Akademiyada “Insoniy birodarlik va dinlararo muloqot – xalqaro hamjihatlik omili” shiori ostidagi haftalik tadbirlari boshlandi
Bugungi globallashuv va geosiyosiy ziddiyatlar sharoitida dinlararo muloqot, insoniy birodarlik, ijtimoiy hamjihatlik masalalari xalqaro tinchlik hamda barqaror taraqqiyotning muhim omillaridan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2010-yil 20-oktabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq, har yili fevral oyining birinchi haftasi “Dinlararo hamjihatlik haftaligi” hamda 2020-yil 21-dekabrdagi rezolyutsiyaga binoan har yilning 4-fevral sanasi “Xalqaro insoniy birodarlik kuni” deb e’lon qilingan.
Ma’lumki, 2019-yil 3-fevral kuni Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida Insoniy birodarlik bo‘yicha anjumanda Rim Papasi Fransisk va Al-Azhar shayxi Ahmad Toyyib o‘rtasida “Insoniy birodarlik – xalqaro tinchlik va hamjihatlik omili” nomli hujjat imzolangan.
Hujjat imzolanishi natijasida BMT tomonidan 4-fevral – Xalqaro insoniy birodarlik kuni deb e’lon qilindi. Bu kunni BMTga a’zo davlatlarda ilm-fan, diniy yetakchilar va jamoatchilik faollari ishtirokida keng nishonlash belgilangan.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi tomonidan joriy yilning 3-5-fevral kunlari Toshkent shahri va Buxoro viloyatida “Insoniy birodarlik va dinlararo muloqot – tinchlik va barqarorlik omili” shiori ostida diniy-ma’rifiy soha mutaxassislari hamda ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida an’anaviy ilmiy va madaniy-ma’rifiy tadbirlar haftaligining tashkil etilgani mamlakatimizda diniy bag‘rikenglik va tinchlikparvar siyosatni targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Mazkur tadbirlardan asosiy maqsad insoniy birodarlik va bag‘rikenglikni mustahkamlash, o‘zaro hurmat va diniy e’tiqodlar xilma-xilligini tushunish dunyo xalqlari o‘rtasida tinchlik va hamjihatlikni ta’minlashda muhim omil ekanini yana bir bor isbotlashdan iborat.
Haftalik tadbirlari bugun “Insoniy birodarlik va dinlararo muloqot – xalqaro hamjihatlik omili” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy seminar bilan boshlandi.
Seminarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov, O‘zbekistondagi Rim-katolik markazi rahbari, yepiskop Yeji Matsulevich, Xoja Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universiteti kafedra mudiri Feride Kamalova, Rus pravoslav cherkovi Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasi matbuot xizmati rahbari Vitaliy Stolyarov, Saljuq universiteti professori Husayin Yilmaz, Toshkent shahar yahudiylar diniy jamoasi raisi Arkadiy Isaxarov, Malayziya islom ilmlari universiteti professori Mohd Radhi Ibrahim, UNESCO xalqaro tashkiloti, O‘zbekiston Respublikasi UNESCO milliy komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi vakillari, dinshunos ekspertlar, taniqli olimlar, yurtimiz faoliyat olib borayotgan konfessiyalar vakillari, shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.
Tadbirni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Habibullo Sadibaqosev, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Matluba Qahhorova, O‘zbekiston Respublikasining UNESCO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi vakili Dilnoza Qurbonova tabrik so‘zi bilan ochib berishdi.
Seminar “Diniy ta’limotlarda inson qadri masalasi”, “Jamiyat barqarorligiga tahdid soluvchi yot g‘oyalarga nisbatan diniy ta’limotlar munosabati”, “Bag‘rikenglik va dinlararo muloqotning ijtimoiy ahamiyati”, “Zamonaviy jamiyat taraqqiyoti diniy-ma’rifiy qadriyatlarning o‘rni” kabi sho‘balardan tarkib topdi.
Unda “Islom ta’limotida zamonaviy jamiyat barqarorligining diniy asoslari”, “Rim Papasi tashabbuslari kontekstida insoniy birodarlik g‘oyasi”, “Globallashuv sharoitida barqarorlikni ta’minlashda diniy plyuralizmning o‘rni”, “Dunyoda tinchlikning ta’minlashda dinlarning roli”, “Insoniy birodarlik konsepsiyasining dinshunoslikdagi talqini” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
So‘zga chiqqanlar tomonidan “Insoniy birodarlik” nomli ushbu muhim tarixiy hujjat Sharq va Gʻarb mamlakatlari o‘rtasida dinlararo muloqotni rivojlantirib, diniy bag‘rikenglikni mustahkamlashga xizmat qilayotgani e’tirof etildi.
– Biz bugun turli ta’sirlar ostida shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyoda yashamoqdamiz. Bunday sharoitda turli din va millat vakillarining do’stlik va birodarlik aloqalarini mustahkamlash, tinch-totuv jamiyat barpo etish eng muhim ishdir, – deydi Rim-Katolik cherkovi ruhoniysi Faxriddin Ibragimov. – Bu jarayonda esa “insoniy birodarlik” tushunchasi borasida muntazam ilmiy tadqiqot va ma’naviy targ‘ibot ishlarini tashkil qilish, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. O‘ylaymanki, bugungi anjuman mintaqa xalqlari orasida millatlararo totuvlik va dinlararo hamjihatlikni yanada rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shadi.
– O‘zbekistonda kuzatganim shuni ko‘rsatadiki, “Xalqaro insoniy birodarlik kuni” faqat bir kun bilan cheklanib qolmas ekan. Bu g‘oya butun hafta davomida keng qamrovli tarzda nishonlanib, tadbirlarning mazmun-mohiyati barcha konfessiya vakillarini yagona oila sifatida birlashtirar ekan, – deydi Xoja Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universiteti dotsenti (Qozog‘iston Respublikasi) Lazzat Rixsibekova. – Barcha din va millat vakillariga teng munosabat ko‘rsatilayotgani ham e’tiborga loyiq. Mazkur yondashuv jamiyatdagi o‘zaro hurmat va ishonch, do‘stlik va bag‘rikenglikni mustahkamlaydi.
– Bu kabi ilmiy-ma’rifiy seminarlar mamlakatdagi bag‘rikenglik, insoniy birodarlik, do‘stlik g‘oyalari nafaqat bugungi kunimizni, balki asrlar davomida shakllangan millatlararo totuvlik muhitini o‘zida aks ettiradi, – deydi Rus pravoslav cherkovi Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasi matbuot xizmati rahbari Vitaliy Stolyarov. – Ayniqsa, tadbirning ahamiyati bir nechta din va konfessiya vakillarining bir davra atrofida do‘stona muloqoti, o‘zaro fikr almashishiga xizmat qiladi.
Buyuk Ipak yo‘lining markazida joylashgan bu o‘lka turli din va madaniyat vakillariga doimo ochiq yurt sifatida tanilgan. Bugun ham davlat rahbari tashabbuslari bilan O‘zbekiston millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik sohasida keng qamrovli islohotlarni amalga oshirmoqda. Biz buni yaqqol ko‘rib turibmiz.
O‘zbekiston hukumatiga biz bilan yo‘lga qo‘yilgan keng hamkorlik aloqalari uchun chuqur minnatdorlik bildirmoqchiman.
Chindan ham, deklaratsiyadagi din insonlarni e’tiqodidan qat’iy nazar o‘zaro mehr-oqibatli va birodar bo‘lish, munosabatlarda yuksak madaniyat va insonparvarlikka erishish, dunyoning turli burchaklarida yashayotgan yordam va e’tiborga muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan fikrlar jahon hamjamiyati tomonidan olqishlandi.
Shuningdek, qurollanish poygasi, ijtimoiy adolatsizlik, korrupsiya, tengsizlik, ma’naviy tanazzul, terrorizm, diskriminatsiya, ekstremizm va boshqa ko‘plab ma’naviy va mafkuraviy illatlar oqibatida dunyoning turli burchaklarida vujudga kelgan qashshoqlik, o‘zaro nizolar va azob-uqubatli kechinmalarga qarshi kurashda hamjihat bo‘lishga qaratilgan chaqiriqlar ham e’tiborga molik.
Insoniy birodarlikka asos soluvchi hamjihatlik, totuvlik va o‘zaro anglashuv kabi umumbashariy qadriyatlarni keng targ‘ib qilish orqali insoniy birodarlik shunchaki g‘oya emas, balki umumiy kelajak uchun mas’uliyat ekanini anglatish – Yangi O‘zbekistonda uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlash hamda ko‘p millatli xalqimizning birligi va yurtimiz tinchligini asrab-avaylashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Matbuot xizmati
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish