59

Mantiqsiz uydirmalar munosabatlarimizga raxna soladi

MUNOSABAT

Soʻnggi kunlarda OAV va internet global tarmogʻida tarixchi, imperiyachi va monarxiyachi Mixail Smolin tomonidan yangragan goʻyoki oʻzbeklar, ozarbayjonlar va qozoqlar hech qachon mavjud boʻlmagani, inqilobdan keyin bu millatlar sunʼiy tarzda paydo qilingani haqidagi safsata jonajon Vatanimiz va turkiy tilli qardoshlarimizning keng jamoatchiligini qattiq larzaga soldi.

Smolin va u kabi fikr bildiruvchilarning xatti-harakatlari, oʻylab-oʻylamay soʻz aytishlarini nafaqat bizga nisbatan katta haqorat, balki Rossiya davlatining mavqeyiga chaplangan katta dogʻ sifatida baholash mumkin. Negaki, bunday fikrlar aytish bilan doʻst davlatning ayrim fuqarolari oʻz yurtining agressiya tarafdori boʻlishini istashayotganini koʻrsatib beradi. Bundan chiqishlardan kutilayotgan maqsad har qanaqa jihatdan ham mantiqsizlikdir, aslida. Shu bilan bir qatorda, bu strategik hamkor davlatlarning xalqaro darajada bir-birining suverenitetini tan olganligi haqidagi kelishuvlarga nisbatan ishonchsizlikdir.

Shu oʻrinda ushbu haqoratli fikrlar boʻyicha savol qoʻyadigan boʻlsak, unda oʻzbek, ozarbayjon va qozoq xalqlari qaysi asoslarga koʻra tashkil etildi? Ular qaysi asoslarga tayanib nomlandi? Bu savollarning oʻziyoq “yasama” tarixchining salohiyati haminqadarligini yana bir bor ochib beradi.

Agar tarixiy manbalarga murojaat qiladigan boʻlsak, oʻzbek nomi XIII asrda vujudga kelganini koʻrishimiz mumkin. Buni Dashti Qipchoqda yashovchi qabilalarga nisbatan arab manbalarida oʻzbek nomi ishlatilgani tasdiqlaydi.

Tarix fanlari doktori, professor Shamsiddin Kamoliddinning ilmiy tadqiqotlariga koʻra, XVI-XVIII asrlarda Gʻarbiy Yevropada nashr etilgan dunyoning siyosiy xaritalarida Oʻrta Osiyo hududlari “Usbek”, (“Usbec”, “Uzbeck”, “Vsbek”), “Usbekia” (“Uzbechia”), uning ayrim qismlari esa “Usbek Bucharia”, “Usbek Bochara” “Usbek Chowaresmia”, “Usbek Mawaralnahra”, “Usbek Turkistan”, “Usbek Turan”, “Usbek Tataria”, “Us-bek Zagatay” singari nomlar bilan atalgan. “Usbeck”, “Usbekia” va “Oʻzbegistan” kabi nomlar bilan atalgan tarixiy xaritalar jami 200 dan koʻp. Bu xaritalar shundan dalolat beradiki, “Oʻzbekiston” atamasi 1924-yilda ruslar tomonidan oʻylab topilgan emas, u Oʻrta asrlarda Yevropaning siyosiy va tarixiy-geografik tizimida ishlatilgan.

Yevropaliklar tomonidan Oʻrta Osiyo mintaqasining XVI-XVIII asrlarda nashr etilgan xaritalari ichida yunon sayohatchisi Vasilio Vatatzining 1732-yilda Londonda chop qilingan “Kaspiy dengizi va Orol dengizi xaritasi” alohida ahamiyatga ega. Orol dengizidan boshlab Pomir togʻlariga qadar hududlarni oʻz ichiga oluvchi Amudaryo havzasidagi barcha yerlar xaritada “OZMПE-ГISTAN”, yaʼni “Oʻzbekiston mamlakati” deb koʻrsatilgan. Daniyalik xaritashunos Abraxam Maasning Sankt-Peterburgda chizilgan “Kaspiy dengizi va Oʻzbek mamlakati xaritasi”da esa bugungi kunda mamlakatimiz joylashgan mintaqa hududi “Usbekia” toponimi bilan koʻrsatilgan. Bu xarita muallifi Rossiya hukmdori Petr I davrida Rossiya Fanlar akademiyasi Rus geografik jamiyatining kartografik boʻlimi boshligʻi sifatida xizmat qilgan vaqtda ishlab chiqilgan.

Tarixiy manbalardagi maʼlumotlarni yozma manbalarda keltirilgan dalillar ham tasdiqlaydi. Masalan, safaviylar sulolasiga mansub Eron shohi Tahmasp I (1524-1576) Movarounnahrda joylashgan Shayboniylar davlatini “Oʻzbekiston” deb atagan. 1562-yilda ispan tarixchisi Garsiya da Orta Oʻrta Osiyoda joylashgan “Oʻzbek mamlakati” haqida soʻz yuritgan. XVII asrda Buxoro shahrida yashab ijod qilgan Turdi Farogʻiy oʻzining oʻzbek va fors tilida bitilgan sheʼrlarida oʻz mamlakatini “Oʻzbek yurti” va “Oʻzbekiston” deb atagan.

Ushbu ilmiy tadqiqotlar natijasida olingan maʼlumotlar shovinist Mixail Smolin tomonidan aytilgan “oʻzbeklar, qozoqlar va ozarbayjonlar hech qachon mavjud boʻlmagan, inqilobdan keyin Leninning panohida volyuntaristik tarzda xaritalarni oʻzgartirishlan boshlandi, RSFR parchalandi, undan yasama millatlar yasaldi”, degan iddaolar zamiri puch ekanligini roʻyirost ochib beradi.

Agar shaxsiy fikrlar ostida qadimgi davrlarda turkiy qabilalar Sibirdan Oʻrta Yer dengizigacha boʻlgan hududda yashagani haqidagi tarixiy haqiqatlarni soʻzlasak va va hududiy daʼvolarni ilgari sursak, Smolinda ham bir hozir his qilayotgan tuygʻular uygʻonishi tabiiy. Bugun oʻzaro hamjihat boʻlgan, bir-birining yaxshi-yomon kunida yelkadosh boʻlgan xalqlar orasiga bunday tarzda nifoq solish haqiqiy Vatan xoinining xatti-harakatidir, nazarimizda. Bunday vaziyatda rus ilmiy jamoatchiligi va tarixchilari tomonidan tarixiy haqiqatlarning asl mohiyati boricha ochib berilishi hamda Smolin kabi fikrlovchilarga barcha xalqlar tarixi va qadriyatlarini hurmat qilishga chaqiruvchlar yangrashi kerak. Nafrat tuygʻularining uygʻonmasligi uchun ham bu ishga amalga oshirishi maqsadga muvofiq.

Shaxsiy fikr niqobi ostida yirik telekanallar orqali yangrayotgan bu kabi qarashlar va bayonotlar xalqlarimizning asliy qadriyatlariga mutlaqo zid boʻlib, bunday chiqishlar zamirida yotgan maqsadlar barchani birdek sergak torttiradi. Ishonchimiz komilki, niyati sof boʻlmagan kimsalarning bu taxlit yangragan turli igʻvoli fikrlari Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi strategik hamkorlik, doʻstona munosabatlar va oʻzaro ishonch asosiga qurilgan mustahkam rishtalarga daxl qila olmaydi.

Ayni vaqtda Rus knyazliklarini Oltin Oʻrda zulmidan ozod qilgan buyuk sarkarda Amir Temur kabi uzoqni koʻzlab, hissiyotga berilmasdan, mantiqqa tayanib qaror qabul qilish barcha uchun manfaatli boʻladi. Smolin esa Tretyakovskiy cherkovi muzeyida saqlanayotgan Bibi Maryam ikonasi tarixini chuqurroq oʻrganib chiqsa, vijdoni oldida qanday mashaqqat turganini koʻproq anglagan boʻlardi.

Nodir JUMAYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor

Manba: “Xalq so‘zi” gazetasi 2024-yil 26-yanvar, 20-son

Izoh qoldirish