551

Globallashuv jarayoni va islom

Dunyo tamaddunining bugungi bosqichini globallashuv jarayonisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Globallashuv turli sohalarda taraqqiyot sur’atlari o‘sishida muhim omildir. Uning ilm-fan rivoji, axborot almashinuvidagi o‘rnini biror vosita bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Ammo qadriyatlar masalasi, inson insonni anglashi, e’tiqod va din borasidagi tushunmovchiliklar, dunyoning ayrim mintaqalaridagi keskin diniy vaziyatlar, milliy va diniy nizolarni hal etishda muammolar uchrayotgani achinarli hol.

Bu jarayonda yoshlarning ongi va mafkuraviy bo‘shlig‘ini dinimizga yot bo‘lgan g‘oyalar egallab borayotgani kuzatilmoqda. Mafkuraviy bo‘shliqni to‘ldirish va mafkuraviy immunitetni shakllantirish barkamol avlod tarbiyasining muhim omili sanaladi. Ayniqsa, tezkor axborot asrida dinni niqob qilib olgan siyosiy kuchlar, missionerlik, ekstremistik, terroristik mazmundagi g‘oyalar uchun yo‘l ochib bermaslik muhim.

Shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Globallashuv jarayonida islomni tushunish muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish – ICESCO kafedrasi tomonidan o‘tkazilgan anjumanda sohaga taalluqli muhim masala, muammolar muhokama etildi.

Tadbirda Anqara universiteti ilohiyot fakulteti doktori, professor Sonmez Kutlu, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi o‘qituvchisi, misrlik olim Ahmad Sa’d Damanhuriy, taniqli islomshunos olimlar, yurtimiz va xorijdagi ilmiy markazlarning yetakchi mutaxassislari, Turkiya, Shvetsiya, Misr, Rossiya kabi davlatlarning nufuzli oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchi va magistrantlari ishtirok etdi.

– Bugungi ilmiy-amaliy anjumanning xalqaro maqomda o‘tkazilishi va unda aynan islom bilan bog‘liq masalalar, muammolar, rivojlanish bosqichlari kabi mavzular tilga olinayotgani bejiz emas, – deydi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektori Zohidjon Islomov. – Shu maqsadda islom ta’limoti va uning asoslarini o‘rganish, uni to‘laqonli ravishda asl manbalar orqali tushuntirish hamda bunga bag‘ishlangan tadqiqotlar o‘tkazish eng dolzarb, kechiktirib bo‘lmas vazifalardan hisoblanadi. 

Konferensiya “Dinlararo totuvlik va radikalizmni yengish”, “Musulmon jamoasida konfessiyalararo totuvlik: o‘tmish, bugun, kelajak”, “Oliy islom ta’limini rivojlantirishda yutuqlarga ega bo‘lgan o‘zbek va xorijiy olimlarning ilmiy, uslubiy va axborot almashinuvi” hamda “Islom ilohiyoti tafakkuri rivojlanishining an’analari va zamonaviy tendensiyalari: musulmon jamoalarining ichki va xorijiy tajribasi” kabi seksiyalarga bo‘lindi.

Tadbirda sohada ilmiy izlanish olib borayotgan mahalliy va xorijlik tadqiqotchilarning “Globallashuv jarayonida islomni tushunish muammolari”, “Islom manbashunosligi: tadqiqotlar, zamonaviy muammolar”, “O‘zbekistonda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda islom tolerantligining ahamiyati”, “Musulmon jamoasida konfessiyalararo muloqot va jaholatga qarshi ma’rifat”, “Komil inson tushunchasining shakllanishida moturidiya ta’limotining o‘rni”, “Internetning ilmiy sohadagi o‘rni”, “Qur’onshunoslikka oid tadqiqotlar” kabi mavzulardagi ma’ruzalari tinglandi.

Davra suhbatida bugungi globallashuv hamda tezkor axborot almashinuvi davrida yoshlar ma’naviyatini turli tahdidlardan asrash, xalqaro maydonda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarning asl mohiyatini ochib berish zaruratiga e’tibor qaratildi. Uchrashuvda so‘z olganlar islom tinchlik dini bo‘lib, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, tinchlik-osoyishtalikni qadrlash dolzarb vazifa ekanini qayd etdi. 

Qizg‘in muhokamalar, bahslarga boy o‘tgan anjumanda bugungi axborot asrida yoshlar tafakkurini kengaytirish, dinning mohiyatini teran anglash, islom ta’limotini to‘g‘ri tushunish, yoshlar ongida turli buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi immunitetni shakllantirish, bu borada hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ilmiy-amaliy anjumanlarni muntazam o‘tkazishga kelishib olindi.

Mazkur xalqaro tadbir dinning mohiyati, islomning asl mazmunini anglashda hamda bu boradagi ayrim tushunmovchiliklarni bartaraf etishda muhim qadam bo‘lishi shubhasiz. Zero, jaholatni faqat ma’rifat bilan yengish mumkinligini bugun xalqaro hamjamiyat teran anglamoqda.

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2021-yil 6-noyabr, 222-son

Izoh qoldirish