63

Mehr-muruvvat va xayr-saxovat bayrami

Xalqimizning muqaddas eʼtiqodi – islom tinchlik, maʼrifat va mehr-muruvvat dini sifatida barcha insonlarni ezgulikka, yaxshilikka daʼvat qilib kelmoqda. Ayniqsa, uning qadriyatlari va fazilatlari hayit kunlarida oʻzgacha fayz bilan qalblarimizni munavvar etadi. Zero, iyd Qurbon kunlarida kasalmand, muhtoj kishilar, keksalar holidan xabar olib, ularning koʻnglini koʻtarish, yor-u birodarlar, qavm-u qarindoshlarni ziyorat qilish, hayitliklar ulashish ulugʻ savobli amallardan hisoblanadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil 11-iyun kuni “Muborak Qurbon hayitini nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilingani ushbu ayyomning xalqimiz maʼnaviy hayotidagi oʻrni va ahamiyati naqadar yuksakligidan dalolat beradi. Bu yangi Oʻzbekistonda milliy-diniy qadriyatlarimizni saqlash va ulugʻlash, hamjihatlik va mehr-oqibatni mustahkamlashga munosib eʼtiborning amaldagi tasdigʻidir. 

Mamlakatimizda Qurbon hayitining birinchi kuni – 16-iyun dam olish kuni deb belgilandi va bayram sifatida keng nishonlanadi.

Ushbu hayitning yana bir yaxshi tomoni shundaki, bunda qurbonlik qilinadi. Diniy manbalardan maʼlum boʻlishicha, Allohning paygʻambarlaridan Ibrohim alayhissalom suyukli farzandlari Ismoil alayhissalomni qurbonlik qilayotganlarini tushlarida koʻradilar. Sahobalardan Abdulloh ibn Abbosning aytishlaricha, barcha paygʻambarlarning koʻrgan tushlari vahiydir. Shuning uchun ham Ibrohim alayhissalom tushlarida berilgan farmonning oʻzi bilanoq oʻgʻillari Ismoil alayhissalomni qurbon qilishga chogʻlandilar va oʻgʻillari ham toʻla rozilik bilan Allohning amriga boʻysundilar... Bu haqda Qurʼoni karimdagi “Soffot” surasining 101-110-oyatlarida batafsil bayon etilgan.

Muhimi, Ibrohim va Ismoil paygʻambarlar Allohning amriga itoat etib, koʻp ajr-u savobga hamda beqiyos mukofotga sazovor boʻlishdi. Ular bu sinovdan keyin mehr-oqibat va imon-ishonchda yanada sobitqadam boʻldilar. Yana bir eʼtiborli jihati shuki, parvardigori olam Ibrohim alayhissalomga farzandni keksaygan paytlarida ato etgan. Maʼlumki, qariganda koʻrgan farzand ota-onaga juda suyukli boʻladi. Ismoil paygʻambar 13-14 yoshga toʻlganlarida Alloh taolo uni qurbonlik qilishni amr etgan. Suyukli farzand Ismoil alayhissalom ham hech qanday qarshilik va eʼtiroz bildirmay, Yaratganning irodasiga boʻysundilar. 

Alloh taolo Ismoil alayhissalom evaziga katta bir qurbonlikni baxshida etdi. Shundan keyin Qurbon hayiti kunlarida yaxshi niyatlar bilan qoʻy, echki, tuya yoki mol soʻyib bajariladigan qurbonlik xayrli amallardan biriga aylandi.

Ibrohim va Ismoil alayhissalom qissalarida ota va bola, umuman, insonlar oʻrtasidagi nozik rishta hisoblanmish mehr-oqibat toʻgʻrisida soʻz yuritilgan. INSON deya atalmish xilqatni aziz-mukarram qilib yaratgan Parvardigori olam uning qalbiga avvalo mehrni solgan. Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning hadislarida “Rahmdillarga Rahmon rahm qiladi. Siz Yerdagilarga mehribon boʻlsangiz, sizga Osmondagi mehribon boʻladi”, deb marhamat qilganlar. Rasuli akram Rahmon va Rahim kabi Allohning ulugʻ sifatlari nafaqat insoniyatga, balki butun mavjudotga qaratilganini taʼkidlaganlar. Jumladan, tashna itga suv berib jannatga musharraf boʻlgan fohisha ayol yoki mushukni qamab, uni ochlikdan oʻldirgani uchun doʻzaxiy boʻlgan mehrsiz ayol haqidagi paygʻambarimiz xabarlari buning yaqqol isbotidir.

Qurbon hayitida nafaqat mehr-muruvvat, balki xayr-saxovat ham koʻrsatiladi. Oʻziga toʻq, zakot berishga qodir boʻlgan kishilar qurbonlik soʻyish bilan Alloh oldidagi ibodatlarini bajaradilar. Muhtojlarga tarqatilgan qurbonlik goʻshtlari insonning moli va umriga baraka beradi. Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom “Inson uchun Qurbon hayiti kuni Alloh yoʻlida qon chiqarish (qurbonlik qilish)dan ham sevimli va maqbulroq amal yoʻqdir. Qurbonlikning qoni yerga tushmasdan oldin (bu ibodat) Alloh dargohida qabul boʻladi. Bas, shunday ekan qurbonlik qilish bilan dillaringizni xushnud eting”, deb marhamat qilganlar.

Bunday muborak kunlarda yetimlar, nogironlar, yolgʻiz keksalar holidan xabar olish, ularga xayr-saxovat koʻrsatish katta savobli amallardan sanaladi. Bu borada Navoiy hazratlarining shunday misralari bor: 

Har kishi koʻngli buzuqning xotirin shod aylagay,

Oncha borkim Kaʼba vayron boʻlsa obod aylagay.

Hayit kunlarida har qanday urush-janjallar toʻxtatilgan. Insonlar oʻrtasidagi adovat, araz, gina-kuduratlar unutilgan. Bu esa kishilar qalbida bir biriga nisbatan mehr, muruvvat, oqibat kabi fazilatlarning joʻsh urushiga sabab boʻlgan. Fikrimizni quyidagi rivoyat bilan muxtasar qilmoqchimiz. Paygʻambarimiz davrlarida sahobalardan biri nihoyatda kambagʻal, muhtoj holda yashardi. Hattoki, biron bir kimsaga xayr-saxovat koʻrsatishdan ojiz edi. Bir kuni kechqurun haligi sahoba: “Parvardigorim, menga zulm qilgan kishilarni kechirdim, ularga hech qanday gina-kuduratim yoʻq, mana shuni xayr-ehson sifatida qabul qilishingni soʻrayman”, debdi. Ertasiga esa paygʻambarimiz oʻsha sahobaga “Qilgan ehsoning Allohning huzurida qabul boʻlibdi”, deya xushxabarni yetkazibdilar. 

Koʻrinib turibdiki, Qurbon hayiti insonlar orasini isloh etish, ular oʻrtasida mehr-oqibat rishtalarini bogʻlash bilan bir qatorda xayr-saxovat mehr-muruvvat koʻrsatishga chorlovchi ulugʻ bayramlardan biri sanaladi.

Neʼmatullo Muhamedov,

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi mudiri, tarix fanlari doktori

Izoh qoldirish