59

Ipak yoʻli yo‘nalishlaridagi siyosiy-iqtisodiy va tarixiy jarayonlar dinamikasi: ilk davlatlardan buyuk imperiyalargacha

Avval xabar berganimizdek, yurtimizda “Ipak yoʻli: turizm prizmasi orqali hamkorlik” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Mazkur anjuman O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti va boshqa hamkor tashkilotlar tomonidan tashkil etildi.

Anjumandan ko‘zlangan maqsadi Ipak yo‘li yo‘nalishidagi davlatlar o‘rtasida fikr almashish va tajriba orttirish, umumiy makonda turizmni rivojlantirish uchun yagona strategiyani shakllantirish va o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini mustahkamlashdan iborat. Konferensiya zamonaviy dunyoda duch kelayotgan dolzarb muammolarni muhokama qilish maydoni bo‘lib xizmat qiladi.

Konferensiyaning ikkinchi kuni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida turli sho‘balarga bo‘lingan holda davom etdi.

Akademiyada o‘tkazilgan “Ipak yoʻli yo‘nalishlaridagi siyosiy-iqtisodiy va tarixiy jarayonlar dinamikasi: ilk davlatlardan buyuk imperiyalargacha” mavzusidagi konferensiyani rector maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev hamda O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi huzuridagi Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i Alim Muxitdinov tabrik so‘zi bilan ochib berdilar. 

Anjumanni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi mudiri Olim Astanakulov hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Yelena Gordeyeva olib bordi.

Konferensiyada Yaponiyaning Soka universiteti faxriy doktori, sanʼatshunoslik fanlari doktori, professor, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Akbar Hakimov, Janubiy Florida universiteti Muma biznes kolleji mehmonxona biznesi va turizm menejmenti maktabi doktorantura koordinatori (AQSH) Fayzan Ali, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekiston xalqaro islom professori, iqtisod fanlari doktori Nurislom To‘xliyev, Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti dekani, falsafa doktori (PhD) Habibullo Sadibaqosev, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti dotsenti, iqtisod fanlari doktori (Misr Arab Respublikasi) Muhammad Balbaa, Qozog‘iston Respublikasi M.X.Dulati nomidagi Taraz hududiy universiteti dotsenti, PhD Albina Maqsutova, Xitoy xalq Respublikasi Aniq va ijtimoiy fanlar universiteti asoschisi va xalqaro bo‘lim boshlig‘i Cheng Veng, olim va tadqiqotchilar, taniqli davlat va jamoat arboblari, soha mutaxassislari hamda oliy ta’lim muassalari vakillari ishtirok etdi.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti “Ipak yo‘lining tarixiy-madaniy merosi: dolzarb muammolar va tadqiqot istiqbollari” mavzusida konferensiya davom etdi. 

Konferensiyada “Ipak yo‘li sharq va g‘arb madaniyatlarining global fenomeni sifatida: xalqaro turizmni rivojlantirish uchun imkoniyatlar”, “Ipak yo‘li destinatsiyalari uchun global turizm tendensiyalaridan foydalanish”, “Ipak yo‘li tiklanishining turizm imkoniyatlari: Yevroosiyo mamlakatlari hamkorligining tarixiy tajribasi va zamonaviy istiqbollari”, “Yaponiyaning transport tizimlari va ularning Ipak yo‘li yo‘nalishida xalqaro turizm rivojlanishiga qo‘shgan hissasi”, “Siyosiy-iqtisodiy o‘zgarishlar va ularning Ipak yo‘li bo‘ylab turistlar xavfsizligiga ta’siri”, “Markaziy Osiyo tarixi bo‘yicha o‘rta asr manbalari – ularning muhimligi va ahamiyati”, “Bir makon, bir yo‘l” SHHT mamlakatlarida xalqaro turizmni rivojlantirishning strategik platformasi sifatida”, “Dafn marosimlari va Shimoliy Baqtriya qadimgi jamoalarining ijtimoiy tabaqalanishini qayta tiklash muammolari” kabi mavzulardagi ma’ruzalari tinglandi. 

Mashhur “Buyuk Ipak yoʻli” karvon yoʻlini Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi aloqalarning koʻp asrlik timsoli deb atash mumkin. Qitʼalararo yoʻl 10 ming kilometrga choʻzilgan va Sharq mamlakatlarini Oʻrtayer dengizi bilan birlashtiruvchi bo‘gʻinga aylangan. Buyuk Ipak yoʻli miloddan avvalgi II asrdan qariyb eramizning XV asrigacha faoliyat koʻrsatgan. Shubhasiz, Ipak yoʻli orqali nafaqat nodir tovarlar olib oʻtilgan, balki bilim, madaniyat, texnologiya almashinuvi, diplomatik aloqalar ham amalga oshirilgan.

Oradan necha asrlar oʻtib, bugun dunyoda yangi tarix, yangi xalqaro vaziyat yuzaga kelmoqda. Markaziy Osiyoning roli yana tarix sahnasiga qaytmoqda. Bu jarayonlar, tabiiyki, Oʻzbekistondan tashabbuskorlikni talab qilmoqda va bu Prezidentimizning uzoqni koʻzlagan diplomatik strategiyasida oʻz ifodasini topmoqda. Chunki bugungi Oʻzbekiston yangi Buyuk ipak yoʻli markazida joylashgan qudratli, demografik, tarixiy-madaniy aloqalar, geosiyosiy, iqtisodiy jihatdan juda muhim va ishonchli davlatga aylangan.

Eng asosiysi, Oʻzbekiston bugungi kunda ochiq tashqi siyosat yuritmoqda. Bu ochiqlik Oʻzbekistonga yangi dunyoda oʻzaro bogʻliqlikni ilgari surish uchun katta imkoniyat, ishonch beradi. 

Konferensiya davomida so‘zga chiqqanlar tomonidan turizm sohasidagi bu kabi hamkorlik barcha uchun foydali bo‘lishi, O‘zbekiston o‘zining ko‘plab tarixiy-me’moriy yodgorliklari bilan butun dunyo diqqatini o‘ziga tortayotgani, Buyuk ipak yo‘lining chorrahasida joylashgan mamlakatimiz madaniyat, tarix, an’ana va ekzotik mamlakatlarga qiziquvchilar uchun maftunkor sayyohlik yo‘nalishlaridan biriga aylanayotganini e’tirof etdilar.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish