
Konsepsiyaning oila institutini mustahkamlashdagi ahamiyati
Bugungi kunda jahonda murakkab siyosiy, ijtimoiy tendensiyalar rivojlanib bormoqda. Bu esa har bir demokratik mamlakat kun tartibiga dunyoda kechayotgan tahlikali vaziyatlarni odilona hal etish, jamiyatda sog‘lom muhitni shakllantirishdek dolzarb vazifani qo‘yadi. Jumladan, kundan-kunga rivojlanib borayotgan aksiologik muammolarni bartaraf etish ham suveren mamlakatlar siyosatining asosiy masalalaridan biriga aylanmoqda.
Yangilanib borayotgan O‘zbekistonda mustaqil demokratik tamoyillarni mustahkamlash uchun aniq dasturlarni ishlab chiqish talab etiladi. Shu o‘rinda ijtimoiy sohani qo‘llab-quvvatlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash borasidagi islohotlar shular jumlasidandir. Bu borada vijdon erkinligi va diniy tashkilotlarni to‘g‘ri tashkil etish va faoliyatini odilona baholashni yangi bosqichga olib chiqish ahamiyatlidir.
Xususan, 2025-yil 25-fevralda O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi” davlatning sohaga doir islohotlarining keyingi bosqichini belgilab berdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Konsepsiya 7 bob va 41 ta bandni o‘z ichiga olib, har bir bandda vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati borasidagi asosiy masalalarga urg‘u berilgan va aniqlashtirilgan. Hujjatning “O‘zbekiston Respublikasida diniy sohada davlat siyosatining maqsadi, asosiy vazifalari va prinsiplari” deb nomlanuvchi 3-bobining 10-bandida O‘zbekiston Respublikasida diniy sohada davlat siyosati qanday asosiy prinsiplarga tayanishi keltirib o‘tilgan. Ular quyidagi:
– Qonuniylik;
– vijdon erkinligi;
– dinning davlatdan ajratilganligi;
– tenglik;
– erkin tanlov;
– dinlararo muloqot va o‘zaro tushunish kabi prinsiplarni nazarda tutadi.
Albatta, prinsiplarning aniq belgilanishi vijdon erkinligi va diniy sohada davlat siyosatini amalga oshirishning tayanch tamoyili hisoblanadi. Shuningdek, konsepsiyada belgilangan har bir prinsipga bandlar asosida aniq ta’rif berib o‘tilganligi e’tiborlidir. Unga ko‘ra,
11. Qonuniylik prinsipiga muvofiq diniy sohadagi davlat siyosati Konstitutsiyaga va qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi. Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari tomonidan qabul qilingan qarorlarning Konstitutsiyaga va qonunchilik hujjatlariga zid bo‘lmasligi ta’minlanadi.
12. Vijdon erkinligi prinsipiga binoan O‘zbekiston Respublikasida barcha shaxslar uchun din va e’tiqod erkinligi kafolatlanadi. Fuqarolar xohlagan dinga e’tiqod qilish, e’tiqodni o‘zgartirish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqidan erkin foydalanadi. Diniy qarashlarni yoki dinga e’tiqod qilmaslikni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Fuqarolarning huquqlarini ularning muayyan diniy ta’limotga munosabatiga qarab cheklashga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita ustunlik berishga, ularning diniy e’tiqodi mavjud yoki mavjud emasligi bilan bog‘liq his-tuyg‘ularini haqoratlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
13. Dinning davlatdan ajratilganligi prinsipi diniy tashkilotlar va davlat organlari o‘zaro bir-birining faoliyatiga aralashmasligi, davlat diniy tashkilotlar zimmasiga davlatning biror-bir vazifalarini yuklamasligi, diniy tashkilotlarning davlat funksiyalarini amalga oshirishiga yo‘l qo‘ymasligiga oid qoidalarni nazarda tutadi. Ushbu prinsip diniy qarashlardan qat’i nazar, konstitutsiyaviy huquqiy tizim (huquq normalari va ularni qo‘llash), demokratiya, dunyoviylik, erkinlik, tenglik, insonparvarlik, ijtimoiy adolat va birdamlik, inson huquqlari g‘oyalariga tayanadi.
14. Tenglik prinsipiga muvofiq, fuqarolar jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi va ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar, qonun oldida teng bo‘lib, bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘ladi. Fuqarolarga biror-bir dinga e’tiqod qilishi yoki e’tiqod qilmasligidan kelib chiqib imtiyozlar berishga yoki ulardan mahrum qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Qonunlar diniy e’tiqodidan yoki biror-bir dinga e’tiqod qilmasligidan qat’i nazar, barcha fuqarolarga nisbatan bir xilda qo‘llaniladi.
15. Erkin tanlov prinsipiga ko‘ra, fuqaro dinga, dinga e’tiqod qilishga yoki e’tiqod qilmaslikka, ibodatlarda, diniy rasm-rusumlar va marosimlarda ishtirok etishga yoki ishtirok etmaslikka, diniy ta’lim olishga nisbatan o‘z munosabatini belgilayotganda uni u yoki bu tarzda majburlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
16. Dinlararo muloqot va o‘zaro tushunish prinsipi asosida turli dinlarga e’tiqod qiladigan yoki biror-bir dinga e’tiqod qilmaydigan fuqarolar, turli konfessiyalarga oid tashkilotlar o‘zaro diniy bag‘rikenglik, murosa, hurmat va o‘zaro tushunish asosida muloqot o‘rnatadi. Davlat turli dinlarga e’tiqod qiladigan yoki hech qanday dinga e’tiqod qilmaydigan fuqarolar, turli konfessiyalarga mansub diniy tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro murosa va hurmat, bag‘rikenglik ruhi o‘rnatilishini ta’minlaydi, radikallashuvga, ekstremizmga, terrorizmga, turli dinlarga mansub aqidalarni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yishga va keskinlashtirishga, shu asosda fuqarolar totuvligini buzishga, turli konfessiyalar ichida va boshqa konfessiyalar o‘rtasida adovat qo‘zg‘atishga qaratilgan xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaydi”.
Qayd etish lozimki, vijdon erkinligini ta’minlash va diniy masalalarda davlat siyosatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish – jamiyatning eng asosiy bo‘g‘ini hisoblangan – oila instituti faoliyatiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Xususan, mamlakatimiz dunyoviy mamlakat bo‘lib, shu bilan bir qatorda oila va unga oid munosabatlarni rivoji bevosita asriy qadriyatlarimiz hisoblangan – milliy-diniy qadriyatlar orqali shakllanib kelgan. Bu borada oilalarning mustahkamligi uni tashkil etuvchi a’zolari ya’ni er va xotin munosabatlarining o‘zaro mehr-muhabbat, ishonch va tengilikka asoslanganligiga ko‘p jihatdan bog‘liq.
Konsepsiyaning “Dunyoviy davlatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari va mexanizmlari” deb nomlanuvchi 6-bobida mamlakatning asosiy yo‘nalishlaridan biri – ta’lim yo‘nalishida dunyoviylikni ta’minlash bandi orqali xotin-qizlarning ta’lim olishi uchun keng shart-sharoitlar yaratish hamda ularni ilm-fanga faol jalb etish orqali ularning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini oshirish to‘g‘risida so‘z boradi. Xususan, shu bobning nikoh institutini tartibga solish yo‘nalishida oila institutini tashkil etishda – dunyoviylik prinsipini to‘g‘ri qo‘llash va munosabatlarda o‘zaro hamjihatlikka erishish maqsad qilingan bo‘lib, uni bir necha bandlar asosida asoslab berishga erishilgan.
32. Nikoh institutini tartibga solish yo‘nalishidagi dunyoviylik bu — nikoh munosabatlarini huquqiy jihatdan tartibga solishda fuqarolarning huquq va erkinliklariga, fuqarolik va oila to‘g‘risidagi qonunchilikka tayanishdir.
33. Nikoh institutini tartibga solish yo‘nalishidagi dunyoviylikni ta’minlashning asosiy mexanizmlari quyidagilardan iborat:
– nikoh institutini tartibga soluvchi huquqiy normalarning dunyoviy qadriyatlarga asoslanishi;
– nikoh O‘zbekiston xalqining an’anaviy oilaviy qadriyatlariga, nikohlanuvchilarning ixtiyoriy roziligiga va teng huquqliligiga asoslanishini ta’minlash;
– nikoh tuzishga doir diniy marosimning faqat nikoh qonunda belgilangan tartibda qayd etilganidan keyingina amalga oshirilishini ta’minlash;
– ikki yoki undan ortiq xotin yoxud ikki yoki undan ortiq er bilan er-xotin bo‘lib yashashni targ‘ib qilishni cheklash choralarini ko‘rish;
– jamiyatda shakllangan va amaldagi qonunchilikka asoslangan an’anaviy nikoh munosabatlarini, milliy qadriyatlar va udumlarni qo‘llab-quvvatlash.
Albatta, nikoh institutini tashkil etishda bo‘lajak er va xotin munosabatlarining o‘zaro mehr-muhabbat, qadriyatlarga muvofiqligiga alohida e’tibor berish lozim. Negaki, oila – jamiyatning asosiy bo‘g‘ini hamda qadriyatlarni avloddan-avlodga o‘tib, rivojlanishidagi asosiy vosita hisoblanadi. Konsepsiyaning alohida bandida nikoh va oila munosabatlariga doir qoidalarning kiritilganligi uning bugungi kundagi rolini asoslashda muhim qadam bo‘la oladi.
Xulosa qilib aytganda, “O‘zbekiston Respublikasida vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi”ning qabul qilinishi nafaqat diniy sohadagi davlat siyosatini aniq belgilanishi, shuningdek, kelgusida oila institutini mustahkamlash, unda er-xotin munosabatlarini muvofiqlashtirishda ming yillik qadriyatlarning ahamiyatini oshirishda muhim hujjat bo‘lib xizmat qiladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oilaga “Ibratli oila – ibratli va adolatli jamiyat uchun asos bo‘ladi” deb baho berishlarining, uning qiymatini yuksak darajada ekanligiga yana bir asos deb olishimiz mumkin.
Mohira Jumaniyazova,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Ijtimoiy fanlar va huquq” kafedrasi o‘qituvchisi
Izoh qoldirish