478

Mir Arab madrasasi tashkil etilganiga 500 yil: o‘tmish va bugun

Buxoro asrlar davomida o‘zining boy ilmiy merosi, islom ilm-fani rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi, madrasalari, ta’lim tizimi bilan Islom dunyosida katta shuhrat qozongani, Mir Arab Buxoroning dunyoga dong taratgan madrasalaridan biridir shubhasiz.

Ana shu ma’noda joriy yil 11-noyabr kuni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Buxoro viloyati hokimligi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi bilan hamkorlikda “Mir Arab madrasasi tashkil etilganiga 500 yil: o‘tmish va bugun” mavzusida xalqaro onlayn videokonferensiya o‘tkazildi.

Anjumanda Rossiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda Tojikiston davlatlari muftiylari hamda 50 ga yaqin taniqli ulamolar, islomshunos-dinshunos olimlar, turli ilmiy-tadqiqot markazlari rahbarlari hamda diniy soha vakillari (“Mir Arab” madrasasi bitiruvchilari) ishtirok etdi.

Anjuman doirasida “Mir Arab madrasasi tarixi va kelajakdagi istiqbollari”, “Sobiq Sovet Ittifoqi davrida MDH va Markaziy Osiyo davlatlarida diniy kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qondirishda Mir Arab madrasasining o‘rni”, “Mir Arab madrasasi bitiruvchilarining bugungi kundagi faoliyati”, “O‘zbekistonda diniy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va erishilayotgan yutuqlar targ‘iboti” kabi mavzular muhokama qilindi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Rossiya Federatsiyasi va Markaziy Osiyo davlatlari muftiylari O‘zbekistonda so‘nggi besh yilda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilgan islohotlar, o‘zgarishlar va erishilgan yutuqlarni yuqori e’tirof etib, yurtimizda tashkil etilgan ilmiy-tadqiqot muassasalarining faoliyatiga ijobiy baho berdi. Xususan, Mir Arab madrasasining faoliyatini yuqori baholab, tarixdan O‘zbekiston zaminidan ulkan allomalar yetishib chiqishiga ushbu ta’lim dargohi katta hissa qo‘shganini ta’kidlab o‘tdilar. Konferensiya qatnashchilari mazkur madrasa talabasi bo‘lganlaridan g‘ururlanishlarini aytib, madrasa ularning hayotida o‘chmas iz qoldirganini ta’kidlashdi. 

Konferensiyadagi ma’ruzalar, bildirilgan fikr-mulohazalardan kelib chiqqan holda o‘zaro ilmiy xulosalar almashildi hamda kelgusida shu kabi tadbirlarni hamkorlikda o‘tkazishga kelishib olindi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
Axborot xizmati

Izoh qoldirish