195

Musulmon donishmandlar kengashi qanday tashkilot?

Butun dunyoda, xususan islom olamida tinchlikni oʻrnatish, hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, musulmonlar ehtiyojini taʼminlash va ummat birdamligini mustahkamlash yoʻlida xalqaro islomiy tashkilotlar faoliyat olib boradi. Mana shunday nufuzli muassasalardan biri Musulmon donishmandlar kengashi hisoblanadi.

Musulmon donishmandlar kengashi mustaqil xalqaro tashkilot boʻlib, u 2014-yilda Birlashgan Arab Amirliklari Abu Dabi shahrida tashkil topgan.

Misr Arab Respublikasi Bosh imomi, al-Azhar majmuasi rahbari, Shayx Ahmad Toyyib Kengashga raislik qiladi, Muhammad Abdussalom esa uning bosh kotibi hisoblanadi.

Kengash nomi arab tilida “مجلس حكماء المسلمين”, oʻzbek tilida esa “Musulmon donishmandlar kengashi” deb yuritiladi.

Tashkilotning asosiy maqsadlari musulmon olamida tinchlikni targʻib qilish, nizolarni birgalikda hal etish va bagʻrikenglikni taʼminlashdan iborat. Shuningdek, ilm va olimlarni qadrlaydigan, oʻzaro muloqotni mustahkamlaydigan, bagʻrikenglik hamda boshqalarga hurmatni qoʻllab-quvvatlaydigan farovon jamiyat barpo etishdir.

Kengashning maqsad va vazifalari:

Adolat, tinchlik va xavfsizlikni qaror toptirish;

Taʼlim-tarbiya, odob-ahloq va maʼnaviy fazilatlarni targʻib etish;

Yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro hurmat kabi islomiy qadriyatlarni yoyish;

Ayol-qizlar va yoshlar haq-huquqlarini taʼminlash; 

Ulamolar qadrini oshirish va xalqlarning din peshvolariga boʻlgan ishonchini oshirish;

Turli din vakillari oʻrtasida mehr-oqibatni mustahkamlash, doʻstona munosabatlarni ragʻbatlantirish;

Ziddiyat va kelishmovchiliklarning asl sabablarini aniqlash va muloajasini qilish;

Ekstremizm, zoʻravonlik va tarafkashlikka qarshi kurashish;

Islomiy tushunchalar, xususan, sharʼiy istilohlarni izohlash, ularni notoʻgʻri talqin qiladigan xatti-harakatlarga murosasiz boʻlish;

Yoshlarning ehtiyojlariga mos keladigan uslublarni ishlab chiqish, kelajak avlodni hamjihatlik ruhida tarbiyalash va zulm-zoʻravonlik kayfiyatini yoʻqotish;

Korrupsiyaning oldini olish va osoyishtalikni mustahkamlash uchun doimiy chora-tadbirlar qoʻllash;

Tinchlik, adolat, bagʻrikenglik va tenglikni targʻib qilish yoʻnalishida dunyoning nufuzli idoralari bilan hamkorlik qilish.

Kengash boshqaruvi va aʼzolari

Mazkur maqsad va vazifalarni amalga oshirishda ulamolarning oʻrnini oshirish, ularning tajriba va mavqelaridan foydalanish ustuvor masala hisoblanadi.

Kengash boshqaruvi aʼzoligiga oʻzining serqirra faoliyati bilan obroʻ-eʼtiborga erishgan musulmon olimlari va ekspertlari jalb qilinadi. Kengash oʻz faoliyatini boshqarish va muhim masalalarni muhokama qilishda mustaqil qaror chiqaradi.

Ayni vaqtda Kengash quyidagi aʼzolardan tashkil topgan:

🔸 Shayx Abdulloh ibn Bayya, BAAning Fatvo kengashi rahbari va Abu Dabi tinchlik forumi raisi (Mavritaniya).

🔸 Gʻozi bin Muhammad bin Talal, Iordaniya Qirol al-Bayt islomiy tafakkur jamgʻarmasi Vasiylar kengashi raisi (Iordaniya).

🔸 Professor doktor Hasan ash-Shofeiy, Al-Azhar huzuridagi yirik ulamolar kengashi aʼzosi, Misr Arab Respublikasi Arab tili akademiyasi raisi (Misr Arab Respublikasi) 

🔸 Shayxulislom Allohshukur Poshozoda, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi (Ozarbayjon)

🔸 Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy (Oʻzbekiston)

🔸 Professor doktor Muhammad Quraysh Shihob, Indoneziya din ishlari boʻyicha sobiq vaziri (Indoneziya)

🔸 Professor doktor Abdulloh Nassif, Saudiya Arabistonidagi Islom olami uyushmasi sobiq bosh kotibi (Saudiya Arabistoni)

🔸 Shayx Abdurahmon bin Muhammad bin Roshid al-Xalifa, Bahrayn Islom ishlari boʻyicha oliy kengash prezidenti (Bahrayn)

🔸 Professor doktor Mustafo Benhamza, Marokash Oliy ilmiy kengashi aʼzosi (Marokash)

🔸 Shayx Sharif Ibrohim Solih al-Husayniy, Nigeriya Islom ishlari boʻyicha Oliy Kengash Fatvo boshqarmasi raisi (Nigeriya)

🔸 Professor doktor Qutb Sano, Gvineya davlati Din ishlari vaziri (Gvineya)

🔸 Shayx Sayyid Ali al-Amin, Livan davlati vakili (Livan)

🔸 Doktor Zulkifl bin Muhammad al-Bakriy, Malayziya Vaqf ishlari vaziri (Malayziya)

🔸 Shayx Ahmad an-Nur Muhammad al-Hilu, Chad davlati bosh muftiysi (Chad)

🔸 Doktor Ahmad Abdulaziz Haddod, Islom fiqhi akademiyasi aʼzosi (BAA)

🔸 Mahamadu Issufu, Nigeriya vakili (Nigeriya)

 Alloh taolo Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining mazkur kengashga aʼzoliklari davomida Islom dini ravnaqi va moʻmin-musulmonlar farovonligi yoʻlida munosib xizmat qilishlarini muvaffaq aylasin.

Izoh qoldirish