Axborot xavfsizligi sohasida raqamlashtirish muammolari va istiqbollari
Bugun Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Axborot xavfsizligi sohasida raqamlashtirish muammolari va istiqbollari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani boʻlib oʻtdi.
Anjumanda Oʻzbekistonda kiberxavfsizlik boʻyicha vakolatli organ hisoblangan “Kiberxavfsizlik markazi” davlat muassasasi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki Ishlar Vazirligi akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi, Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va harbiy aloqa instituti, Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni rivojlantirish ilmiy tadqiqot instituti, ILM.UZ IT Akademiyasi xodimlari va professor-oʻqituvchilari oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etishdi.
“Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari” kafedrasi tomonidan tashkil etilgan konferensiyani Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Ilhomjon Bekmirzayev kirish soʻzi bilan ochib berib, xalqimizda axborot xavfsizligi boʻyicha koʻnikmalarni hosil qilish uchun katta ishlarni amalga oshirish lozimligini alohida taʼkidladi.
Shuningdek, zamon bilan hamnafas boʻlgan holda sunʼiy intellektdan samarali foydalanish va ularni boshqarish, milliy sunʼiy intellekt tizimlarini ishlab chiqish va ularni qoʻllab-quvvatlab borish boʻyicha xalqimizda malaka va koʻnikmalarni shakllantirishi davr talabi ekanligini aytib oʻtdi.
Shuningdek, konferensiyada “Kiberxavfsizlik markazi” davlat muassasasi xodimi Mashhura Raxmanqulova, Oʻzbekiston Respublikasi IIV akademiyasi xodimi Abdurasul Iminov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi professori Anvar Yuldashev, Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni rivojlantirish ilmiy tadqiqot instituti matbuot kotibi Nozim Boʻronov, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va harbiy aloqa instituti Kiberxavfsizlik kafedrasi dotsenti Salaut Kengesbayev, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi boʻlim boshligʻi Oxunjon Ahmadaliyev o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.
Anjumanda “Kiberxavfsizlik sohasida kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish”, “Telegram messenjeri orqali sodir etilayotgan kiberjinoyatlarni aniqlash va fosh etish metodikasi”, “Sunʼiy intellekt va kiberxavfsizlik: yangi avlod tahdidlari va strategik himoya”, “Media-makonda Deepfake texnologiyalariga qarshi kurashishda algoritmik verifikatsiyaning samaradorligi”, “Mashinali oʻqitish algoritmlari asosida tarmoq hujumlarini aniqlash va klassifikatsiyalash”, “Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida tarixiy merosni raqamlashtirishda zamonaviy texnologiyalar” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Barchamizga maʼlumki, hayotimizni raqamli texnologiyalarsiz tasavvur eta olmaymiz. Ayniqsa, bugungi kunda sunʼiy intellekt, mashinali oʻqitish, oʻz-oʻzini boshqarish tizimlari, nanotexnologiyalar kundan kunga rivojlanib bormoqda.
DataReportal portali maʼlumotlariga koʻra, 2026-yil aprel holatida dunyo aholisi soni taxminan 8,3 milliardni tashkil etmoqda. Ulardan 5,83 milliardi (dunyo aholisining 70,4%) mobil aloqadan foydalanadi. Internet foydalanuvchilari soni 6,12 milliardga (73,8%) yetgan boʻlsa, ijtimoiy tarmoqlarda faol foydalanuvchilar soni 5,79 milliardni (69,9%) tashkil etmoqda.
Dunyo aholisi bir yil davomida 69 millionga oshgan boʻlsa, raqamli texnologiyalardan foydalanish surʼati yanada yuqori darajada ortmoqda. Jumladan, soʻnggi bir yil ichida mobil foydalanuvchilar soni 103 millionga, Internet foydalanuvchilari soni 59 millionga, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari soni esa 294 millionga oshgan. Bu koʻrsatkichlardan koʻrinib turibdiki, hayotimiz yil sayin tobora raqamlashib bormoqda va internet hamda ijtimoiy tarmoqlar insonlarning kundalik hayotining ajralmas qismiga aylanmoqda.
Raqamli texnologiyalarning bunday rivojlanishi esa, oʻz navbatida foydalanuvchilarga katta imkoniyatlar olamini ochadi. Raqamli texnologiyalar chegara bilmaydi. Albatta uning bunday imkoniyatlaridan gʻarazli niyatdagi kuchlar ham samarali foydalanish imkoniyatiga ega boʻlmoqda. Bu hattoki, davlatlarning suverenitetiga daxl qilish darajasiga qadar yetib bormoqda.
Konferensiya davomida internet firibgarliklarning zamirida nima yotgani, bunda internet foydalanuvchilarining oʻzlari ham sababchi boʻlib borayotgani, oddiygina ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish etikasini bilmasligi natijasida firibgarlik qurboniga aylanayotganliklari aytib oʻtildi.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, xalqimizda axborot xavfsizligi boʻyicha bilim va koʻnikmalarni shakllantirishi davr talabi ekanligi, sunʼiy intellekt tizimlaridan nafaqat foydalanish balki milliy sunʼiy intellekt tizimlarini ishlab chiqish, axborot xavfsizligini taʼminlash va ularni qoʻllab-quvvatlab borish zamon talab ekanligini taʼkidlab oʻtildi. Albatta, bunday ishlarni amalga oshirishda Oʻzbekiston yoshlarining kuchi yetadi.
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish