608

Akademiyada “Islomda gender tenglikning o‘ziga xos tamoyillari” kitobi taqdimoti o‘tkazildi

Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar inson manfaatlarining ustunligiga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Xususan, yurtimizda gender tengligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Gender tenglik nafaqat inson huquqini ta’minlash, balki, jamiyatni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadigan ezgu qadriyat sanaladi. Qolaversa, gender tenglik – mamlakatning demokratik taraqqiyot darajasini ko‘rsatuvchi indikatorlardan biri hisoblanadi.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaning 46-moddasida “Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar”, deb belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-da, tan olish kerakki, so‘nggi besh yilda bu boradagi ishlar sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarildi.

Buning samarasi o‘laroq, so‘nggi yillarda jamiyatning turli sohalarida, ham milliy, ham mintaqaviy darajada ayollarning roli va mavqeyida ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan 2019-yil 2-sentabrda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi yangi qonunlar imzolangani bu boradagi islohotlarning mantiqiy davomi deyish mumkin.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi ham gender tenglikni ta’minlash masalasida ko‘plab xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilmoqda. Jumladan, BMT Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasining “Islomda gender” mavzusidagi loyihasida ishtirok etib, “Islomda gender tenglikning o‘ziga xos tamoyillari” nomli o‘quv qo‘llanmani ishlab chiqdi.

Dolzarb mavzuga bag‘ishlangan mazkur kitob O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining Xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha prorektori Bahromjon Mamadiyev, “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi mudiri Mirodil Haydarov hamda kafedra dotsenti, yuridik fanlari doktori Nigora Yusupova tomonidan yaratilgan.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida mazkur o‘quv qo‘llanmaning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. BMT Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tayyorlangan mazkur qo‘llanmada respublikada islomda gender tenglik mohiyati, ayol huquqlari va erkinliklariga doir islom konsepsiyasi, islom huquqida ayolning huquqiy maqomini tadqiq etishga bag‘ishlangan maqolalar o‘rin olgan. Mazkur kitob bu sohadagi ilk tadqiqot hisoblanadi.

Taqdimotda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha prorektori Bahromjon Mamadiyev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova, UNFPAning O‘zbekistondagi vakili Yu Yu, UNFPAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi Gender masalalari bo‘yicha mutaxassisi Dilora Gʻaniyeva, “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi mudiri Mirodil Haydarov, turli vazirlik va idoralar vakillari, mutaxassislar, Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ishtirok etdi.

Taqdimotni UNFPAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi Gender masalalari bo‘yicha mutaxassisi Dilora Gʻaniyeva olib bordi.

Tadbirni kirish so‘zi bilan Xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha prorektori Bahromjon Mamadiyev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova, UNFPAning O‘zbekistondagi vakili Yu Yu ochib berarkan, kitob haqida, umuman olganda gender masalalari bo‘yicha yig‘ilganlarga ma’lumot berib o‘tishdi. 

Ta’kidlash joiz, qo‘llanmada ayollar masalasining umumijtimoiy jihatlari, ijtimoiy­tarixiy negizlari, uning madaniy­ma’naviy xususiyatlarini hamda islom ta’limotida ayollar masalasini hal etishning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy, ma’rifiy­tashkiliy jihatdan o‘ziga xosligini huquqiy nuqtai nazardan tadqiq etilgan. Shu bilan birga huquqiy hamda diniy normalarni o‘z ichiga olgan islom huquqining tuzilishini inobatga olib, tadqiqotda islomda ayol huquqlarini islom huquqining asl manbalari Qur’oni karim va hadislar asosida ochib berishga harakat qilingan.

Shuningdek, kitobda islom huquqida ayol masalasini fuqarolik huquqi, oila huquqi, siyosiy huquq nuqtai nazaridan hal etishning ijtimoiy­iqtisodiy, ma’naviy­axloqiy asoslari keng tadqiq etilib, islom huquqi normalarida oilaviy munosabatlarga kirishishdagi ayollarning huquqlari, mahrga oid huquqlar, nafaqa, meros taqsimotidagi ulushlari hamda siyosiy huquqlari islom huquqining asosiy manbalari orqali yoritib berilgan.

Samimiy muloqot davomida UNFPAning O‘zbekistondagi vakili Yu Yu so‘z olar ekan, O‘zbekistonda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini yuksaltirish, ularning davlat ishlarini boshqarishdagi rolini oshirish, gender tenglikni ta’minlash borasida mamlakat erishgan yutuqlar haqida so‘z yuritdi. Muhtoj ayollarni uy-joy, ish bilan ta’minlashga qaratilgan aniq sa’y-harakatlarga yuqori baho berdi. O‘zbekiston, xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishdan mamnunligini bildirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova gender tushunchasi va uning ijtimoiy hayotdagi ahamiyati, fuqarolarning gender xabardorligini oshirish, mamlakatimiz qonunchiligida ayol va erkaklarning teng huquqliligi tamoyillari mustahkamlab qo‘yilganini ta’kidladi. Buning natijasida yurtimiz tarixida ilk marotaba milliy parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetgani, aynan shu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyodagi 190 ta parlament orasida 37-o‘ringa ko‘tarilganini e’tirof etdi.

Shu bilan birga, 2019-yil 2-sentabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlari yurtimizda gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan muhim hujjat ekanligini qayd etdi. 

“Islomda gender tenglikning o‘ziga xos tamoyillari” kitobi haqida taqdimot davomida yuridik fanlari doktori Nigora Yusupova tomonidan tadbir ishtirokchilariga batafsil ma’lumot berildi. 

Tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan so‘nggi yillarda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy muhofaza qilish borasida qabul qilingan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar ularning mazmun-mohiyati to‘g‘risida so‘z yuritildi. Kitob taqdimoti bo‘yicha yig‘ilganlar o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tishdi.

Taqdimot yakunida mualliflar tomonidan mazkur o‘quv qo‘llanmadan Akademiya talaba-magistrantlari, Malaka oshirish markazi tinglovchilari turli o‘quv kurslarida foydalanishi tavsiya etildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish