1

Muhammad Yusuf – she’riyat zargari

26-aprel – O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavallud topgan sana. Ayni paytda yurtimiz bo‘ylab o‘zining betakror ijodi bilan milliy adabiyotimiz tarixidan chuqur o‘rin egallagan, tom ma’noda “Xalq shoiri”, “Xalqchil shoir” deya ta’riflanadigan Muhammad Yusuf tavalludiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham ardoqli shoir Muhammad Yusuf tavalludiga bag‘ishlangan “Muhammad Yusuf – she’riyat zargari” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. 

“O‘zbek va xorijiy tillar” kafedrasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati, O‘zbekiston xalq shoiri, Akademiya Jamoatchilik kengashi raisi Iqboljon Mirzaaliyev, shoirning rafiqasi Nazira as-Salom, Yunusobod tumani “Jasorat” ashula va raqs ansambli xonandasi Murodbek Kamolov, Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ishtirok etdi.

Mazkur tadbir xalq shoiri Muhammad Yusuf she’riyatini talabalar orasida keng targ‘ib etish, uning sermazmun ijodini o‘rganish, o‘sib kelayotgan yosh avlodga o‘rnak sifatida ko‘rsatish maqsadida tashkil etildi.

Tadbirni “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi professori Aftondil Erkinov olib bordi.

Unda so‘z olganlar shoir xotirasini yod etib, uning o‘zbek adabiyoti rivojida tutgan o‘rni, she’riyatining o‘ziga xos qirralari haqida so‘z yuritishdi. 

O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf 1954-yili Andijon viloyati Marhamat tumanida dehqon oilasida tavallud topgan. Toshkentdagi Rus tili va adabiyoti institutida (hozirgi Jahon tillari universiteti) tahsil olgan. 

Shoir dastlab Respublika kitobsevarlar jamiyati, “Toshkent oqshomi” gazetasi, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, “Tafakkur” jurnali hamda “O‘zbekiston ovozi” gazetasida faoliyat olib borgan. 1998-yildan umrining oxirigacha O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida ishlagan. 

Uning “Tanish teraklar”, “Bulbulga bir gapim bor”, “Iltijo”, “Uyqudagi qiz”, “Halima ena allalari”, “Ishq kemasi”, “Ko‘nglimda bir yor”, “Bevafo ko‘p ekan”, “Erka kiyik”, “Saylanma”, “Biz baxtli bo‘lamiz”, “Osmonimga olib ketaman”, “Ulug‘imsan, Vatanim” singari o‘ndan ortiq she’riy to‘plami o‘zbek adabiyotining oltin merosiga aylangan.

Muhammad Yusuf 2001-yil 47 yoshida vafot etgan.

Davra suhbati davomida shoirning rafiqasi Nazira as-Salom shoirning hayot yo‘li, insoniy fazilatlari, ijod va oiladagi o‘rni haqida to‘xtalib, koʻpchilik bilmagan va eshitmagan voqealarni tadbir ishtirokchilariga batafsil so‘zlab berdi. 

Akademiya ijodkor talabalaridan tuzilgan “Mushoira” klubi a’zolarining she’riy chiqishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Tadbir yakunida mehmonlarga Akademiya rahbariyati va jamoasi nomidan esdalik sovg‘alari topshirildi.

Adabiy uchrashuv qizgʻin, koʻtarinki ruhda oʻz nihoyasiga yetdi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

 

Izoh qoldirish