Burhoniddin Margʻinoniy ilmiy merosining zamonaviy islom ma’rifatidagi o‘rni
Yurtimiz azaldan islom ilm-fani va madaniyatining qadimiy beshiklaridan biri hisoblanadi. Mustaqillik sharofati oʻlaroq diniy va milliy qadriyatlarimiz toʻlaligicha tiklandi, ulugʻ ajdodlarimizning xotiralariga munosib ehtirom koʻrsatildi, ular qoldirgan diniy-ilmiy va maʼnaviy-maʼrifiy merosni oʻrganish uchun imkoniyatlar yaratildi.
Musulmon renessansi, yaʼni ilmiy-maʼrifiy uygʻonish davriga asos solgan ulugʻ ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan va bugungi kunda ham maʼrifatli dunyoni hayratga solib kelayotgan ilmiy merosini oʻrganish, ilmiy-tadqiqot ishlari olib borish, ular yaratgan ilmiy yoʻnalishlar va maktablar anʼanalarini davom ettirish bugungi avlod oldida turgan dolzarb vazifalar sirasiga kiradi.
Buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, ularning insonparvarlik, adolat va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini zamonaviy jamiyat hayotiga tatbiq etish davlatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Shu maqsadda bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Burhoniddin Margʻinoniy ilmiy merosining zamonaviy islom ma’rifatidagi o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Mazkur anjuman hanafiy fiqh maktabining yirik namoyandasi, “Hidoya” asari muallifi Burhoniddin Margʻinoniyning boy ilmiy merosini har tomonlama tadqiq etish, uning huquqiy, axloqiy va ijtimoiy-falsafiy qarashlarini bugungi globallashuv sharoitida diniy-ma’rifiy islohotlar, huquqiy madaniyatni yuksaltirish hamda yoshlar tarbiyasi bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qildi.
Ushbu tadbir O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi tashabbusi bilan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Imom Moturididy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamkorligida tashkil etildi.
Konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, Afg‘onistonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Abdul G‘affor Teraviy, delegatsiya rahbari, Tarjima markazi rahbari Shayxulhadis Azizulloh Shinvoriy, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov kirish so‘zi bilan ochib berishdi.
Konferensiyada O‘zbekiston bilan bir Afg‘onistonning nufuzli ilmiy va diniy-ma’rifiy muassasalaridan yetakchi olimlar, islomshunoslar, fiqh mutaxassislari va tadqiqotchilar ishtirok etdi. Xususan, afg‘onistonlik olimlarning ishtiroki tarixan mushtarak ilmiy-madaniy aloqalarni mustahkamlash, hanafiylik maktabining mintaqaviy taraqqiyotiga oid tajriba va ilmiy yondashuvlar almashinuvini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Tadbir davomida “Alloma Marg‘inoniy “al-Hidoya” asarining ba’zi tavsiflari”, “Imom Marg‘inoniy g‘oyalari va Yangi O‘zbekistonda islom ma’rifatini rivojlantirish siyosatining uyg‘unligi”, “Marg‘inoniy asarlarida adolat va insof tamoyillari: ijtimoiy barqarorlikning asosi”, “O‘zbekistonda Imom Marg‘inoniy ilmiy merosini o‘rganish va uning xalqaro darajada targ‘ib qilish tajribalari”, “Hidoya” asaridagi bag‘rikenglik va mo‘tadillik tamoyillarining radikallashuvga qarshi kurashdagi o‘rni”, ‘Hidoya” asarining tarkibiy tuzilishi va yozilish uslubi” kabi mavzulardagi ma’ruzalar tinglandi.
Mazkur xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ajdodlarimiz merosini chuqur anglash, mintaqaviy ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, islom ma’rifatini keng targ‘ib etish hamda xalqlar o‘rtasida madaniy-ma’naviy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Buyuk faqih Burhoniddin Marg‘inoniy 1123-yil 23-sentabrda tug‘ilgan. U Qur’oni, hadis ilmlarini mukammal egallab, fiqh – islom huquqshunosligi borasida benihoya chuqur ilmga ega bo‘lganligi va bu sohada beqiyos durdonalar yaratgan.
Alloma dastlabki ta’limni Marg‘ilonda olib, keyinchalik Movarounnahrning o‘sha davrdagi diniy va ma’rifiy markazi bo‘lgan Samarqandga ko‘chib borgan va umrining oxirigacha o‘sha yerda yashagan. Mavlono Burhonuddin al-Marg‘inoniy yoshlik chog‘laridanoq Qur’oni karimni yod olib, hadislarni chuqur o‘rgangan.
Balog‘at yoshiga yetganida mukammal ilmga ega bo‘lganiga qaramay ustozlardan ta’lim olishni davom ettirdi. 1149-yili Burhonuddin al-Marg‘inoniy haj safariga bordi. “Kitob ul-mashoyix” (“Shayxlar haqidagi kitob”) asarida u o‘zi ta’lim olgan 40 dan ortiq shayx va allomani sanab o‘tgan.
Keyinchalik bu asarlarning ham hajmi kattalik qilib, yanada mo‘jaz bo‘lgan, butun islom olamida xanafiya mazhabining fiqh masalalarida asosiy qo‘llanmasiga aylangan al-Marg‘inoniyning “al-Hidoya” asari yaratildi. Bu asar butun musulmon olamida mashhur bo‘lib ketdi, musulmon huquqi – fiqh bo‘yicha eng aniq, izchil, mukammal asar sifatida tan olindi.
Anjumanda Margʻinoniyning ilmiy maktabi, “Hidoya” asarining islom huquqshunosligidagi o‘rni, uning ijtimoiy adolat, bag‘rikenglik va ma’naviy barqarorlikni ta’minlashga doir g‘oyalari, shuningdek, alloma merosining zamonaviy diniy-ma’rifiy siyosat hamda jamiyat barqarorligidagi ahamiyati keng muhokama qilindi.
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish