklif etishdi. Negaki, o‘sha kezlar maktablarda o‘qitiladigan barcha darsliklar faqat fors yoki arab tilida edi. Jadidlar esa bola dastlabki savodini o‘z ona tilida, ya’ni turkiy tilda chiqarishi uning ongiga millat va milliyat tushunchalari chuqurroq singdirilishini ta’minlaydi, degan to‘xtamga keldilar. Pirovardida, “Barchamizga oftob kabi ravshan va ayondurki, makotib – taraqqiyning boshlang‘ichi, madaniyat va saodatning darvozasidur. Har millat eng avval, makotibi ibtidoiysini zamoncha isloh etib ko‘payturmaguncha taraqqiy yo‘lig‘a kirub madaniyatdan foydalanmas” degan aqidani ilgari surgan Behbudiyga ergashdilar.

O‘z navbatida, Behbudiy quyi va yuqori maktabning isloh qilinishini millatning isloh etilishiga qiyosladi va uni umummilliy g‘oya deb bildi. Millatga “o‘qumoq, o‘qutmoq kerakdur. Bolalarga otalardan ilmi diniy va ilmi zamoniy meros qolsun”, deya murojaat qilib, o‘zi ilgari surgan milliy g‘oyani barcha targ‘ib qilishi zarurligini ta’kidladi. Uning tushuntirishicha, millatni ulug‘lash, maqsadlarni yuqori darajaga ko‘tarish, millatning haqiqiy birligini ta’minlash qolgan barcha g‘oyalardan ustun turuvchi umummilliy g‘oyaning tub mohiyatini tashkil etadi. Bu g‘oyada millatning kelajakka intilishi va undan keladigan foyda o‘z ifodasini topishi lozim.

Behbudiyning umummilliy g‘oyasi targ‘iboti uchun milliy matbuot kerak edi. Jadidlar chiqara boshlagan gazeta-jurnallar rosmanasiga fikr almashish, ilg‘or g‘oya va fikrlarni targ‘ib etish, bahslashish maydoniga aylangan, demokratik qadriyatlarni o‘zida aks ettirgan, fikrlar qarama-qarshiligini ko‘tara oladigan, ijtimoiy-siyosiy mavzulardagi tanqidiy maqolalarni yoritadigan matbuot nashrlari edi. Masalan, Mahmudxo‘ja Behbudiy muharrirlik qilgan “Oyina” jurnali ma’rifat va madaniyat tarqatish maqsadida millat va uning haq-huquqlariga, tarixiga, til va adabiyot masalalariga, dunyodagi ahvolga oid turli-tuman maqolalarni chop etdi. Shuningdek, ayni yo‘nalishlardagi bahslar uchun minbar vazifasini o‘tadi.

Taniqli olim Begali Qosimovning fikricha, Turkiston jadidlarining gazeta va xayriya jamiyatlarini ta’sis etishi, yangi usul maktablarini yoyishi, teatr ishlari va boshqa barcha harakatlari bir milliy g‘oya uchun xizmat qildi. Har qanday g‘oya milliy g‘oyaga aylanishi uchun esa ikkita talabga javob berishi darkor: avvalo, millatning haqiqiy ehtiyojidan, turmush tarzidan, asriy an’ana va imkoniyatlaridan kelib chiqishi, ikkinchidan, milliylashtirilishi, ya’ni millatning har bir vakili yuragiga yetib borishi kerak.

Mahmudxo‘ja Behbudiy milliy g‘oyasining yana bir targ‘ibot quroli, bu – adabiyot edi. Jadidlar Navoiy, Fuzuliy, Sa’diy singari buyuk zotlar hayoti va ijodini chuqur bilishgani sababli adabiyotni xalqqa yaqinlashtirishga, uning tilida yozishga intildilar va bu ishni uddaladilar. Abdulla Qodiriyning bugungi kunda ham istalgan yetuk badiiy asar bilan bemalol bellasha oladigan “O‘tkan kunlar”i, Cho‘lponning “Kecha va Kunduz”i hamda she’rlari shu tariqa yaratildi. 1916-yili Toshkentda bo‘lib, “Turon” truppasi spektakllarini tomosha qilgan rus sharqshunosi A.Samoylovich “Turkistonda yangi adabiyot maydonga keldi. Yangi adabiyotning markazi – Samarqand… Yosh qalamkashlarning bosh ilhomchisi samarqandlik mufti Mahmudxo‘ja Behbudiydir”, deb yozdi.

Behbudiy boshliq jadidlar xalqni serxarajat tadbirlardan voz kechib, ularga sarflanadigan mablag‘larni milliy iqtisodiyotning barcha tarmoqlari bo‘yicha milliy kadrlar tayyorlash, yoshlar mahalliy va xorijiy ta’lim muassasalarida tahsil olishi uchun yo‘naltirishga undashdi. Bu sa’y-harakatlarni umummilliy ishlar, oliy maqsadlar, xohishlar va intilishlar deb atashdi. Ularni amalga oshirish uchun esa iroda, yanada aniqrog‘i, siyosiy iroda kerak edi. Behbudiy XX asr boshidagi Turkistonning yirik siyosiy arbobi sifatida Turkiston Muxtoriyati tuzilishidan 11 yil avval – 1906-yil dayoq Turkiston Milliy-madaniy Muxtoriyati loyihasini ishlab chiqib, yuqori doiralarda muhokama qilish uchun Rossiya davlat Dumasiga yo‘lladi. Bu loyihada u ta’lim-tarbiya va yer muammolarini qat’iy masala qilib qo‘ydi, ayniqsa, rus muhojirlarini ko‘chirib keltirmaslik va hosildor yerlar mahalliy aholi ixtiyorida qolishi kerakligi haqida astoydil qayg‘urdi.

Behbudiy ma’naviy ustozi Ismoilbek Gasprinskiy singari musulmonlarga siyosiy huquqlar berilishi mavjud muammolarni hal etmasligini teran anglab yetdi.

Unga ko‘ra, zamon tili bo‘lgan rus tilini va mavjud qonunlarni bilmaslik, hammasidanam achinarlisi, musulmonlarning zamonaviy bilimlardan bexabarligi qo‘lga kiritilgan barcha siyosiy huquqlarni yo‘qqa chiqaradi. Binobarin, bobokalonimizning “Haq olinur, berilmas... Gʻayrat ila olinur” degan chaqirig‘i zamirida millat ozod bo‘lib, o‘zining mustaqil davlatini o‘rnatmaguncha, ijtimoiy adolatni tiklab bo‘lmaydi, degan fikr mujassamlashgandi.

Shu o‘rinda Behbudiyning jadidlarning yosh avlodi to‘g‘risidagi fikrlarini ham keltirib o‘tish maqsadga muvofiqdir. Uning aniqlashicha, bu avlod o‘rtasida g‘oyaviy ixtilof mavjudligi tufayli xalq jadidlardan yuz o‘girgan. Shuni nazarda tutib, yoshlarni tezroq o‘zaro kelishuv yo‘lini topishga va qaytadan el-ulus ishonchini qozonishga chaqirdi. Chunki umummilliy g‘oya yo‘lida birlashib harakat qilmaslik millat bo‘linishiga va ayrim umummilliy loyihalar muvaffaqiyatsizlikka uchrashiga olib kelishi mumkin edi.

Shavkat Mirziyoyev to‘g‘ri ta’riflaganidek, jadidlar “Ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas” degan hadisi sharifni hayotiy e’tiqod deb bildilar. Milliy istiqlol, taraqqiyot va farovonlikka, avvalo, ma’rifat orqali, dunyoviy va diniy bilim, zamonaviy ilm-hunarlarni chuqur egallash orqali erishish mumkin, deb hisobladilar. Mahmudxo‘ja Behbudiy bu borada safdoshlari va izdoshlariga ibrat ko‘rsatdi.

Bizningcha, endilikda Turkistondagi jadidchilik harakati mintaqada o‘ziga xos o‘rin tutganini ko‘rsatib berish, jadidlar faoliyati va ijodini chuqur o‘rganish, keng ko‘lamli ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish va targ‘ib qilish maqsadida yetuk ma’rifatparvar, siyosatchi, adib, noshir va publitsist Mahmudxo‘ja Behbudiy nomi bilan ataladigan “Jadid tadqiqotlari akademiyasi”ni tashkil etish vaqti keldi. Chunki jadid maktabi, bugungi istilohlar bilan aytsak, innovatsion va “smart” maktab edi. Unda joriy etilgan “tovush usuli” zamonaviy ta’limning asosi, ta’bir joiz bo‘lsa, tamal toshi bo‘lib qoldi. Qolaversa, Uchinchi Renessans bo‘sag‘asida turgan yangi O‘zbekistonda ham maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi bo‘lg‘usi Renessansning uzviy xalqasi, jadidlar “arkoni millat” yoki “millat ustunlari” deb atagan ziyolilar esa yangi Uyg‘onish davrining tayanch ustuni sifatida qabul qilindi.

Eng muhimi, jadidchilik harakati va jadidlar zamonaviy o‘zbek jamiyati va davlatchiligi shakllanishiga katta hissa qo‘shdilar. Ularning boy ilmiy va ijodiy merosi bugungi murakkab davrda O‘zbekistonda milliy g‘oya va mafkuraviy immunitetni kuchaytirishda, o‘z mustaqil fikriga ega hamda fidoyi va vatanparvar avlodni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois Behbudiy, Munavvarqori, Fitrat, Cho‘lponlarning g‘oyaviy merosi biz uchun doimiy harakatdagi hayotiy dasturga aylanishi kerak, deb hisoblaymiz.

Zaynobiddin ABDURASHIDOV,

filologiya fanlari doktori, dotsent,

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili 

va adabiyoti universiteti prorektori

Manba: “Ishonch” gazetasi 2021-yil 8-dekabr, 149-150-son

Izoh qoldirish