Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilovning 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan BAYRAM TABRIGI
Qadrli hamkasblar!
Aziz talaba-yoshlar!
Shu kunlarda Vatanimiz sarhadlari daxlsizligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayoti kafolati boʻlgan, oʻzbek xalqi vatanparvarligi, birligi va qudratining haqiqiy ramziga aylangan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganiga 34 yil toʻladi.
Shu munosabat bilan Siz, azizlarni Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 34 yilligi hamda 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy muborakbod etaman.
Bugun mard va jasur harbiylarimiz timsolida Vatanni himoya qilishdek dunyodagi eng ulugʻ ishni sharaf bilan ado etayotgan Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Bobur Mirzo singari buyuk ajdodlarimizning shonli anʼanalarini munosib davom ettirib kelayotgan ona yurtimizning chinakam qalqonlari koʻz oldimizda gavdalanadi.
Mazkur bayram mamlakatimiz hayotida alohida siyosiy va maʼnaviy ahamiyatga ega boʻlgan ulugʻ ayyomdir. Bu sana Vatanga sadoqat, burchga vafo, jasorat va fidoyilik kabi oliy qadriyatlarni ulugʻlaydi.
Mustaqillikning ilk yillarida tashkil etilgan milliy Qurolli Kuchlarimiz qisqa tarixiy davr mobaynida tom maʼnoda zamonaviy, mobil va professional armiyaga aylandi. Bugun Oʻzbekiston armiyasi nafaqat mamlakat xavfsizligini taʼminlayotgan ishonchli qalqon, balki Yangi Oʻzbekiston islohotlarining mustahkam tayanchi sifatida namoyon boʻlmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, “Milliy armiyamiz va xalqimizning faol hamkorligi tufayli Qurolli Kuchlarimiz mamlakatimiz taraqqiyoti, tinchligi va barqarorligining ishonchli kafolatiga, chinakam jasorat va matonat maktabiga aylanmoqda”.
Shu maʼnoda, soʻnggi yillarda harbiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar tizimli va izchil tus oldi. Qurolli Kuchlarni modernizatsiya qilish, zamonaviy harbiy texnika va texnologiyalar bilan taʼminlash, harbiy taʼlim tizimini takomillashtirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi.
Ayniqsa, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ular va oila aʼzolari uchun munosib yashash sharoitlarini yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi jamoasi ham yurt tinchligi va jamiyat barqarorligini taʼminlashda harbiy xizmatchilarning oʻrni va ahamiyatini chuqur anglaydi. Ayniqsa, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan ishlarimiz muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda.
Islom taʼlimotida tinchlik, adolat, Vatanni asrash, inson hayotini himoya qilish eng oliy qadriyatlardan hisoblanadi. Shu bois, Vatan himoyachilarining sharafli xizmati nafaqat huquqiy va harbiy, balki yuksak maʼnaviy ahamiyatga ham egadir.
Buyuk Amir Temur bobomiz aytganlaridek, gʻalaba taqdirini avvalo qoʻshinning jangovar ruhi va tayyorgarligi, maʼnaviy qudrati va mustahkam irodasi hal qiladi.
Shu bois, milliy armiyamizning chinakam kuch-qudratini belgilab beradigan qoʻrqmas va dovyurak harbiylarimiz qalbida jangovar ruhni oshirish, ularni har qanday qiyinchilik va sinovga chidamli va matonatli etib tarbiyalash bundan buyon ham davlatimizning eʼtiborida boʻladi.
Qadrli doʻstlar!
14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni nafaqat harbiylar, balki butun jamiyat uchun gʻurur va iftixor bayramidir. Chunki tinch osmon, osuda hayot va barqaror taraqqiyot zamirida aynan yurt himoyachilarining matonati va fidoyiligi mujassam.
Ushbu qutlugʻ sana munosabati bilan barcha harbiy xizmatchilar, faxriylar va ularning oila aʼzolariga mustahkam sogʻliq, tinchlik-osoyishtalik va sharafli xizmatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz. Vatanimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz farovon boʻlsin!
Bayram barchamizga muborak boʻlsin!
Muzaffar Kamilov,
Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish