Nazariy bilimlar va amaliy ko‘nikmalar yanada mustahkamlanmoqda
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida amaliy mashg‘ulotimiz haqidagi taassurotlarimizni sizlar bilan boʻlishish niyatidamiz!
Qoʻlyozma va toshbosma asarlarni oʻqishga koʻzlarimiz ko‘nika boshlagach, bu ajoyib va sirli maskanning turli boʻlimlarida ish jarayonlarini oʻrganishga shoʻngʻib ketdik. “Qoʻlyozmalar fondi”, “Restavratsiya”, “Skanerlash”, “Kataloglashtirish” kabi boʻlimlarda navbat bilan amaliy tajriba oshiryapmiz. Ayniqsa, fondda mutaxassislar nazoratida qoʻlimizga ilk bor oʻrta asr qoʻlyozmasini tutgan holda, dastlabki amaliyotlarni bajarish oʻziga xos masʼuliyat, hayajon va faxr tuygʻusini taqdim etdi.
Amaliyotchilarning sohaga doir bilimlarini oshirishga oʻz hissasini qoʻshish tashabbusi bilan chiqqan ustozlarni borligi biz uchun ham ibrat maktabi boʻldi. Shunday mutaxassislardan biri insitut yetakchi ilmiy xodimi falsafa fanlari doktori (PhD) Qahramon Yakubov boʻldilar. Maʼruzaga oliy taʼlimdagi turdosh tashkilotlardan jami 30 dan ortiq amaliyotchilar yigʻildik.
Ular bizga oʻz tadqiqot ishlari asosida “Xiva xonligi hujjatshunosligi” mavzusida maʼruza qilib berdilar. Maʼruza biz kutganimizdek, anaʼaviy shaklda boʻlmadi. Qisman nazariy lekin asosiy qismi talabalar bilan amaliy koʻrinishda oʻtgan maʼruza barcha ishtirokchilarni qiziqishini oʻziga jalb qildi. Aynan shu maʼruzadan keyin oʻquv jarayonidagi maʼruza bilan mutaxassisning ilmiy maʼruzasi oʻrtasida katta farq mavjudligini yaqqol koʻrdik. Shuningdek, darsning koʻproq amaliy tarzda olib borilgani, biz talabalarga oliygohda olayotgan bilim va koʻnikmalarimizni amalda qoʻllash uchun imkon yaratdi, qiziqishimizni yanada oshirdi.
Maʼruza asosan, tarixiy hujjatning XIX asrga oid shaklini tahlil qilish, hujjatning bugungi kundagi muqobili bilan qiyosiy oʻrganish va mohiyatini anglashga qaratilgan edi.
Ammo amaliy qismda Xorazm hujjatshunosligiga oid “Vaqfnoma”ni oʻqish natijasida hujjatshunoslikdan tashqari boshqa sohalarga oid maʼlumotlarga ham ega boʻldik. Hatto birgina tarixiy hujjat boʻlmish vaqfnomani oʻrgana turib uni tarix, tilshunoslik, islom huquqshunosligi kabi sohalarga ham taalluqli ekanini angladik.
Hujjatlar haqida eshitgansiz. Lekin ularning bitim, arznoma, qarznoma, farmon, yorliqlar, vasiqa, vaqfnoma kabi turlari borligini bilarmidingiz?
Bularning barchasi tarixiy hujjatlar hisoblanib, ularning 30 dan ortiq turlari mavjud ekan. Maʼruzaning amaliy qismida ushbu hujjatlardan aynan “Vaqfnoma”ni koʻrib chiqdik. Ushbu mavzudan olgan bilimlarimiz asosida keyinroq alohida batafsil maʼlumot yozamiz.
Ayrim bilimlar borki, ularni oʻqib emas, amalda, tajribada kasb qilib olinadi. Shunday ekan, bir necha soat davom etgan ushbu maʼruzadagi bilimlar bir necha yillar, hatto umrimiz davomida bizga yoʻldosh boʻlib qolishi shubhasiz! Bunga sababchi boʻlgan, Institut ilmiy xodimi Qahramon Yakubovga maʼruzada ishtirok etgan barcha talabalar nomidan chuqur minnatdorchiligimizni bildiramiz!
Amaliyot davrida Institutdagi ustozlardan qancha koʻp bilim olishimiz zarurligini kun sayin chuqurroq anglab boryapmiz!
Ayniqsa, “Manbashunoslik”, “Islomshunoslik” va “Restavratsiya” boʻlimlari xodimlarining faoliyati ham bizda katta qiziqish uygʻotmoqda. Shu bois, yaxshi niyat bilan ushbu boʻlim xodimlari yordamida sohamizga doir bilimlarni yanada kengaytirish bizga nasib etsin degan umiddamiz.
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Islomshunoslik” yoʻnalishi 2-bosqich talabalari
Izoh qoldirish