
Yurtimizda diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasining asosiy prinsiplari
Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda turli sohalar qatori diniy-ma’rifiy yo‘nalishda ham ulkan ijobiy ishlar amalga oshirildi. Yangi O‘zbekistondagi tarixiy ahamiyatga molik islohotlar, Uchinchi Renessans poydevorini qurish yo‘lidagi sa’y-harakatlar sohada ulkan taraqqiyotni yuzaga keltirdi. 2023-yil 30-aprelda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining dastlabki moddasida “O‘zbekiston – dunyoviy davlat” prinsipi mustahkam o‘rin oldi. O‘tgan muddat davomida mazkur tamoyilning mazmunini ochiqlashga ehtiyoj sezildi.
2025-yil 25-fevralda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonuni konstitutsiyaviy tamoyilni amalga tatbiq qilish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
7 bob va 41 moddadan iborat mazkur Konsessiya jamiyatda diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlikni ta’minlashi bilan bir qatorda radikalizm va ekstremizm kabi turli buzg‘unchi g‘oyalardan fuqarolar, xususan, yoshlar ongini asrashga xizmat qiladigan aniq mexanizm vazifasini o‘tashini ta’kidlash o‘rinli.
Uning 7-moddasida sohadagi erishilgan yutuqlar qayd etilgan: “Bugungi kunda O‘zbekiston millatlararo va konfessiyalararo totuvlik amalda ta’minlangan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat sifatida barqaror rivojlanib kelmoqda. Mamlakatda 16 ta konfessiyaga mansub bo‘lgan 2300 dan ortiq diniy tashkilotlar erkin faoliyat yuritmoqda, 130 dan ziyod millatlar va elatlar vakillari istiqomat qilmoqda. Davlat tomonidan 7 tilda ta’lim olish imkoniyati yaratilganligi, 12 tilda teleradiodasturlar efirga uzatilayotganligi, 14 tilda gazeta va jurnallar chop etilayotganligi, 155 ta milliy madaniy markaz erkin faoliyat yuritayotganligi millatlararo totuvlik, dinlararo bag‘rikenglik va hamjihatlik muhitining amaldagi namunasi hisoblanadi”.
Konsepsiyaning uchinchi bobi “O‘zbekiston Respublikasida diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, asosiy vazifalari va prinsiplari”ga bag‘ishlangan bo‘lib, uning 10-moddasida: “O‘zbekiston Respublikasida diniy sohadagi davlat siyosati quyidagi asosiy prinsiplarga tayanadi: qonuniylik, vijdon erkinligi, dinning davlatdan ajratilganligi, tenglik, erkin tanlov, dinlararo muloqot va o‘zaro tushunish” deya belgilangan. Quyida mazkur prinsiplar haqida ma’lumot taqdimot etiladi:
Qonuniylik prinsipi. Qonuniylik – davlat siyosatining asosiy prinsiplaridan biri bo‘lib, u mamlakatda barcha diniy faoliyatning qonunlar asosida amalga oshirilishini nazarda tutadi. Qonuniylikning ta’minlanishi diniy tashkilotlarning davlat ro‘yxatidan o‘tishini va ularning rasmiy huquqiy maqomga ega bo‘lishini talab qiladi. Shu orqali jamiyatda barqarorlik va tartib saqlanadi. Diniy sohada qonuniylik prinsipi davlatning hech bir diniy konfessiyaga ustuvorlik bermasligini va barcha diniy tashkilotlarni teng huquq asosida qabul qilishini anglatadi. Davlat diniy tashkilotlarning faoliyatini tartibga solish orqali ularning mamlakat qonunlariga muvofiq ish olib borishini ta’minlaydi. Shuningdek, qonuniylik prinsipi fuqarolarning vijdon erkinligini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Har bir shaxs o‘z diniy e’tiqodini hech qanday tazyiqsiz amalga oshirish huquqiga ega bo‘lib, bu huquq davlat tomonidan kafolatlanadi va himoya qilinadi.
Vijdon erkinligi prinsipi. Vijdon erkinligi – har bir shaxsning xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqini ta’minlovchi konstitutsiyaviy prinsipdir. Bu tamoyil inson huquqlarining ajralmas qismi bo‘lib, jamiyatda turli e’tiqod va mafkuralarning erkin rivojlanishiga xizmat qiladi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 35-moddasida har kimning vijdon erkinligi huquqi kafolatlangan. Vijdon erkinligi prinsipi fuqarolarning shaxsiy e’tiqodiga hurmat qilish va ularning diniy qarashlarini erkin amalga oshirish imkoniyatini yaratishga qaratilgan. Davlat hech bir din yoki konfessiyaga ustuvorlik bermasdan, barcha fuqarolarning diniy yoki dunyoviy qarashlariga nisbatan teng munosabatda bo‘lishni kafolatlaydi. Shuningdek, diniy tashkilotlarning qonuniy faoliyat yuritishi va fuqarolarning diniy ehtiyojlarini qondirishlari uchun teng shart-sharoitlar yaratiladi. Shuningdek, vijdon erkinligi jamiyatda tinch-totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. Turli e’tiqodlarga ega bo‘lgan insonlar o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitida yashashi uchun davlat diniy erkinlikni himoya qilish bo‘yicha qat’iy chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Bu esa jamiyatda millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Dinning davlatdan ajralganligi prinsipi. Dunyoviy davlatning asosiy tamoyillaridan biri bu – dinning davlatdan ajratilganligidir. Ushbu prinsip davlatning turli dinlarga birdek munosabatda bo‘lishini, hech bir dinga ustuvorlik bermasligini va davlat boshqaruvining faqat qonunchilikka asoslangan holda amalga oshirilishini ta’minlaydi. Bu tamoyilga ko‘ra, davlat hech qanday diniy tashkilotga rasmiy maqom bermaydi va ularning ishiga aralashmaydi. Dinning davlatdan ajralganligi prinsipi, shuningdek, diniy tashkilotlarning davlat siyosiy jarayonlariga ta’sir o‘tkazmasligini ham nazarda tutadi. Davlat boshqaruvi fuqarolarning diniy qarashlaridan qat’i nazar, ularga teng huquqlar va imkoniyatlar yaratishga qaratilgan. Shu sababli, davlat muassasalari, ta’lim tizimi va huquq-tartibot organlari dunyoviylik tamoyili asosida ish yuritadi. Bundan tashqari, davlat din ishlari bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar faoliyatini tartibga solishi mumkin, ammo ularni qo‘llab-quvvatlash yoki moliyalashtirish majburiyatiga ega emas. Bu esa o‘z navbatida, diniy tashkilotlarning mustaqilligini kafolatlaydi va ularning ichki ishlariga davlat tomonidan aralashuvni cheklaydi. Mazkur prinsip jamiyatda diniy bag‘rikenglikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Tenglik prinsipi. Tenglik prinsipi davlatning barcha fuqarolariga, ularning dinga munosabatidan qat’i nazar, bir xil huquq va imkoniyatlar yaratilishini ta’minlaydi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, har bir shaxs irqi, millati, dini yoki ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, teng huquqlarga ega. Bu tamoyil fuqarolarning diniy e’tiqodiga qarab kamsitilishining oldini oladi va jamiyatda barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Diniy sohada tenglik prinsipi davlatning hech bir din yoki konfessiyaga ustuvorlik bermasligini anglatadi. Barcha diniy tashkilotlar bir xil huquqiy maqomga ega bo‘lib, ular davlat ro‘yxatidan o‘tish va faoliyat yuritishda teng imkoniyatlarga ega. Shuningdek, davlat tomonidan diniy tashkilotlarning faoliyatiga teng shart-sharoitlar yaratilishi ta’minlanadi. Shuningdek, tenglik prinsipi fuqarolarning diniy e’tiqodiga qarab davlat xizmatiga qabul qilinishida, ta’lim olishida yoki boshqa ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarda kamsitilishini taqiqlaydi. Bu tamoyil, o‘z navbatida, jamiyatda adolatli muhit yaratish va millatlararo hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Erkin tanlov prinsipi. Erkin tanlov prinsipi har bir shaxsning o‘z diniy e’tiqodini mustaqil ravishda tanlash huquqini ta’minlaydi. Ushbu prinsipga ko‘ra, fuqarolar o‘z xohishiga ko‘ra ma’lum bir dinga e’tiqod qilishi, uning talablariga amal qilishi yoki umuman dinga ishonmaslik huquqiga ega. Davlat hech bir shaxsni majburiy ravishda muayan din yoki e’tiqodga qaratmasligi lozim. Shu bilan birga, erkin tanlov prinsipi diniy ta’lim va ibodat masalalarida ham qo‘llaniladi. Har bir shaxs o‘zini qiziqtirgan diniy ta’limotni o‘rganish, diniy marosimlarda ishtirok etish yoki o‘z e’tiqodiga muvofiq amallar bajarish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Bunda davlatning vazifasi – bu huquqlarni himoya qilish va ularning ta’minlanishiga kafolat berishdan iboratdir. Erkin tanlov prinsipi jamiyatdagi bag‘rikenglik muhitini shakllantirish va diniy plyuralizmni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Har bir shaxsning shaxsiy e’tiqodini hurmat qilish madaniyati jamiyatda tinch-totuvlik va konfessiyalararo hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu boisdan, davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida mazkur prinsipni ta’minlashga katta e’tibor qaratiladi.
Dinlararo muloqot va o‘zaro tushunish. Dinlararo muloqot va o‘zaro tushunish – diniy bag‘rikenglik va jamiyatdagi barqarorlikni ta’minlashda muhim tamoyillardan biridir. Bu prinsip turli konfessiyalar va diniy guruhlar o‘rtasida ochiq muloqot o‘rnatish, o‘zaro hurmat va hamkorlik muhitini shakllantirishni nazarda tutadi. O‘zbekistonda bu yo‘nalishda bir qator tashabbuslar amalga oshirilib, turli diniy konfessiyalar o‘rtasida hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan. Davlat diniy tashkilotlar va jamiyat o‘rtasida muloqotni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi. Bu jarayonda turli konfessiya vakillari uchun uchrashuvlar, konferensiyalar va tadbirlar tashkil etilib, ularning bir-birini yaxshiroq anglashi va hamkorlik qilish imkoniyati yaratiladi. Bu nafaqat diniy bag‘rikenglikni kuchaytiradi, balki millatlararo totuvlikni ham mustahkamlaydi. Shuningdek, dinlararo muloqot xalqaro darajada ham muhim ahamiyatga ega. O‘zbekistondagi turli diniy konfessiyalar vakillari xalqaro anjumanlarda ishtirok etib, dunyo miqyosidagi dinlararo hamkorlikni rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda. Bu, o‘z navbatida, mamlakatning xalqaro nufuzini oshirish va jahon hamjamiyati bilan o‘zaro munosabatlarni mustahkamlashda muhim rol o‘ynaydi.
Xulosa o‘rnida shuni qayd etish zarurki, bugungi globallashuv sharoitida diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlashda davlatning faol ishtiroki talab etiladi. O‘zbekiston Respublikasida vijdon erkinligi va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Dunyoviylik prinsipi mamlakatda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Saidafzal Saidjalolov,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Ijtimoiy fanlar va huquq” kafedrasi dotsenti
Izoh qoldirish