7

Navro‘z – yangi kunni aql va ma’rifat bilan boshlaylik

Bahor sabosi gul chehrasiga yarashar,

Chaman aro dilafro‘z yuziga yarashar

Qish o‘tgach, har so‘z ham yarashmas

Qishni qo‘y, shod bo‘l bugunga yarashar.

(Umar Xayyom)

Bahor nafaqat gul chehrasiga yarashar, balki bahor kelishi biz insonlarga ham yangilanish zavqini beradi. Yangilanish faqat tashqi ko‘rinishda bo‘lmasdan, zotan fikrlarimiz va qalbimiz yangilanishi va poklanishi muhimroqdir. Bahor nafaqat tabiatni, balki inson ruhini ham qaytadan uyg‘otadi, lekin hamma ham bu jarayonga jiddiy qaramaydi. 

Diqqat bilan qarasak, Navro‘z bizga yangi bilim va ma’nolar tomon shahdam qadam tashlash imkonini beradi. Bas shunday ekan, kirib kelgan Navro‘z hayot osmonida hammaga ikki qanot: aql va ma’naviyat hadiya etsin! Bu ikki qanot bizni ma’noli va mazmunli, asl va arzigulik hayot tomon hidoyat qilsin!

Aql bizning yo‘limiz chirog‘i. Ya’ni bu aql izlanadi, tahlil qiladi, tadqiq qiladi, shubha qiladi va ogohlik bilan tanla oladi! Shunaqa aqlki, insonni odob va axloq, nazm va tartib bilan yashashga undaydigan, mudom jazodan qo‘rqadigan aql emas, balki mehribonlikni qadrlaydigan, hamdillikni biladigan, boshqalarga yordami tegadigan, o‘zgani dardini anglaydigan tafakkur...

Lekin inson saodatli yashash uchun aqloniyatni bir o‘zi kamlik qiladi, ma’naviyat ham zarur omil hisoblanadi. Ma’naviyat bu samoviy roz-u niyozlar ma’nosida emas, yoki faqat dinlarga bog‘langan emas, balki hayotning chuqur mavhumini anglashdagi ma’naviyat, birlik va birlashish, ya’ni xursandchilik, ezgulik va ma’no-mazmun bilan xulosa topadigan jihatdir. 

Bu xursandchilik hayotning shaffof lahzalarida joriy bo`lib, ezgulik esa yaxshilik qilishda jilva beradi. Hayotda xursandchilik – bu xafagarchilik madaniyati o‘rniga quvonch bilan yashash madaniyatini o‘rnatish. Shod-u xurramlik lahzalarini gunoh deb bilmasdan, aksincha uni asrab, avaylab, ravnaq toptiradigan muhabbat deb bilaylik. 

Ma’naviyatni ikkinchi bosqichi hayotdagi yaxshiliklardir, ya’ni bilim poyasiga odob va axloq prinsiplari asosida yashash, insonlarni yaxshi ko‘rish va ularning g‘am-tashvishlarini kamaytirishdir. Ma’naviyatni uchinchi bosqichi bu hayotning ma`nosi, ya`ni hayotda ma’no topganingda mohiyatga va asliyatga erishiladi. 

Oldimizga maqsadlar qo‘yaylik. So‘ngra maqsad sari shavq-u zavq bilan uni tahqiq qilishga odim tashlaylik. 

Azizlar, keling shu Navro‘z ayyomida jon-u dil bilan yashaylik, bilim va mehr bilan tafakkur qilaylik, qo`limizdan kelguncha bilim ziyosi, ishq tafti, ozodlik ovozi bor dunyoni yarataylik! 

Navro‘z bayramingiz muborak bolsin!

Nargiza Shoaliyeva,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“O‘zbek va xorijiy tillar” kafedrasi dotsenti

Izoh qoldirish