265

Vatan ishqini qalbiga jo etgan Bobur

Oʻzbek mumtoz ijodkorlar merosini tahlil qilar ekanmiz, ular asarlarida oʻziga xoslikni, ruhiy olamida betakrorlik, badiiy ifodada jozibadorlikni oʻy-kechinmalar uygʻunligida badiiy mushohada asosida adabiyotga olib kirganining guvohi boʻlamiz. 

Xususan, Mahmud Qoshgʻariy turkiy tilning lugʻat boyligini badiiy-ifodaviy uslubda yoritsa, Yusuf Xos Hojib axloqiy qarashlarini falsafiy mushohada asosida, Alisher Navoiy insoniy tuygʻularning yuksaklikka qadalgan qirralarini “komil inson” siymosi orqali, Zahiriddin Muhammad Bobur esa insoniy dardni Vatan ishqi, yurt vasfi vobastaligida bera olgan. Bu badiiy ijodning asrlar osha umrboqiy boʻlishiga olib kelgan. 

Inchunin, har bir adib ijodida insoniylikning yuksak qadriyatlari turli jilolar asosida boʻy koʻrsatganini koʻrish, anglash mumkin. Darhaqiqat, mumtoz ijodkorlar merosi ulkan bir xazinaki, unda insoniylikning xilma-xil jilolaridan bahramand boʻlish imkonini beradi. 

Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi ham ana shunday betakror ijod namunasidirki, unda shoh va shoirlikni uygʻunlashtira olgan ulugʻ siymoni koʻramiz. Xususan, siyosiy arbob Javoharlal Neru taʼrifi bilan aytganda: “Bobur – dilbar shaxs, Uygʻonish davrining yorqin hukmdori, mard va tadbirkor odam boʻlgan. U sanʼatni, adabiyotni sevardi, hayotdan huzur qilishni yaxshi koʻrardi”, deb eʼtirof etgan edi. 

Darhaqiqat, Boburda yuksak hayotsevarlik bilan birga, ruhi uygʻoq mahzun bir shoh siymosi gavlanadi. Uning shohligi shoirligida, shoirligi esa shohligida koʻrinadi. Buni ijodkor lirik merosiga olib kirgan nozik insoniy kechinmalar orqali bilish mumkin. Shoh sifatida yurtdan ayrolik, toj-taxt kurashlarda atrofdagi insonlarning xiyonati hamda bevafoligidan tortgan azoblari va umrining soʻnggigacha Vatan sogʻinchi bilan yashashi uning sheʼriyatiga koʻchganini koʻramiz. Bobur shoh boʻlsa-da, ammo oʻzga yurtlarda bir gʻarib gadodek, ruhan yolgʻiz, koʻngil malhami boʻlguvchi dardkashi yoʻqligini quyidagi misrlardan anglash mumkin: 

Koʻpdin berikim, yoru diyorim yoʻqtur,

Bir lahzayu bir nafas qarorim yoʻqtur.

Keldim bu sori oʻz ixtiyorim birla,

Lekin borurimda ixtiyorim yoʻqtur.

Bobur sheʼriyatining mavzusi xilma-xil va rang-barangki, unda ishq-muhabbat, sevgi-sadoqat, visol va hijron mavzusidan tortib, ona yurt sogʻinchi, uni qalban qoʻmsash, uning tuprogʻiga talpinish va visol ilinji, taqdir zarbalari va turmush uqubatlari hamda zamona nosozliklaridan azob chekish kabi insoniy kechinmalar badiiy tahlil etilgan. Chunonchi, shoir adolatparvarlik, insonparvarlik tuygʻularini insoniy kechinmalar uygʻunligida ifodalar ekan, taqdir sinovlari, hayot qiyinchiliklaridan mashaqqat chekkani, dard yukiga asir boʻlganini quyidagicha talqin etadi:

Charxning men koʻrmagan jabr-u jafosi qoldimu?!

Xasta koʻnglum chekmagan dard-u balosi qoldimu?!

Bobur lirikasi ana shunday insoniy fazilatlar, ezgu sifatlarga boy, sodda va samimiydir. Shoir lirik misralaridagi nozik ifodani bilish shoir olamini anglash tuygʻusini beradi. Albatta, inson oliy xilqat, uning umri aziz va qadrlidir. Umrni gʻanimat bilish esa, odamni insoniy sifatlar bilan yashashga chorlaydi:

Ahbob, yigʻilmoqni farogʻat tutungiz!

Jamiyatingiz borini davlat tutungiz!

Chun gardishi charx budurur, Tengri uchun,

Bir-birni necha kuni gʻanimat tutungiz!

Chindan ham, shoir lirik misralarida Vatan tuygʻusini qalbga jo etgan otashnafas ijodkor sifatida gavdalanadi. Uning Vatanga muhabbati shunchaki emas, balki ona yurtdan ayrolik, hayot sinovlaridan toblanish asosida yuzaga kelgan samimiy tuygʻulardir. Bu samimiy hislar kitobxonga yurtni sevish, uni asrash, qadrlash tuygʻusini beradi. Mana oʻsha mashhur ruboiysida shunday yozadi:

Toleʼ yoʻqi jonimgʻa baloligʻ boʻldi,

Har ishniki, ayladim – xatoligʻ boʻldi.

Oʻz yerni qoʻyib, Hind sori yuzlandim,

Yo Rab, netayin, ne yuz qaroligʻ boʻldi?!

Oʻz ona diyoridan mosuvolik shoir qalbini hamisha iztirobga solgan. Balki shu armon yuki shoir qalamini charxlagan, ijodini hayotbaxshligini taʼminlagan boʻlsa, ne ajab.

Umuman olganda, Zahiriddin Muhammad Bobur merosi yuksak badiiy saviyada yozilgan ijod namunasi sifatida oʻzbek mumtoz adabiyotida beqiyos oʻringa egadir. Uning betakror merosi insoniylik, vatanparvarlik, ezgulikdan saboq beradi, maʼnaviy tarbiyalaydi. Binobarin, shoir ijodining markazida ham inson, uning kamoloti, yaxshilik asosida umr kechirishi, vatanparvalik tuygʻusi ila yashashga doir yuksak gʻoyalar targʻibi tashkil etadi. 

Bunday tuygʻu bilan yashash esa, hamisha insonni yetuklikka, kamolotga chorlaydi. Zero, maʼnaviy yetuklik buyuk ijodkorlarning yuksak gʻoyalariga ergashishda koʻrinadi.

Lola Azimova,

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Oʻzbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi katta oʻqituvchisi,

filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori

Izoh qoldirish