Globallashuv jarayonida islomni tushunish muammolari
Dunyo tamaddunining bugungi bosqichini globallashuv jarayonlarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Globallashuv turli sohalarda taraqqiyot sur’atlarini o‘sishida muhim omil hisoblanib, uning ilm-fan rivoji, axborot almashinuvidagi o‘rnini biror vosita bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Ammo qadriyatlar masalasi, inson insonni anglashi, e’tiqod va din borasidagi tushunmovchiliklar mavjudligi, dunyoning ayrim mintaqalaridagi keskin diniy vaziyatlar, milliy va diniy nizolarni hal etishdagi muammolar uchrayotgani achinarli hol.
Globallashuv davrida yoshlarning ongi va mafkuraviy bo‘shlig‘ini dinimizga yot bo‘lgan g‘oyalar egallab borayotgani kuzatilmoqda. Mafkuraviy bo‘shliqni to‘ldirish va mafkuraviy immunitetni shakllantirish – barkamol avlod tarbiyasining muhim omili sanaladi. Ayniqsa, tezkor axborot asrida dinni niqob qilib olgan siyosiy kuchlar, missionerlik, ekstremistik, terroristik mazmundagi g‘oyalar uchun yo‘l ochib bermaslik muhim.
Shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Globallashuv jarayonida islomni tushunish muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi tomonidan o‘tkazilgan anjumanda sohaga taalluqli muhim masala va muammolar muhokama etildi.
Tadbirda Anqara universiteti ilohiyot fakulteti doktori, professor Sonmez Kutlu, IRCICA – Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish markazi, tarix fanlari doktori, professor Ashirbek Muminov, “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi mudiri Mirodil Haydarov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi o‘qituvchisi, misrlik olim Ahmad Sa’d Damanxuriy, Akademiya professor-o‘qituvchilari, taniqli islomshunos olimlar, yurtimiz va xorijdagi ilmiy markazlarning yetakchi mutaxassislari, Turkiya, Shvetsiya, Misr Arab Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi kabi davlatlarning nufuzli oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchi va magistrantlari ishtirok etdi.
ZOOM platformasi orqali onlayn formatda o‘tkazilgan konferensiyani O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov kirish so‘zi bilan ochib berib, anjuman ishtirokchilariga muvaffaqiyat tiladi.
– So‘nggi yillarda yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada keng ko‘lamli tadbirlar amalga oshirilmoqda, – deydi Zohidjon Islomov. – Ayniqsa, islomshunoslik fanlari, islom tarixi bilan bog‘liq sohalarning rivojlanishi, ular bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning barchasida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining nufuzi, o‘rni beqiyosdir. Shu sababli ham bugungi ilmiy-amaliy anjumanning xalqaro maqomda o‘tkazilishi va mazkur tadbirda aynan islom bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarni tushunish masalasi, muammosi, rivoji bilan bog‘liq mavzular tilga olinayotganligi bejiz emas. Shu maqsadda islom ta’limoti va uning asoslarini o‘rganish, uni to‘laqonli ravishda asl manbalar orqali tushuntirish va bunga bag‘ishlangan tadqiqotlar o‘tkazish eng dolzarb va kechiktirib bo‘lmas vazifalardan biri hisoblanadi.
E’tirof etish joizki, ishtirokchilar tomonidan mazkur ilm anjumaniga bag‘ishlab yozilgan ilmiy maqolalar turlicha bo‘lib, soha rivoji uchun muhim ahamiyatga ega. Konferensiya “Dinlararo totuvlik va radikalizmni yengish”, “Musulmon jamoasida konfessiyalararo totuvlik: o‘tmish, hozirgi, kelajak”, “Oliy islom ta’limini rivojlantirishda yutuqlarga ega bo‘lgan o‘zbek va xorijiy olimlarning ilmiy, uslubiy va axborot almashinuvi” hamda “Islom ilohiyoti tafakkuri rivojlanishining an’analari va zamonaviy tendensiyalari: musulmon jamoalarining ichki va xorijiy tajribasi” kabi seksiyalarga bo‘lindi.
Tadbirda sohada ilmiy izlanish olib borayotgan mahalliy va xorijlik tadqiqotchilarning “Globallashuv jarayonida islomni tushunish muammolari”, “Islom manbashunosligi: tadqiqotlar, zamonaviy muammolar”, “O‘zbekistonda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda islom tolerantligining ahamiyati”, “Musulmon jamoasida konfessiyalararo muloqot va jaholatga qarshi ma’rifat”, “Komil inson tushunchasining shakllanishida moturidiya ta’limotining o‘rni”, “Internetning ilmiy sohadagi o‘rni”, “Qur’onshunoslikka oid tadqiqotlar” kabi mavzulardagi ma’ruzalari tinglandi.
– Ijtimoiy barqarorlik hodisasi har qanday jamiyat taraqqiyotining muhim poydevori bo‘lib xizmat qiladi, – deydi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti, sotsiologiya fanlari doktori Bahrom Farfiyev. – O‘z navbatida ijtimoiy barqarorlik turg‘unlik, beqarorlikning aksidir va ularga qarshi kurashish mexanizmi bo‘lib gavdalanadi. Jamiyat barqarorligini saqlashda islom dinining tolerantlik tamoyili o‘ziga xos o‘ringa egaligi kundalik va ijtimoiy hayotimizda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Tolerantlik hodisasi ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali jamiyatlarda nozik masala sanaladi. Yurtimizda ko‘p millat vakillari istiqomat qilib, turli konfessiyalar faoliyat ko‘rsatadi. Murakkab sotsial tarkibga ega jamiyatda ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni ta’minlash mushkul vazifa hisoblanadi. Lekin din omili rolini e’tiborga olmay turib, ushbu barqarorlikni to‘liq ta’minlab bo‘lmaydi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonda xavfsizlik, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash masalalari Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar Strategiyasi”da davlat siyosatining ustuvor masalasi darajasiga ko‘tarilgani ham davr talabidir.
Davra suhbatida bugungi globallashuv hamda tezkor axborot almashinuvi davrida yoshlar ma’naviyatini turli tahdidlardan asrash, xalqaro maydonda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarning asl mohiyatini ochib berish qayd etildi. Uchrashuvda so‘z olganlar islom dini – tinchlik dini bo‘lib, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, tinchlik-osoyishtalikni qadrlash dolzarb vazifa ekanligini qayd etishdi.
Darhaqiqat, so‘nggi yillarda yurtimizda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar, vijdon erkinligi masalalari, milliy an’ana va qadriyatlarimizni rivojlantirishga katta ahamiyat berilmoqda. Ayniqsa, Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasini qabul qilish bo‘yicha ilgari surgan tashabbusini xalqaro jamoatchilik keng qo‘llab-quvvatlanganini e’tirof etish joiz. Shu bilan bir qatorda islom dini rivoji yo‘lida beqiyos xizmat qilgan buyuk ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va targ‘ib etish maqsadida xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etildi. Ayniqsa, Toshkent shahrida bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xalqimizning boy diniy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va dunyoga targ‘ib etish, yosh avlodni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda beqiyos o‘rin tutishi shubhasiz.
Qizg‘in muhokamalar, bahslarga boy o‘tgan anjuman yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Bugungi axborot asrida yoshlarni tafakkurini kengaytirish, dinning mohiyatini teran anglash, islom ta’limotini to‘g‘ri tushunish, yoshlar ongida turli buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi immunitetni shakllantirish, bu borada hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ilmiy-amaliy anjumanlarni muntazam o‘tkazishga kelishib olindi.
Muxtasar aytganda, mazkur xalqaro anjuman aynan dinning mohiyati, islomning asl mazmunini anglashda hamda bu boradagi ayrim tushunmovchiliklarni bartaraf etishda muhim qadam bo‘lishi shubhasiz. Zero, jaholatni faqat ma’rifat bilan yengish mumkinligini bugun xalqaro hamjamiyat teran anglamoqda.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish