179

“VII O‘zbekiston gidlar forumi-2024” O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida davom etdi

Turizm hozirda dunyo rivojlanishini harakatlantiruvchi eng asosiy kuchlardan biri hisoblanadi. Mutaxasislarning fikricha turizm XXI asrning eng daromadli sohasiga aylangan. Shuning uchun ham turizm BMT tomonidan qabul qilingan 2030-yilgacha barqaror rivojlantirish dasturining asosiy maqsadlardan biri sifatida belgilangan. Zamonaviy turizmning yo‘nalishlari orasida “ziyorat turizmi” tushunchasi esa turizm industriyasining eng qadimiy va tarixiy turi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.

Ayni paytda yurtimizda Xalqaro gidlar kuniga bag‘ishlangan “VII O‘zbekiston gidlar forumi-2024” davom etmoqda. Forumda 300 dan ortiq xalqaro ishtirokchilar, tajribali gidlar, turizm sohasidagi mutaxassislar, davlat tashkilotlari, fan va ta’lim muassasalari qatorida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi vakillari ham ishtirok etmoqda.

Forum dasturiga muvofiq, bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Ziyorat turizmi: ekskursiya faoliyati uchun mutaxassislar tayyorlashga qo‘yiladigan talablar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi va Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti hamkorligida tashkil etildi.

Forumdan ko‘zlangan maqsad ekskursiya sohasida tajriba va bilim almashish, turizm industriyasining muhim yo‘nalishlaridan birini rivojlantirishning dolzarb masalalari va istiqbollarini muhokama qilish, shuningdek, o‘zbekistonlik va xorijiy hamkorlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashdan iborat. 

Mazkur anjumanda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, Turizm qo‘mitasining Turizm sohasida ta’limni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Jahongir Matkarimov, Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutining ilmiy tadqiqot bo‘limi boshlig‘i Alim Muxitdinov so‘zga chiqib, tadbir ishtirokchilarini samimiy muborakbod etdilar.

Davra suhbatida Turizm qo‘mitasining ichki va chiqish turizmini rivojlantirish va barqaror turizmni rivojlantirish boshqarmasi bosh mutaxassisi Shaxloxon Soliyeva, Qozog‘iston Respublikasi Xalqaro turizm va mehmondo‘stlik universitetining Turizm fakulteti o‘qituvchisi Eliza Narbayeva, Rus pravoslav cherkovi Moskva patriarxiyasi Markaziy Osiyo metropolitan okrugi Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasi madaniyat va sport ishlari boshqarmasi boshlig‘i Igor Fedenko, Toshkent nemis yevangel-lyuteran jamiyati professori Lyudmila Shmidt, Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadiqot instituti ilmiy bo‘limi bosh mutaxassisi, tarix fanlari doktori, professor Shuxrat Muxamedov, “MEGA TOUR” turoperatori Islambek Karimbayev, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi professori, akademik Nurislom Tuxliyev, hamkor tashkilot vakillari, turli konfessiya vakillari, soha mutaxassislari, gid-tarjimonlar, Akademiya prorektorlari, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdilar.  

Davra suhbatida ishtirokchilar tomonidan “Ichki va ziyorat turizmini rivojlantirishning asosiy ko‘rsatkichlari”, “Gidlarni tayyorlashda auditoriyadan tashqari darslarni ziyorat turizmi obyektlarida tashkil etish”, “Ziyorat turizmida gidning o‘rni: kasbiy mahorat va bilimga qo‘yiladigan talablar”, “O‘zbekiston rus pravoslav cherkovining madaniy merosi obyektlari ekskursiya gidlari faoliyatida”, “Zamonaviy O‘zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirishda ilmiy-tadqiqot insitutining o‘rni”, “Ziyorat safarlarining o‘ziga xos xususiyatlari va ularning dolzarb muammolari”, “Zamonaviy turizmda gidning roli: kasbiy muammolar va imkoniyatlar”, “Ziyorat turizmida ekskursiya faoliyati” kabi ma’ruzalar tinglandi. Davra suhbatini O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi mudiri Olim Astanakulov olib bordi.

Ma’lumki, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ziyorat turizmini yanada rivojlantirish masalalari yangi bosqichga ko‘tarildi. Bugungi kunda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi faoliyat ko‘rsatib, unda mazkur soha bo‘yicha talaba-yoshlar saboq olib kelmoqda. Shuningdek, Akademiya hududida muqaddas qadamjolar – Shayx Xovandi Tohur, To‘labek (Qaldirg‘ochbek) hamda Yunusxon maqbaralari mavjud. Mazkur ziyoratgohlarga keluvchilar soni yanada ortib bormoqda.

Muhokamalar davomida O‘zbekiston ichki turizmini rivojlantirishning strategik rejasini shakllantirish, ziyorat turizmini rivojlantirish, turizm industriyasi rivojlanish istiqbollari masalalari yoritib berildi. Xalqaro turizm rivojlanishining zamonaviy tendensiyalari, xalqaro mehmonxonalar tizimining turizmning rivojlanishidagi ahamiyatiga oid axborotlar ham taqdim etildi. 

– Mamlatimizda ziyorat turizmini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda, –  deydi Turizm qo‘mitasining ichki va chiqish turizmini rivojlantirish va barqaror turizmni rivojlantirish boshqarmasi bosh mutaxassisi Shaxloxon Soliyeva. – Jumladan, Qo‘mitamiz tomonidan “Tabarruk ziyorat” platformasi ishlab chiqilib, unda turkiy davlatlarning ziyoratgohlari haqida ma’lumot joylashtirildi. 

Bugungi kunda yurtimizda 1200 dan ortiq ziyoratgoh mavjud. Ichki turizmni rivojlantirish borasida ham rejalarga egamiz. Bu yil 10 millionga yaqin xorijiy sayyohlarning tashrifini rejalashtiryapmiz. Ularning 30 foizdan ko‘pi ziyorat turizmiga taalluqli bo‘ladi. Yana bir loyida “Naqshbandiya pirlari” turizmi halqasi Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridagi ziyoratgohlarini birlashtiruvchi tizim ishlab chiqildi. Bu ham ziyorat turizmini rivojlantirishdagi yana bir qadam bo‘ladi.

Hamkor tashkilotlar bilan ilmiy va amaliy aloqalarni kuchaytirish borasida fikrlar almashilib, qizg‘in va munozaralarga boy bo‘lgan davra suhbati barcha ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Anjumanda O‘zbekistonda ziyorat turizmining yagona brendini yaratish masalalari, ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha hududlarning dolzarb muammolari va tajribasi muhokama qilindi. Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan ziyorat turizmi – madaniyatlararo almashinuv va bag‘rikenglikni mustahkamlash sohasi sifatida ko‘rib chiqildi.

Ma’ruzalardan so‘ng bildirilgan mavzular yuzasidan savol-javoblar o‘tkazildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

 

Izoh qoldirish