555

Ona yurt fidoyisi

Insoniyat tarixida o‘chmas iz qoldirgan ajdodlarimiz ko‘p. Ularning har biri millatimiz rivojiga ma’lum ma’noda hissa qo‘shgan.

Mahmudxo‘ja Behbudiy ham ana shunday yorqin siymolardan biri.

Ma’rifatchilik harakatining yirik namoyandasi, milliy jumhuriyat g‘oyasining asoschilaridan biri, yangi maktab nazariyotchisi, mohir pedagog, o‘zbek dramaturgiyasini boshlab bergan birinchi dramaturg, teatrchi, noshir va jurnalist Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va ijodi, uning bosib o‘tgan ibratli yo‘li haqida o‘z davrida yozilgan matbuot sahifalaridan bilish mumkin. Jumladan, XX asrning 20-yillarida Sadriddin Ayniy, Hoji Muin Shukrullo, Laziz Azizzoda kabi zamondoshlari tomonidan bir qator maqolalar yozilgan. Behbudiy tarjimai holini yoritishda keyinchalik Solih Qosimov, Ahmad Aliyev, Naim Karimov, Begali Qosimov, Sirojiddin Ahmedov, Sherali Turdiyev, Ulug‘bek Dolimov, Shuhrat Rizayev, Bahodir Karimov, Nurboy Jabborov, Zaynobiddin Abdurashidov kabi o‘nlab jadidshunos olimlarimiz tomonidan amalga oshirilgan ilmiy tadqiqot ishlarining ahamiyati kattadir.

Ma’lumotlarda keltirilishicha, 1875-yilning 19-yanvarida Samarqandning Baxshitepa qishlog‘ida tavallud topgan Mahmudxo‘janing 1894-yilga kelib, imom-xatiblik bilan shug‘illanib kelayotgan otasi vafot etadi. Yosh Mahmudxo‘ja tog‘asi – qozi Muhammad Siddiq qo‘lida tarbiya topadi. Avval Samarqandda, keyin Buxoroda tahsil oladi. Dunyoqarashining shakllanishida Rusiya jadidchilik harakatining asoschisi Ismoilbek Gaspiralining xizmati katta bo‘ladi. Ustoz va shogirdlik an’analari keyinchalik samimiy do‘stlikka aylanadi. Behbudiy o‘z xotiralarida I.Gaspirali bilan uchrashuvlarini o‘ziga xos ixlos va muhabbat bilan esga oladi.

Behbudiy shariatning yuksak maqomlari – qozi, mufti darajasigacha ko‘tarilib, 1899-1900-yillarda haj safarini ado etadi. U 1908-yilda Samarqanddagi hovlisida maktab ochib, o‘quvchilarga ta’lim beradi. Millat bolalarini taraqqiy topgan shaharlarga o‘qishga yuborish g‘oyalarini ilgari suradi va bunga erishadi. 1903-1904-yillarda Moskva va Peterburgga, 1906-yilda Qozon va Ufa kabi shaharlarga sayohat uyushtiradi.

Mahmudxo‘ja Behbudiy shuningdek, jamiyat, millatni uyg‘otishda matbuotning o‘rnini nihoyatda yuqori baholaydi va shu bois ham u 1913-yilga kelib matbuot ishlari bilan jiddiy shug‘ullana boshlaydi. Jumladan, u 1913-yilning aprelidan boshlab “Samarqand” gazetasini, yana shu yili 20-avgustdan “Oyna” jurnalini tashkil etib, unga muharrirlik qiladi. Bu jurnal ma’rifat va ma’naviyat tarqatishda asosiy o‘ringa ega bo‘ladi. Unda millat va uning haq-huquqlariga daxldor bo‘lgan turli dolzarb masalalarga bag‘ishlangan turkum tanqidiy-tahliliy maqolalarning doimiy tarzda chop etilishi Mahmudxo‘ja Behbudiy jasoratining birgina ko‘rinishini belgilaydi. Tillarning o‘zaro munosabatiga bag‘ishlangan “Til masalasi” maqolasi yoki adabiy tanqidga katta o‘rin berilgan “Tanqid saralamoqdur” maqolasi ana shunday dolzarb maqolalardir. Bir so‘z bilan aytganda, muallif shu yo‘l orqali ijtimoiy tuzum tufayli vujudga kelgan har qanday illatlarni yo‘q qilish imkonini izlaydi. Shu yo‘l orqali xalqini ziyoli va savodli qilishni, qullik, savodsizlik va milliy yopiqlikdan ozod etish, jahon hamjamiyati bilan birgalikda qadam tashlash va rivojlanishni istaydi.

Mahmudxo‘ja Behbudiy undan tashqari “Nashriyoti Behbudiy” nomli o‘zining xususiy nashriyotini tashkil etib, unda turli darslik va o‘quv qo‘llanmalar, badiiy asarlar, xususan, Fitratning “Bayonati sayyohi hindi” asarining ruscha nashrini chop etadi. O‘zi muallifligida qator darsliklar tayyorlab, o‘quvchilar e’tiboriga taqdim etadi.

Teatr – ibratxona

U paytlar ma’rifat uchun birgina maktab yoki matbuot kifoya qilmas edi. Millat uchun shunday oyna kerak ediki, unda u o‘z qabohatini ham, malohatini ham ko‘rish imkoniyati bo‘lsin. Munavvarqori Abdurashidxonov ta’biri bilan aytganda, teatr sahnasi barcha tomondan shishalangan xonaga o‘xshar, unga kim kirsa, o‘z go‘zalligi va xunukligini, kamchilik va yutuqlarini ko‘rib, ibrat oladi. Mana shu ehtiyoj va zarurat, aytish mumkinki, Behbudiyni teatr sari boshladi. Uning nazarida teatr – ibratxona misoli gavdalanardi. Shu bois ham u o‘z g‘oyalarini yoyish uchun “usuli jadid”, “usuli savtiya” va matbuotdan tashqari, teatrning o‘rnini favqulodda muhim, deb bildi. “Padarkush” shu tariqa maydonga keldi. Ammo uning uchun bu jarayon oson kechmadi, 1911-yilda yozilgan pesa ming chig‘iriqlardan so‘nggina 1913-yilda nashr etildi. Avval Samarqandda ozarbayjonlik rejissor Ali Asqarov tomonidan 1914-yilning 15-yanvarida, shundan so‘ng 1914-yilning 27-fevralida Abdulla Avloniy tashkil etgan «Turon» teatr truppasi tomonidan Kolizey maydonida ilk bor sahnaga olib chiqildi. Shunday qilib, 1915-yilga kelib teatr truppalarida katta ijtimoiy va axloqiy masalalarni ko‘taradigan, adolatsizlik, zulm, istibdodni fosh qiladigan spektakllar ko‘plab namoyish etiladigan bo‘ldi. Shubhasiz, shular orasida eng ko‘p qo‘yilgan va muxlislar olqishlarga sazovor bo‘lgan asar “Padarkush” bo‘ldi. Darhaqiqat, bu asar – o‘zbek dramachiligining birinchi namunasi. Aslida asar hajman u qadar katta emas, 3 parda, 4 manzaradan iborat. Ammo jaholat va nodonlik botqog‘iga botgan, o‘qimagan bolaning buzuq yo‘llarga kirib, o‘z otasini o‘ldirgani o‘z davrining katta bir milliy fojiasi bo‘ldi. Shunday qilib, Behbudiy “Padarkush”i nafaqat o‘zbek, balki, tatar, ozarbayjon teatr san’ati rivojiga ham katta ta’sir ko‘rsatdi.

E’zoz va ehtirom

Buyuk ma’rifatparvar ajdodlarimizning ibratli hayot yo‘li, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, buyuk ajdodlarimizning betakror va noyob ilmiy-ma’naviy merosi biz uchun doimiy harakatdagi hayotiy dasturga aylanishi kerak. Bu o‘lmas meros hamisha yonimizda bo‘lib, bizga doimo kuch-quvvat va ilhom bag‘ishlashi lozim. Avvalambor, milliy ta’lim tizimini ana shunday ruh bilan sug‘orishimiz kerak. Shu bois ham bugun ko‘plab sohalar qatori, adabiyotimizga, milliy ma’naviyatimiz, ayniqsa ajdodlarimiz merosiga bo‘lgan munosabat yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Buni bobokalonlarimiz Mahmudxo‘ja Behbudiy shaxsiga ko‘rsatilayotgan e’tibor misolida ham aytishimiz mumkin. Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, xalq ozodligi va farovon hayotini ta’minlash yo‘lida fidokorlik ko‘rsatib, milliy ta’lim va tarbiya tizimini yaratishga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ma’rifatparvar bobokalonlarimiz: Abdulla Avloniy, Mahmudxo‘ja Behbudiy va Munavvarqori Abdurashidxonovlarning «Buyuk xizmatlari uchun» ordeniga munosib ko‘rilganligi fikrimiz dalilidir.

O‘ylaymizki, bugun ular nomini abadiylashtirish, haykallar o‘rnatish, hayoti va ijodini chuqur tadqiq etish, asarlarining ilmiy nashrlarini tayyorlash, ularni o‘qish va o‘rgatish, targ‘ib qilish borasida olib borilayotgan ishlar yaqin vaqtlar ichida o‘zining kutilgan samarasini beradi.

 

Shuhrat HAYITOV,

Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori,

adabiyotshunos.

Izoh qoldirish